Jahon | 12:21 / 01.01.2026
9785
4 daqiqa o‘qiladi

Zohran Mamdani – Nyu-Yorkning ilk musulmon meri Qur’on bilan qasamyod qildi

34 yoshli Mamdani AQShning moliyaviy markazi hisoblangan Nyu-Yorkning eng yosh, musulmon va afrikalik ilk meri bo‘ldi. U payshanbaga o‘tar kechasi Manxettendagi City Hall metro bekatida lavozimga kirish uchun qasamyod qildi.

Foto: New York Times

Nyu-York vaqti bilan 1 yanvarga o‘tgan paytda, payshanba kuning ilk lahzalarida Zohran Mamdani ushbu shaharning meri lavozimiga kirishdi. U Manxettendagi tarixiy, foydalanishdan chiqarilgan City Hall metro bekatida lavozimga kirish qasamyodini qabul qildi. Demokrat Mamdani AQShning eng yirik shahrining birinchi musulmon rahbari sifatida, qo‘lini tarixiy musxaf – Qur’oni Karim kitobi ustiga qo‘yib, qasamyod qildi.

Foto: AP

«Bu — butun umrimdagi eng katta sharaf va imtiyozdir», deya Mamdanidan iqtibos keltirmoqda AP nashri. Marosim, uning siyosiy ittifoqchisi – Nyu-York bosh prokurori Letitia Jyeyms tomonidan o‘tkazildi.

Mamdani mer sifatidagi ilk bayonotlarida eski metro bekatini «shahrimizning hayotiyligi uchun jamoat transportining naqadar muhimligini ko‘rsatib turuvchi guvohlik» deb atadi. U shuningdek, Transport departamentining yangi rahbari etib Mayk Flinn tayinlanganini e’lon qildi.

Foto: AP

Mamdani bugunning o‘zida yana bir bor, tantanaliroq tarzda – tushdan keyin 13:00 da City Hall'dagi ommaviy marosimda ham qasamyod qiladi. Ushbu marosimni Mamdanining yana bir ittifoqchisi – AQSh senatori Berni Sanders olib boradi. Shundan so‘ng uning idorasi Brodveyning bir qismida ommaviy bayram tadbirini o‘tkazadi.

Shaharning birinchi musulmon meri bo‘lishidan tashqari, 34 yoshli Mamdani Nyu-Yorkning – eng yosh va Afrikada tug‘ilgan ilk meri ham hisoblanadi.

U saylov kompaniyasida «arzonlik» tushunchasini butun siyosiy harakatlari markaziga qo‘ydi, deyish mumkin. Demokrat-sotsialist Mamdani dunyodagi eng qimmat shaharlardan birida yashash xarajatlarini pasaytirishga qaratilgan siyosatlar orqali o‘zgarishlar qilishga va’da bergan. Uning dasturida bepul bolalar parvarishi, bepul avtobuslar, taxminan 1 million xonadon uchun ijara muzlatilishi va shahar boshqaruvidagi oziq-ovqat do‘konlari pilot loyihasi bor.

Foto: AP

Ammo u Nyu-Yorkda boshqa qiyinchiliklarga ham ham duch keladi: chiqindilar, qor va kalamushlar muammosi bilan shug‘ullanish, metro poyezdlarining kechikishlari va yo‘llardagi chuqurlar.

Mamdani – koronavirus pandemiyasidan keyingi sekin tiklanish, so‘ng yuksalish bosqichiga o‘tayotgan shaharni qabul qilib olyapti. Zo‘ravon jinoyatlar eng past darajaga tushgan, sayyohlar qaytgan. Pandemiya paytida keskin oshgan ishsizlik ham pandemiyagacha bo‘lgan darajaga qaytgan. Shunga qaramay, shaharda narxlarning balandligi va ijaralarning oshib borayotgani jiddiy tashvish bo‘lib qolmoqda.

U, shuningdek, respublikachi prezident Donald Tramp bilan ham ishlashiga to‘g‘ri keladi. Merlik poygasi vaqtida Tramp va Mamdani bir-birini haqorat qilishgacha borgandi.

Foto: New York Times

Tramp esa Mamdani yutsa, shaharga federal mablag‘larni to‘xtatish bilan tahdid qilgandi. Lekin, Tramp hammani hayratda qoldirib, noyabrda Mamdanini Oq uyga taklif qildi va uni qo‘llashini bildirdi. 

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid