O‘zbekiston | 12:59 / 08.12.2020
11066
5 daqiqa o‘qiladi

O‘pkani MSKT qildirish narxi nega oshgani o‘rganiladimi?

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Bobur Karimov o‘pkani MSKT qildirish xizmatiga talab oshib, narxlar 400 foizgacha oshib ketganini ta'kidladi. Ammo mas'ullar ushbu vaziyatni hozircha o‘rganmagan.

7 dekabr kuni AOKA binosida tashkil etilgan matbuot anjumanida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Bobur Karimov MSKT (multi-spiral kompyuter tomografiyasi) xizmatiga bo‘lgan talabning oshishi, shuningdek, xizmat haqining 3-4 baravarga ko‘tarilishiga munosabat bildirdi.

U, Kun.uz muxbiri savoliga javob berarkan, mazkur tekshiruvni o‘tkazish uchun Biznes-Ombudsman roziligi olinmaganini ma'lum qildi.

«Tovar bozorlarida monopolist bo‘lsa, biz narxni sun'iy oshirganini bilamiz va ularga tegishli chora ko‘rish nisbatan oson kechadi. Lekin monopolist bo‘lmay, bir nechta o‘zaro raqobatlashayotgan sub'yektlar o‘zaro kelishib, raqobat qilmaslik va narxni oshirishga kelishib olsa, bu holatni isbotlash qiyin. Masalan, pandemiyadan oldin MSKT narxi 100 ming so‘m atrofida bo‘lgan, pandemiya davrida 400 ming so‘mgacha ko‘tarildi. Tadbirkorlar narx oshishini bemorlar soni, pandemiya tufayli xarajatlar ko‘paygani bilan asoslantirmoqda. Iqtisodiy nazariyaga muvofiq, daromad keltiruvchi 100 ming so‘mli narx turibdi, mijoz ko‘paysa, daromadni yanada oshiradi. Shu narsani tekshirish maqsadida Ombudsmanga murojaat qilganda, ulardan rad javobini oldik», — degan Bobur Karimov.

Karimovning ta'kidlashicha, tibbiyot xizmatlar taqdim etuvchi bozor ishtirokchilari o‘zaro kelishgan holda, yoxud mutanosib ravishda narxni oshirgan bo‘lishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilligining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, Antimonopoliya qo‘mitasi tekshiruv o‘tkazish maqsadga muvofiqligi yuzasidan Biznes-Ombudsman xulosasini so‘ragan, qo‘mita esa ushbu organni faqatgina xabardor qilgan holda mustaqil tekshirishlar amalga oshirishi mumkin.

Xulosa so‘rab, murojaat qilgan qo‘mita xati yuzasidan Ombudsman tomonidan tibbiyot muassasalarida o‘pkaning MSKT xizmatlari narxlarining shakllanishi yuzasidan tekshirish o‘tkazishga asoslar yetarli bo‘lmaganligi sababli, ushbu tekshiruvlarni o‘tkazish maqsadga muvofiq emas, degan mazmunda xulosa berilgan.

«Raqobat to‘g‘risida»gi qonunning 11 moddasiga muvofiq, tovar yoki moliya bozorida o‘zaro raqobatlashayotgan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar, shu jumladan potensial raqobatchilar bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar o‘rtasidagi kelishib olingan harakatlar va kelishuvlar taqiqlangan. Shuningdek, moddaning to‘rtinchi qismida ushbu moddada ko‘rsatilgan ta'qiqlar tovar bozorida umumiy ulushi 35 foizdan oshmaydigan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning kelishilgan harakati va kelishuvlariga nisbatan tatbiq etilmasligi belgilangan», — deyiladi Biznes-Ombudsman javob xatida.

Ombudsman vakilining ta'kidlashicha, O‘zbekiston hududida 76ta xususiy va 100dan ortiq davlat tibbiyot muassasalari MSKT xizmatlarini amalga oshirish imkoniyatiga ega. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan o‘rganilgan 18ta xususiy tibbiyot muassasalarida (jami bunday xizmatlarni ko‘rsatuvchi muassasalarning 10 foiz qismi) bunday xizmatlarga 250 ming so‘mdan 400 ming so‘mgacha (eng past va eng baland narx o‘rtasi 60 foiz farq) bo‘lgan narxlarning belgilanishi ushbu sohada faoliyat yurituvchi tadbirkorlik sub'yektlari orasida kelishilgan harakatlar va bitimlar mavjudligini tasdiqlamaydi.

Shuningdek, hukumatning tegishli qarori bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, MSKT xizmatlari narxi davlat tomonidan tartibga solinadigan ijtimoiy ahamiyatli xizmatlar ro‘yxatiga kiritilmagan.

7 dekabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanidan so‘ng, Antimonopoliya qo‘mitasi rasmiy saytida MSKT xizmatlarining narxlarini o‘rganish bo‘yicha yangi ma'lumot e'lon qilindi.

Xabarda ta'kidlanishicha, MSKT xizmatlari narxlari oshishi holatini har tomonlama o‘rganish maqsadida Qo‘mita tomonidan qo‘shimcha ravishda Biznes-Ombudsmanning fikrini olishga qaror qabul qilingan va o‘z navbatida Biznes-Ombudsman tomonidan tekshirishga yetarli asos bo‘lmaganligi sababli tekshiruvni o‘tkazish maqsadga muvofiq emasligi bildirilgan. Bu esa MSKT xizmatlari bilan shug‘ullanuvchi korxonalarning Qo‘mita tomonidan tekshirilishiga taqiq qo‘yish hisoblanmaydi.

«Qo‘mita tomonidan MSKT xizmatlari narxlari oshishi holatini so‘rovlar orqali o‘rganish ishlari davom etayotganligi va zarur bo‘lgan hollarda o‘rnatilgan tartibda korxonalarda tekshirishlar o‘tkazilishi ma'lum qilinadi», — deyiladi xabarda.

Qo‘mita joriy yil 12 oktyabr kuni MSKT xizmat narxlari keskin oshib ketgani yuzasidan o‘rganish olib borganini ma'lum qilgandi

Mavzuga oid