15:14 / 02.11.2018
15848

Nazarboyev MDH hukumat rahbarlari bilan uchrashdi

2 noyabr kuni Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari hukumat rahbarlari bilan uchrashdi.

Foto: Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmati

Uchrashuvda Qozog‘iston bosh vaziri Bakitjan Sagintayev, Ozarbayjon - N.Mamedov, Belarus - S.Rumas, Qirg‘iziston - Muxammetkaliy Abilg‘oziyev, Tojikiston - Qohir Rasulzoda, O‘zbekiston - Abdulla Aripov, Rossiya - Dmitriy Medvedev, Armaniston bosh vaziri birinchi o‘rinbosari - A.Mirzoyan, Turkmaniston vazirlar mahkamasi raisi o‘rinbosari - G.Muradov, MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi Sergey Lebedev ishtirok etdi.

Oqo‘rda matbuot xizmati xabariga ko‘ra, davlat rahbari MDHga a'zo mamlakatlar hukumat rahbarlarini qutlab, o‘tkazilayotgan Kengash yig‘ilishi Hamdo‘stlik davlatlari hamkorligini mustahkamlashda alohida ahamiyatga ega ekanligini ta'kidladi.

«Sizlar bugun Hukumat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etasizlar. Yig‘ilish kun tartibiga 15ta amaliy masalalar kiritilgan. Ishonchim komilki, ushbu tadbir o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi», - dedi u.

N.Nazarboyev MDH davlatlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish muhimligini ta'kidladi.

«Chorak asrdan ko‘proq vaqt mobaynida MDH xalqlarimiz o‘rtasidagi tarixiy aloqalarni saqlab qolishga imkon yaratib, har bir davlat suverenitetini mustahkamlashga o‘z hissasini qo‘shgan to‘laqonli tashkilotga aylandi. Bugun Hamdo‘stlik doirasida hamkorlik yanada kengaydi. MDH ichidagi o‘zaro savdo o‘sishda davom etmoqda. O‘tgan yili tovar aylanmasi hajmi 164 milliard AQSh dollarini tashkil etdi, bu ko‘rsatkich 25 foizga o‘sdi. Shu kabi tendensiya joriy yilda ham davom etmoqda», - deya ma'lum qildi prezident.

Uchrashuv davomida Qozog‘iston bosh vaziri Bakitjan Sagintayev va Rossiya hukumati rahbari Dmitriy Medvedev ham so‘zga chiqqan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Abdulla Aripov Ostonaga borishi xabar qilingandi.

Top