O‘zbekiston | 22:53 / 10.02.2026
4619
5 daqiqa o‘qiladi

Olmaliqdagi maktabda baxtsiz hodisa va tadbirkorga norasmiy bandlikni bartaraf etish muhlati – mahalliy dayjest

Toshkent viloyati, Olmaliq shahridagi maktabda 10-sinf o‘quvchisi bo‘lgan qiz vafot etdi. Ta’kidlanishicha, o‘quvchi kuchli stress oqibatida hosil bo‘lgan tromb sababli dunyodan ko‘z yumgan. Mehnat migratsiyasida vafot etgan shaxsning jasadini qaytarish xarajatlari davlat hisobidan qoplanishi belgilandi. Tadbirkorga norasmiy bandlikni bartaraf etish bo‘yicha 1 oy muhlat beriladi. Temiryo‘l va metroda xavfsizlik qoidalarini buzganlik uchun jarimalar belgilandi. Ikki o‘zbek grossmeysteri mukofot pullari bo‘yicha dunyo o‘ntaligiga kirdi. Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Olmaliqdagi maktabda 10-sinf o‘quvchisi vafot etdi

Toshkent viloyati, Olmaliq shahrida joylashgan maktabda 10-sinf o‘quvchisi bo‘lgan qiz vafot etdi. Sukut Saqlama (NeMolchi.uz) loyihasining ta’kidlashicha, o‘quvchi kuchli stress oqibatida hosil bo‘lgan tromb sababli dunyodan ko‘z yumgan.

Stressga ichki ishlar xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilish sabab bo‘lgani aytilmoqda. Ushbu yig‘ilishni maktab ota-onalar qo‘mitasi vakili boshqa bir o‘quvchi qizni himoya qilish maqsadida tashkil qilgan. Xonada asosan erkaklar bo‘lgan. Qiz suhbatga chaqirilganda juda kuchli stressni boshidan o‘tkazgani ta’kidlanmoqda.

Ayni paytda huquq-tartibot organlari tomonidan hodisa yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Mehnat migratsiyasida vafot etgan shaxsning jasadini qaytarish xarajatlari davlat hisobidan qoplanishi belgilandi

Mehnat migratsiyasida vafot etgan shaxsning jasadini O‘zbekistonga olib kelish xarajatlari Migratsiya jamg‘armasi tomonidan qoplanadi. Bu haqda «Dafn etish va dafn ishi to‘g‘risida»gi qonunga qo‘shimcha norma 7 fevral kuni kiritildi.

Unga ko‘ra, mehnat migratsiyasida bo‘lgan davrda vafot etgan O‘zbekiston fuqarolarining jasadini olib kelishni tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlar endi Migratsiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi. Mablag‘lar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi orqali qonunchilikda belgilangan tartibda ajratiladi.

Tadbirkorga norasmiy bandlikni bartaraf etish bo‘yicha 1 oy muhlat beriladi

Prezident qaroriga ko‘ra, hokim yordamchisi xatlovi asosida aniqlangan norasmiy bandlik holatlari bo‘yicha ularni bartaraf etish yuzasidan «Yagona milliy mehnat tizimi»da ish beruvchilarning shaxsiy kabinetiga Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan ogohlantirish xati yuboriladi.

Ish beruvchi tomonidan aniqlangan qonunbuzilish holati 3 ish kuni ichida ixtiyoriy ravishda bartaraf etilmagan taqdirda, ushbu holat Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan tekshirish o‘tkazish uchun asos hisoblanadi.

Norasmiy bandlik holati aniqlangan kundan boshlab 1 oy muddat ichida ish beruvchi xodimlar bilan mehnat shartnomasini rasmiylashtirib, hisoblangan oylik ish haqini to‘liq to‘lab bergan taqdirda, ma’muriy javobgarlikdan ozod etiladi.

Temiryo‘l va metroda xavfsizlik qoidalarini buzganlik uchun jarimalar belgilandi

Yangi qonunga ko‘ra, temiryo‘l transporti va metropolitenda harakat hamda tashish xavfsizligi talablarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi.

Qo‘shimchalarga muvofiq:

- temiryo‘l transporti va metropolitenda harakat va tashish xavfsizligi talablarini buzganlik uchun mansabdor shaxslar va xizmatchilarga BHM 10 baravari miqdorida jarima solish nazarda tutiladi;

- shuningdek, temiryo‘l va metropolitenda xavfsizlik buzilishi bilan bog‘liq hodisa yoki u haqdagi ma’lumotlarni qasddan yashirish ham mansabdor shaxslarga BHMning 10 baravari miqdorida jarimaga sabab bo‘lishi belgilandi.

Ikki o‘zbek grossmeysteri mukofot pullari bo‘yicha dunyo o‘ntaligiga kirdi

2025 yil davomida Nodirbek Abdusattorov 16 ta nufuzli xalqaro turnirda ishtirok etib, jami 361 811 dollar mukofot puli ishlab topgan. Uning bir turnirdagi eng yuqori individual yutug‘i 85 000 dollarni tashkil etgan.

Javohir Sindorov esa 11 ta xalqaro musobaqada qatnashib, umumiy hisobda 349 955 dollar daromad qayd etgan. Uning eng yirik yutug‘i FIDE World Cup musobaqasidagi g‘alabasi bo‘lib, mazkur turnir uchun 120 000 dollar mukofot puli berilgan.

Eng ko‘p mukofot puli olgan shaxmatchilar ro‘yxatida norvegiyalik Magnus Karlsen yetakchilik qilmoqda – qariyb 1,5 mln dollar. Keyingi o‘rinlarda Fabiano Karuana (≈$890 ming, AQSh), Levon Aronyan (≈$751 ming, AQSh), Xikaru Nakamura (≈$588 ming, AQSh). 

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid