Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Turkiya vitse-prezidenti Istanbuldagi portlashni terakt deb atadi
Portlash mashhur piyodalar ko‘chasi - Istiqlolda sodir bo‘lgan, sabablari hozircha ma’lum emas. Istanbul viloyati gubernatori Ali Yerlikayaga ko‘ra, kamida 6 kishi halok bo‘lgan.
Foto: Anadolu agency
Istanbul markazidagi piyodalar sayyohlik ko‘chasi - Istiqlolda portlash sodir bo‘ldi. Natijada kamida 6 kishi halok bo‘ldi, deb yozdi Istanbul viloyati gubernatori Ali Yerlikaya 13 noyabr, yakshanba kuni Twitter'da. Bundan tashqari, yana 81 kishi jarohatlangan, ikki nafarining ahvoli og‘ir. Portlash sodir bo‘lgan joyda politsiya, o‘t o‘chirish brigadalari va tibbiyot xodimlari ishlamoqda.
Turkiya vitse-prezidenti Fuat O‘qtay Istanbuldagi portlashni «terror harakati» deb atadi. «Biz gap terakt haqida ketayotganidan kelib chiqyapmiz», dedi u kechqurun bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida. Ayni paytda portlash xudkush-terrorchi ayol tomonidan amalga oshirilgani taxmin qilinmoqda. O‘qtay qo‘shimcha ma’lumot bermadi.
Portlash sabablari hozircha ma’lum emas. TRT davlat telekanali portlash joyiga ko‘p sonli qutqaruv guruhlari kelganini ma’lum qildi. Istanbul prokuraturasi tergov boshladi.
Ayni paytda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an voqeani «xoinlik hujumi» deb atadi. Tegishli organlar portlash ortida turgan guruhlarni aniqlash ustida ishlamoqda, dedi davlat rahbari matbuot anjumanida.
Germaniya federal prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer fojia munosabati bilan turkiyalik hamkasbiga hamdardlik bildirdi. «Istanbulning gavjum markazidagi dahshatli portlash haqidagi xabar meni hayratda qoldirdi», deb yozadi u. Shtaynmayyer halok bo‘lganlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirib, jarohatlanganlarga sog‘ayib ketish tiladi. «Hozirgi shok lahzasida biz nemislar Istanbul aholisi va turk xalqining yonidamiz», — deya qo‘shimcha qildi u.
Turkiya regulyatori Rtük aholi o‘rtasida qo‘rquv va vahima paydo bo‘lmasligi uchun OAVda mamlakatning eng yirik shahrida portlash sodir bo‘lgani haqidagi xabarlarga vaqtinchalik taqiq qo‘ydi.
Istanbulning Yevropa qismidagi Istiqlol ko‘chasi ham shahar aholisi, ham sayyohlar orasida sayr qilish uchun mashhur joy hisoblanadi.
Mavzuga oid
11:34 / 04.04.2026
Abu-Dabida portlash: strategik gaz obekti nishonga olindi
09:41 / 13.03.2026
Xoshimin - Istanbul reysi Samarqandda favqulodda qo‘ndi
20:34 / 09.03.2026
Istanbulning sobiq meri Akrom Imomo‘g‘liga 2430 yillik qamoq jazosi tahdid solmoqda
13:07 / 03.03.2026