Sport | 16:48 / 20.01.2021
29649
10 daqiqa o‘qiladi

Futboldagi o‘zbek ishi. Hakamlar kim bilan kelishishgan?

«Xo‘p, agar o‘zbeklar Moskvaga paxta o‘rniga pul olib borgan bo‘lsa, nega u yerdagilar «bizga pul emas, paxta kerak» demapti?» – O‘tkir Hoshimov «Tushda kechgan umrlar» romanida «O‘zbek ishi» haqida fikr yuritar ekan, shunday deb, nega pora berganlar qamoqqa olinadi-yu, o‘sha porani olganlar haqida hech gap yo‘qligiga e'tibor qaratgandi.

Yaqinda «Neftchi» futbolchisi «Turon»ga qarshi o‘yindan so‘ng hakamni tepganida bir masala juda ko‘p muhokamalarga sabab bo‘ldi: futbolchi futbol reglamentiga ko‘ra jazolanib, diskvalifikatsiya qilinishi kerakmi yoki bu harakati uchun jinoiy javobgarlikka tortilishi to‘g‘riroq bo‘ladimi?

Umuman, futbol maydonida bo‘lib o‘tgan voqealar uchun qanday kodeks amal qiladi? Jahon tajribasida har ikki holat ham amalda kuzatilgani uchun holat biroz bahsli edi. Shunday bo‘lsa-da, futbolchiga nisbatan jinoiy ish ochilgani, bir necha kunga qamalgani haqida ham yozildi. Qanday qaror to‘g‘ri bo‘lardi, to‘g‘risi, aniq ayta olmayman, lekin... Yaxshiyam video bor ekan, hammasi ochiq bo‘ldi – jinoyatchi ham, jabrlanuvchi ham o‘rtada.

Shaxsan menda ko‘proq savol O‘FA tomonidan e'lon qilingan boshqa xabarlarda yuzaga kelmoqda. Tashkilot saytida FIFA va OFK hakami Sherzod Qosimov uch yil muddatga futboldan chetlatilgani xabar qilindi. Sh.Qosimovning bunga sabab bo‘lgan ayblari sifatida «O‘FA intizom kodeksining 5.44-bandiga asosan bir qator futbol uchrashuvlarida uchrashuvga yoki uning natijasiga ta'sir o‘tkazish maqsadida kelishuvlarda qatnashgani» ko‘rsatilmoqda.

Bu so‘nggi paytlarda birinchi holat emas. O‘tgan yilning noyabr oyida ham O‘FA uch nafar hakamni (FIFA hakami Jasur Muxtorov, O‘FA hakamlari Asker Najafaliyev va Temur To‘xtasinov) futboldan chetlatib, 90, 70 va 10 million so‘mlik jarimalar qo‘llagan. O‘shanda ham Muxtorov va To‘xtasinov xuddi o‘sha band — «O‘FA intizom kodeksining 5.44-bandiga asosan bir qator futbol o‘yinlarida uchrashuvga yoki uning natijasiga ta'sir o‘tkazish maqsadida kelishuvlarda qatnashgani uchun» bo‘yicha ayb qo‘yilgan.

Endi savollar tug‘iladi: aslida hakamlarning qanday harakatlari faqat futbol reglamentiga asosan ko‘rib chiqilishi kerak?

Hakam maydonda o‘z layoqatsizligini ko‘rsatishi va bir qator vaziyatlarda qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘yishi mumkin. Bu odatda insoniy omil deb qaralsa-da, aynan layoqatsizlik nuqtayi nazaridan hakam o‘yinlarni boshqarishdan chetlatilishi mumkin. Bu tushunarli.

Yoki hakam ma'lum o‘yinni boshqarishda noxolislikka yo‘l qo‘yadi. Bu u yoki bu klubga muxlisligi, yon bosishi yoki qaysidir jamoa yoki uning murabbiyga g‘arazi yuzasidan ataylab noto‘g‘ri qarorlar chiqarish orqali o‘yin natijasiga ta'sir ko‘rsatadi. Bu ham qaysidir ma'noda hakamning layoqatsizligini bildiradi va ushbu vazifadan bir muddat yoki butunlay chetlatilishi mumkin.

Bu ehtimollarni chetga suramiz – 5.44-bandda aytilganidek, «bir qator futbol o‘yinlarida uchrashuvga yoki uning natijasiga ta'sir o‘tkazish maqsadida kelishuvlarda qatnashgani uchun» deyilmoqda. Demak, hakamlar qandaydir kelishuv asosida, moddiy qiymatlik olib yoki olmay, o‘yinlar natijalariga ta'sir o‘tkazmoqda. Bu holatda faqat futbol faoliyatidan chetlatish yetarli bo‘ladimi?

Birinchidan, qoidabuzarlik maydon ichida emas, tashqarisida, ya'ni bir guruh shaxslar o‘rtasida kelishuv amalga oshib, korrupsiya yuzaga kelmoqda. Bu holatda hakamlar jinoyat kodeksi asosida ham tergov qilinishi kerak emasmi?

Ikkinchidan, mantiqan, «kelishuv» degani faqat bir tomonlama bo‘lmaydi. Xo‘p, hakam kimlar bilandir kelishib, o‘yinlar natijasiga ta'sir ko‘rsatgan ekan, o‘sha odamlar kim? Ishtirokchi klub murabbiyi yoki rahbarlarimi? Futbolchilarmi? Yoki futbol muxlislarimi?

Ya'ni kelishuv ikki tomonlama sodir bo‘ladigan akt, u holda, nega ikkinchi tomondagilar oshkor qilinmayapti, ular nega jazolanmayapti? Agar rostdan ham korrupsion kelishuv asosida futbol o‘yini natijasiga ta'sir ko‘rsatilgani aniqlansa —

  1. o‘sha o‘yinlar natijasi bekor qilinib, ishtirokchi klublar ham jazolanishi;
  2. kelishuvning barcha ishtirokchi shaxslari tergovga oshirilib, gumonlanuvchiga aylanishlari kerak emasmi?

Hozirgi holat, xuddi bir aralashuv bilan o‘yinni «Paxtakor»ga bergani aytilib, «Metallurg» murabbiyi Mirsodiqov futboldan chetlatilgani, ammo keyinchalik, o‘sha aralashuv ishtirokchilari ham, uch ochkoga ega bo‘lgan «Paxtakor» ham o‘z holida qolib, chempion sifatida qolgan holatni eslatmaydimi?

Ochiqdan ochiq, hakamni sotib olish orqali o‘yinga ta'sir o‘tkazish uyoqda tursin, shunchaki o‘yinlarga «qulay» hakamlarni tayinlash borasida ish olib borgani uchun Luchiano Mojji va yana bir qator funksionerlar qamalgani, «Yuventus» esa umuman ikki mavsumdagi chempionlikdan mahrum qilinib, quyi ligaga tushirib yuborilgani yodimizdan chiqqani yo‘q. Yoki «Fenerbahche» prezidenti Aziz Yildirim hakamlar bilan kelishib, o‘yin natijasini hal qilishga urinishda ayblanib, uch yarim yilga qamalgani-chi? To‘g‘ri, keyinchalik Yildirim oqlandi, ammo korrupsiya borligining o‘zi mavzuni futbol doirasidan tashqariga chiqaradi va har doim bunday holatlarda jinoiy ish ochilib, tergov organlariga topshiriladi.

Hatto Portugaliyada asr boshlarida bo‘lib o‘tgan korrupsion mojaroda, hakamlarning maydonda bir jamoaga yon bosishlari kuzatilmagan, vaziyat ungacha yetib bormagan, lekin o‘yin tashqarisida pul oldi-berdi ishlari isbotlangani uchun bir qator shaxslarga nisbatan jinoiy ishlar ochilgan.

Uzoqqa bormaylik.

«Biz bir yil bir yarim yil vaqt mobaynida kelishilgan o‘yinlarda, totalizatorda ishtirok etgan qirqdan ziyod futbolchilarni aniqlaganmiz. Chetlashtirdik. Bular Pro Liga yoki birinchi ligada, ana endi, hozir aytaman, Superligadayam boshlanadi. Italiyaning 2006 yildagi yo‘liga o‘tish kerak. O‘zbek futboli shunga yetib keldi. Qachondir tozalanish kerak. Shuning uchun haqiqiy ogohlantirish bo‘ldi, hammasiga qo‘l qo‘ydirib, protokolini olib keldik. U yerda aynan «jinoiy javobgarlik» degan band bor. Hammamizning oilamiz bor, ularga halol luqma yediramiz, to‘g‘rimi? Masalan, futboldan chetlashtirilib yashash mumkin, boshqa ish qilish mumkin, ammo endi, arzimagan harom ishlarni deb, prokuratura va sudlarga qatnab yurishni kim o‘ziga ravo ko‘radi? Hech kim. Mana shu narsa O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasi prezidenti nomidan hammaga yetkazildi», — bu so‘zlarni 2020 yilning iyun oyida PFL direktori Diyor Imomxo‘jayev «Sport» kanaliga bergan intervyusida aytgandi.

Xulosa qilsak, O‘FAning bayonotida, umuman mana shu yuzaga kelgan vaziyatda uchta o‘ta muhim masala qalqib chiqmoqda.

Bir – agar hakamlarning o‘yin natijasiga ta'sir qiluvchi kelishuvlarda ishtirok etgani aniqlangan bo‘lsa, ularga futboldan chetlatishdan tashqari jinoiy ish ham ochiladimi? Qonun bo‘yicha ham, qoida bo‘yicha ham ish ochilishi kerak, buni yuqorida ko‘rib chiqdik, xo‘sh, u holda, O‘FA tegishli materiallarni surishtiruv uchun tergov organlariga taqdim etdimi? Nega bu haqida ma'lumotlar oshkor qilinmayapti? Xo‘p, Qosimovning ishi kecha xabar berilgan yangi holat bo‘lsa, yuqorida tilga olingan uch nafar hakam jazolanganiga qariyb ikki oy bo‘ldi.

Ikki – kelishgan hakamlar kim bilan kelishishgan, ya'ni kelishuvning narigi tomoni kim va ularga qanday choralar ko‘rilishi ko‘zda tutilgan? Nega klublar yoki boshqa funksionerlar haqida ma'lumot berilmayapti? Agar hakamlar hozircha futbol reglamenti bo‘yicha, ya'ni futboldan chetlatish va O‘FAga jarima to‘lab qutulib qolayotgan bo‘lsa, xo‘p, barcha tizgin O‘FAning qo‘lida deb qabul qilgan taqdirimizda ham, nega hakamlardan tashqari, boshqa ishtirokchilar jazolanmayapti?

Uch – o‘yinlar natijasiga ta'sir qilgan hakam e'tirof etilyapti-yu, o‘sha o‘yin natijasi o‘z kuchida qolyapti? Hakam o‘yin paytida har qancha qo‘pol xatoga yo‘l qo‘yib, o‘sha qarorlar o‘yin natijasiga har qancha ta'sir qilsa ham, bu holat XATO natijasida yuzaga kelgani uchun o‘yin natijasi shundoq qoladi. Ammo agar bu qarorlar oldindan amalga oshirilgan kelishuv oqibatida ataylab qabul qilingani isbotlansa, o‘yin natijasi haqiqiy emas deb topilishi kerak. Demak, o‘sha ta'sir etilgan o‘yinlar yuzasidan kattaroq tekshiruv o‘tkazilishi va natijalar bekor qilinib, chempionat sovrindorlari qaytadan ko‘rib chiqilishi kerak emasmi?

Bu savollarga tegishlicha javoblar berilishi lozim deb o‘ylayman. Aks holda, nafaqat futbolimizda biror narsa o‘zgarayotgani haqidagi fikrlardagi asos yo‘qoladi, balki jinoyatchi hakamlar bilan kelishgan klublarimiz ishtirokida o‘yinlarni, ya'ni umuman o‘zbek futbolini tomosha qilish uchun sabab ham qolmaydi.

Qahramon Aslanov

Mavzuga oid