O‘zbekiston | 16:10 / 19.07.2020
15806
13 daqiqa o‘qiladi

Hukumat yoshlar bilan ishlashda nega davlat tashkiloti tizimini tanladi? - Alisher Sa'dullayev bilan suhbat (1-qism)

Shu yilning 30 iyun kuni O‘zbekistonda Yoshlar ishlari agentligi tashkil qilindi. Bu agentlik endilikda yoshlarga oid davlat siyosatini belgilaydigan va uni yuritadigan mas'ul organ bo‘lishi kutilmoqda.

Qiziq jihati, O‘zbekiston mustaqilligining dastlabki yillaridan boshlab to bugungi kunga qadar yoshlar tashkilotlari Nodavlat tashkiloti sifatida ishlab kelgan. Masalan, Yoshlar ittifoqi (1991-1996 yy.), «Kamolot» jamg‘armasi (1996-2001), «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati (2001-2017), O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi (2017 yilda tashkil etilgan. Keyingi faoliyati noma'lum).

Nomlari sanalgan bu tashkilotlar tuzilmasiga ko‘ra nodavlat tashkilot bo‘lgani bilan ularning faoliyati davlat tomonidan moliyalashtirilar va hukumat buyurtmasini bajarar edi. Shu bilan birga, ushbu tashkilotlar ma'lum darajada mustaqil organ sifatida millionlab yoshlarni o‘z atrofida birlashtira olgan. O‘zini-o‘zi mustaqil idora qiluvchi NNT sifatida esa ma'muriy buyruqbozliklardan ham xoli edi.

2017 yilda prezident Mirziyoyev «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati Qurultoyida ishtirok etdi va yoshlar masalalariga bag‘ishlangan nutq so‘zladi. Unda prezident O‘zbekistonda yoshlar masalasiga oid turli muammolar yig‘ilib qolganini tanqid ostiga oldi. Yig‘ilish davomida prezident taklifi bilan «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati tugatilib, uning o‘rnida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashkil qilindi.

Bu tashkilotga bir qancha huquqiy asos va moliyaviy ko‘mak evaziga (yillik 200 mlrd. so‘m budjet) yoshlarning yig‘ilib qolgan o‘sha muammolarini yechish vazifasi ishonildi. Ammo ko‘rib turibmizki, oradan 3 yil o‘tib endi yoshlar masalasiga oid boshqa bir  yangi tuzilma tashkil qilindi.

Xo‘sh, hukumat endilikda nega yoshlar masalasi bilan o‘zi to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlamoqchi? Bu O‘zbekistondagi yoshlarni qiynayotgan ishsizlik, ta'lim bilan qamrab olish, iqtisodiy kam ta'minlanganlik, huquqiy ongning yetarli emasligi, jinoyatchilik va ortib borayotgan oilaviy ajrimlar kabi qator muammolarga yechim bo‘ladimi? Umuman, yangi davlat organi tuzish muammolarning eng to‘g‘ri yechimimi?

Kun.uz muxbiri yangi agentlik rahbari Alisher Sa'dullayev bilan intervyu uyushtirdi va shu kabi savollarga javob izladi.

— Alisher, yoshlar siyosatini yuritadigan yangi organ tuzilishiga qanday sabablar bor edi? Va, umuman, bu yoshlar muammolarini hal qilishda eng to‘g‘ri yechimmi, sizningcha?

     — Biz yoshlarga oid davlat siyosati haqida gapiryapmiz. Davlat siyosatini esa nodavlat tashkilot yuritishi to‘g‘ri yo‘l emas.

Yoshlarga oid davlat siyosati bu juda keng qamrovli tushuncha. Bu eng muhimi yoshlarning roziligi. «Ular nima xohlaydi o‘zi?» degan savol bizda eng muhimi bo‘lib turgan.

Ko‘pchilik yoshlar nima uchun yoshlar tashkilotlari o‘zgaraveradi, buni bizga nima ta'siri bor, degan savolni beradi. Biz buni o‘rganib boramiz. Lekin bizni eng ko‘p qiynaydigan muammo bu yoshlarning ishsizligi. Juda ko‘p yoshlarni qiynaydigan masala bu.

Nodavlat notijorat tashkiloti buni qanchalik hal qila oladi va davlat tashkiloti qanchalik hal qila oladi? Bularning o‘rtasida katta farq bor.

Siz nodavlat notijorat tashkiloti kuchsizlantirilib davlat tashkilotiga kuch berilyapti, dedingiz. Agentlik bo‘yicha prezident farmonida esa yoshlar ishlari bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan yoki shu sohada loyihalarni amalga oshirmoqchi bo‘lgan tashkilotlarga aynan agentlik grantlar ajratishi belgilangan.

Endi NNTlar ko‘payadi. Ular bitta bo‘lmaydi. Har bir hudud va har bir tumanni ichiga kirib, o‘sha hududlar ixtisoslashuvidan kelib chiqib ishlanadi.

Masalan, Qo‘shrabot tumanida mayiz tayyorlash jarayonida mayizni cho‘pidan ajratgani uchun kuniga 50 ming so‘m maosh oladigan oilalar bor. Ularni bu ish uchun o‘qitishgan, grantlar berishgan. Davlat buni tahlil qilib, pastgacha ko‘rmagan bo‘lishi mumkin,  lekin NNTlar ko‘rgan. Bizning maqsad ularni qo‘llab-quvvatlash, kuchsizlantirish emas.

Nimaga davlat organi bizga kerak? Biz ko‘plab rivojlangan davlatlar tizimini ko‘rib chiqdik. Ularda ham yoshlarga oid davlat siyosatini yurituvchi alohida organ bor. Masalan, Turkiyada Yoshlar va sport vazirligi, Singapurda Mahalla va yoshlar vazirligi, Ozarboyjonda sport va yoshlar vazirligi, Rossiyada Federal yoshlar agentligi va Birlashgan Arab amirliklarida ham alohida yoshlar vazirligi bor.

Xuddi shunday 60 foiz aholisini yoshlar tashkil etuvchi davlat uchun bu organ juda muhim. Bu eng birinchi navbatda ularni manfaatini himoya qilish uchun ham kerak.

Bunda ishsizlik, sharoiti og‘ir tumanlarda yashaydigan yoshlar uchun imkoniyatlar yaratish, imkoniyati cheklangan yoshlarga turli yordamlar ko‘rsatish yoki alohida nazoratdagi yoshlar bilan ishlash masalalariga e'tibor qaratiladi.

— Demak, bu agentlik barcha masalalarda qolgan vazirliklar bilan teng imkoniyatda ish olib boradi…

— Judayam yaqin hamkorlikda ishlaydi. Kecha bir ma'lumot o‘qidim, unga ko‘ra, bizda har yili 450 mingga yaqin bola maktabni tamomlaydi. Bu yoshlardan 230 mingi o‘zini yo‘lini topib oladi. Masalan, o‘qishga kiradi, ishga joylashadi. Lekin bizda undan tashqari yana 200 mingdan ko‘proq bitiruvchi bor. Bu yoshlar ishsiz qolib ketyapti. Bizda o‘sha 200 mingdan ko‘proq yoshlar bilan nima qilinadi, degan savol bor.

Shuning uchun ham, biz birinchi navbatda Xalq ta'limi tizimidagi bitiruvchilar bilan nima qilamiz, Oliy ta'limdagi yoshlar bilan nima qilamiz degan masalalarni hal qilishimiz kerak. Keyingi o‘rinda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan nima qilamiz degan masalani ham aniqlashtirib olishimiz kerak.

Kecha Xalq ta'limi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga o‘zaro hamkorlikda maktab bitiruvchilarini kasbga tayyorlash uchun yangi darsliklar ishlab chiqarish masalasi topshirildi. Bu darslik uchun tanlov e'lon qilindi. Tanlov uchun 20 mlrd so‘m jamg‘arma ajratildi hamda uni Moliya vazirligi to‘lab beradigan bo‘ldi. Uning maqsadi yoshlarni yangi kasblarga o‘rgatish. Bu turli kasblar orasida tanlangan 20 ta kasb bo‘ladi. Ular maktab o‘quvchilariga o‘rgatiladi. Bu darslik uchun tanlov ochiq tanlov shaklida o‘tadi. Men sohada tajribasi bor yoshlarni unda qatnashishga taklif qilaman.

Ikkinchidan, men ishsiz yoshlarimiz ko‘p dedim. Bu ayniqsa pandemiya davrida ko‘payib ketdi. To‘g‘ri biz yoshlarni ish bilan ta'minlash borasida juda ko‘p gapiryapmiz. Lekin bozor talablariga qarasak, yaxshi tadbirkor uchun salohiyatli mutaxassislar kerak. Yaxshi mutaxassislar uchun esa yaxshi oylik kerak.

Biz mana shu ikki talabni bir nuqtada kesishtirish uchun harakat qilyapmiz. Yaqinda prezident bir yig‘ilishda aytdiki, yoshlar bilan ishlashda har bir tumanni o‘z malakasiga e'tibor qaratish kerak. Qaysi tumanda yoshlarni qaysi sohaga yo‘naltirsak uning kelajagi to‘g‘ri yo‘nalishga tushadi.

Oddiy misol: Chortoq tumani misolida buni tahlil qildik. Bu tumanda deylik, turizm, asalarichilik va adirdagi issiqxonalar o‘sish sohalari. Demak, kadrlar ham endi shu sohalarda ko‘proq yetishtiriladi.

Biz buni oldindan tahlil qilib, shunga qarab kadr yetishtirishimiz kerak. Agar buni qilmasak, yana malakaviy nomutanosiblik yuzaga keladi. Ya'ni, talab bor kadr yo‘q, kadr bor talab yo‘q.

— Yoshlar ishlari agentligi oldida ishsiz yoshlar masalasiga e'tibor qaratish birinchi o‘rindagi vazifa, deyapsiz. Ayting-chi, hozir bizda ayni paytdagi ishsiz yoshlar soni qancha va deylik keyingi 5 yillikda ular uchun qancha ish o‘rinlar yaratiladi. Yoshlarga ish o‘rni yaratish bo‘yicha qisqa va uzoq muddatli aniq strategiya bormi?

— Bu strategiyalar bo‘yicha menda hozir aniq ma'lumotlar yo‘q. Lekin biz shuni tahlil qilishni boshladik. Ya'ni, siz aytganingizdek, bu masalani biz uch qismga bo‘ldik. Shunga ko‘ra, biz hozir ahvol qanday, qisqa muddatda va 5 yillikda qanday bo‘lishini ayta olamiz.

Buning uchun bizga ikkita asosiy ma'lumotlar kerak bo‘lyapti. Bular: birinchisi har yilgi bitiruvchilar soniga qarab aniqlab olish. Bizda avvallari bunday ma'lumot bilan ishlanmagan.

Ikkinchisi, 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan, lekin oliy ta'lim muassasasini yoki ta'lim muassasasini bitirgan va hozirda ishsizlar.

Hozirda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda shu bo‘yicha umumiy baza yaratyapmiz.

Biz siz aytgan va hali yo‘q bo‘lgan bazani ishlab chiqyapmiz.

 — Agentlik o‘z oldiga qanday loyihalarni reja qilib olyapti? Rejadagi birinchi loyiha haqida ham ma'lumot bersangiz?

 — Agentlikni birinchi loyihasi yoshlar hayotiga ijobiy ta'sir ko‘rsatadigan ish sifatida boshlanishi kerak. Shunday bo‘lmasa, yoshlarni ishontirish qiyin bo‘ladi.

Shuning uchun birinchi loyihada biz respublikadagi eng og‘ir 14 ta tumanlarni tanlab olamiz. Ularni ahvoli o‘zim, jamoam bilan borib o‘rganaman. Biz o‘sha hududlarda yashab ko‘ramiz.

Biz bu jarayonda o‘sha hududda yoshlar manfatiga zid ishlar, yoki ularning hayotini rivojlantirishi mumkin bo‘lgan loyihalarni o‘rganamiz.

Bunda yoshlarni ishga joylashtirish, muammolarini hal qilish, o‘qishiga ko‘maklashish, umuman, barcha muammolari o‘rganiladi va hal qilinadi. Ya'ni, yoshlar siyosati o‘zi qanday bo‘lishi kerak degan gapning isbotini ko‘rsatib berishimiz kerak.

Mana shu loyiha davomida ishlarimizni ikki qismga bo‘lib olganmiz. Bunda birinchi guruh iqtidorli yoshlar bilan ikkinchisi alohida e'tiborga muhtoj yoshlar bilan ishlaydi.

Bu orqali katta bir muammoga ham yechim topiladi. Masalan, avvallari juda ko‘p xalqaro olimpiadalarga maktab yoki oliy ta'lim muassasalari talabalari moddiy imkoniyati yetmagani sababligina borolmay qolardi.

Endilikda agentlikda shunday imkoniyat bo‘lmoqdaki, biz iqtidorli yoshlarni xalqaro olimpiadalar, konferensiyalar va boshqa nufuzli tadbirlarga yuboramiz. Biz ularni moliyaviy qo‘llab quvvatlaymiz.

Bu orqali shuningdek, O‘zbekistondagi iqtidorli yoshlar bazasi shakllanadi. Ya'ni, yaxshi bir kadr 8-sinfida kim bo‘lgan, 22 yoshda kim bo‘lgan. Uni rivojlanish bosqichlari bazasi bizda bo‘ladi.

Biz yuqorida alohida e'tiborga muhtoj yoshlar haqida gapirdik. Ularga nimalar qilib bera olishimizni ham o‘rganyapmiz. Masalan, nechta OTMda imkoniyati cheklangan yoshlarning bemalol harakatlanishi uchun sharoitlar qilingan. Ular erkin yura oladimi binoning ichida? Zinalardan chiqish uchun sharoitlar yaratilganmi?

Yoki farzandli yosh onalarimiz bor. Ularni farzandlariga qarash uchun universitetlarda xorijiy tajribada bo‘lgani kabi alohida xonalar qilinganmi?

Biz juda ko‘p tumanlarni o‘rganib chiqdik. Ya'ni, bu o‘rganishlarda shu narsa aniq bo‘ldiki, ba'zi bir tumanlarda 2-3 yillab qizlar OTMga o‘qishga kirmagan. O‘sha tumanlarda qizlar nega OTMga kirmayapti? Ularni ham qo‘llab quvvatlaymiz. Repetitor bo‘lsa repetitor, yoki maktabda sharoit bo‘lmasa maktabida sharoit yaratamiz.

Agentlikning vazifasi davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan masalalarni joyiga qo‘yib, yechib berish bo‘ladi.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin. 

Ilyos Safarov suhbatlashdi

Mavzuga oid

E`lonlar