Jahon | 11:07 / 04.11.2016
18988
3 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreya prezidenti uzr so‘radi

Foto: PeoplesDaily

Janubiy Koreya prezidenti Pak Kin Xe o‘zi aralashib qolgan siyosiy mojaro uchun uzr so‘radi va bu ish bo‘yicha tekshiruvlarda prokurorlar bilan hamkorlik qilib, ko‘rsatma berishga tayyorligini aytdi.

Reuters xabariga ko‘ra, u o‘z prezidentligini xavf ostiga qo‘ygan bu voqealardan «yuragi larzaga kelgani»ni aytgan.

Gallup instituti tadqiqotiga ko‘ra, bugunga kelib Pak Kin Xening siyosiy faoliyatiga ishonch darajasi mamlakat tarixidagi barcha prezidentlar orasida eng quyi ko‘rsatkichgacha tushgan. Ayni vaqtda mamlakatda uni aholining faqat 5 foizi qo‘llaydi.

So‘rovlar 1-3 noyabr kunlari davomida o‘tkazilgan va unda mamlakatning 1,5 ming fuqarosi ishtirok etgan. Ularning 89 foiz Pak Kin Xe bu lavozimni egallab turganidan noroziligini aytgan.

Bundan oldinroq, prezident o‘z ma'muriyatiga Xan Gvan Okni rahbar etib tayinlagani ma'lum bo‘lgandi.

Mamlakat prezidenti o‘z dugonasi Chxve Sun Silning Pak Kin Xe prezidentligidan foydalangan holda davlat mablag‘larini o‘zlashtirgani ma'lum bo‘lgach, Janubiy Koreyada siyosiy mojaro avj oldi.

Seul okrug sudi 3 noyabr oqshomida Chxve Sun Silni hibsga olish uchun ruxsatnoma berdi. 

Sud ayolga qarshi ilgari surilgan ayblovlarni sinchiklab tekshirganidan so‘ng ruxsatnoma chiqargani aytilmoqda. Hafta boshida Janubiy Koreya prokuraturasi so‘roqdan so‘ng Chxve Sun Silni ushlab qolgan edi.

Chxve Sun Sil o‘z mavqeidan foydalangan holda yirik kompaniyalarni unga aloqador ikki jamg‘armaga ko‘p millionli ehsonlar qilishga majburlaganlikda ayblanmoqda. Ayrimlar, o‘z navbatida, Pak Kin Xeni dugonasining bu ishlariga yo‘l qo‘yib berganlikda gumon qilmoqda.

Yaqinda Koreya Respublikasi hukumati rahbari o‘zgardi, shuningdek, kotibiyatda o‘zgarishlar amalga oshirildi. Jurnalistlar bu o‘zgarishlar korruptsion janjal bilan bog‘liqligini taxmin qilmoqda.

Mavzuga oid