O‘zbekiston | 18:43 / 25.06.2020
162224
12 daqiqa o‘qiladi

1 iyuldan qonunchilikda nimalar o‘zgaradi?

Kun.uz sayti 2020 yil 1 iyuldan boshlab kutilayotgan ayrim o‘zgarishlarni eslatib o‘tadi.

200 va 500 so‘mlik qog‘oz pullar muomaladan chiqariladi

  • 1997 yil namunasidagi 200 so‘mlik;
  • 1999 yil namunasidagi 500 so‘mlik banknotlar 2020 yil 1 iyuldan qonuniy to‘lov vositasi sifatida o‘z kuchini yo‘qotadi.

Asos: «O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining eski namunadagi 50 va 100 so‘mlik tangalarini, shuningdek, 50, 100, 200 va 500 so‘mlik banknotlarini ayirboshlash hamda muomaladan qaytarib olish tartibi to‘g‘risida»gi nizom.

O‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni ro‘yxatga olish xabar berish tartibida amalga oshiriladi, vaqtinchalik mehnat guvohnomalarini berish tartibi bekor qilinadi

Prezident qarori bilan, 2020 yil 1 iyuldan:

  • o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni ro‘yxatga olish xabar berish tartibida o‘zini o‘zi band qilgan sifatida ro‘yxatdan o‘tganlikni tasdiqlovchi matritsali shtrix kod (QR-kod) bergan holda maxsus mobil ilova yoxud soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali amalga oshiriladi hamda vaqtinchalik mehnat guvohnomalarini berish tartibi bekor qilinadi;
  • o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar 2020 yil uchun ijtimoiy soliqni o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida haqiqatda ishlagan vaqtidan qat'i nazar BHMning kamida 50 foizi hajmida to‘laydi hamda ushbu summa to‘liqligicha budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga yo‘naltiriladi va undan kelib chiqqan holda yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun o‘rnatilgan tartibda pensiya hisoblash uchun daromad hajmi aniqlanadi.

Eslatib o‘tamiz, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari soni 24tadan 67taga ko‘paytirilib, ular daromad solig‘idan ozod etilmoqda.

Asos: «Tadbirkorlik faoliyati va o‘zini o‘zi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori

Nodavlat (xususiy) muzeylar, badiiy galereyalar va hunarmandchilik markazlari uchun ayrim soliq stavkalari 50 foizga kamaytiriladi

2020 yil 1 iyuldan 2023 yil 1 iyulga qadar nodavlat (xususiy) muzeylar, badiiy galereyalar va hunarmandchilik markazlarining asosiy faoliyat turi bo‘yicha foyda solig‘i, mol-mulk va yer soliqlari hamda aylanmadan olinadigan soliq stavkalari belgilangan miqdorga nisbatan 50 foizga kamaytiriladi.

Asos: «Turizm sohasini sanitariya-epidemiologik xavfsizlikning kuchaytirilgan rejimi talablariga qat'iy rioya qilgan holda rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarori

Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish 6 oyga to‘xtatiladi

Qonunchilikni tizimlashtirish va ortiqcha huquqiy tartibga solishni kamaytirish maqsadida 2020 yil 1 iyuldan 2021 yil 1 yanvargacha idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish to‘xtatiladi.

O‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish hamda o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risidagi, shuningdek, unifikatsiya qilishni nazarda tutuvchi idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish bundan mustasno.

Asos: «Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmoni

Yangi tabiiy gaz iste'molchilari (yirik strategik korxonalar bundan mustasno) faqat gaz taqsimlash tarmoqlariga ulanadi

Bundan tashqari, 1 iyuldan:

  • «Hududgazta'minot» AJga va magistral gaz uzatish tizimiga ulangan iste'molchilarga tabiiy gazni to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida sotish funksiyasi «O‘ztransgaz» AJga yuklanadi;
  • «Hududgazta'minot» AJ tomonidan keyinchalik gaz taqsimlash tarmoqlariga ulangan respublika ichki iste'molchilariga, shu jumladan aholiga sotish maqsadida tabiiy gazni ushbu tabiiy gaz magistral gaz uzatish tizimi orqali yetkazib berilgan taqdirda ― «O‘ztransgaz» AJdan, shuningdek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri gaz taqsimlash tarmoqlariga yetkazib berilgan taqdirda ― tabiiy gaz ishlab chiqaruvchilardan oldi-sotdi shartnomalariga asosan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasi tomonidan tasdiqlanadigan tariflar bo‘yicha sotib olinadi.

Asos: «Tabiiy gaz va elektr energiyasini sotish mexanizmini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident farmoni

Ko‘p qavatli monolit uy-joylar qurish uchun import qilinadigan beton quyish qoliplari, beton tayyorlash mashina va mexanizmlari 3 yillik muddatga bojxona to‘lovlaridan ozod etiladi

2020 yil 1 iyuldan 2023 yil 1 iyulgacha bo‘lgan muddatda ko‘p qavatli monolit uy-joylar qurish uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatga muvofiq import qilinadigan beton quyish qoliplari, beton tayyorlash mashina va mexanizmlari bojxona to‘lovlaridan (QQS va bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) ozod etiladi.

Bundan tashqari, bojxona to‘lovlarini to‘lovchilar 2020 yil 1 iyuldan 2023 yil 1 iyulgacha bo‘lgan muddatda import qilinadigan, qurilish sohasida foydalaniladigan mashina va mexanizmlar, texnologik jihozlar, kichik mexanizatsiya vositalari, asbob-uskunalar, ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlar bo‘yicha bojxona to‘lovlarini (qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) 120 kungacha kechiktirib yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash huquqiga ega bo‘ladi.

Asos: «Hududlarda ko‘p qavatli binolar qurish ishlarini jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori

Noshirlik faoliyatini litsenziyalash hamda matbaa faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsat berish tartiblari bekor qilinadi

Noshirlik faoliyatini litsenziyalash hamda matbaa faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsat berish tartiblari bekor qilinib, noshirlik va matbaa faoliyatini boshlagani haqida vakolatli davlat organini xabardor etish tizimi joriy qilinadi.

Asos: «Noshirlik va matbaa sohasini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarori

Hisoblangan soliq summasidan hisobga olinadigan QQS summasining oshib ketishi natijasida hosil bo‘lgan QQS summasining o‘rni qoplanadi

Hisoblangan soliq summasidan hisobga olinadigan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasining oshib ketishi natijasida hosil bo‘lgan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasining o‘rnini qoplash 2020 yil 1 iyuldan e'tiboran amalga oshiriladi.

Asos: «O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun

Hokimliklar tomonidan qishloq joylarda ko‘p kvartirali uy-joylar qurilishi uchun yer uchastkalari ajratilishining yangicha tartibi belgilandi

Hukumat qaroriga asosan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan yer uchastkalari qurilishi rejalashtirilgan uy-joylar bo‘yicha qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan sug‘oriladigan yerlar va o‘rmon fondi yerlari toifasiga kirmaydigan hamda aholini majburiy ko‘chirish xavfi bo‘lmagan taqdirda ajratiladigan bo‘ldi.

Asos: «Qishloq joylarda ko‘p kvartirali uy-joylarni qurishda tadbirkorlik sub'yektlarini keng jalb etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Vazirlar Mahkamasi qarori

Mahalliy va xorijiy dori vositalariga nisbatan referent narx shakllantirish tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi

Prezident qaroriga ko‘ra, ushbu jarayonda:

  • aholi jon boshiga nisbatan daromadlar darajasi yuqori, o‘rtachadan yuqoriroq va o‘rtachadan pastroq bo‘lgan davlatlar guruhiga kiruvchi kamida 10 ta referent mamlakatlar tanlanadi;
  • dori shakli, qadoqdagi soni, dozasi, konsentratsiyasi, hajmi va qadoqlanishini hisobga olgan holda ayni bir ishlab chiqaruvchining xuddi shunday faol moddaga ega dori vositasining ishlab chiqaruvchi mamlakatda, referent mamlakatlarda va O‘zbekiston Respublikasida sotish narxlarini ro‘yxatdan o‘tish guvohnomasi egasi yoki uning ishonchli vakili tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga taqdim etiladi;
  • dori shakli, qadoqdagi soni, dozasi, konsentratsiyasi, hajmi va qadoqlanishini hisobga olgan holda dori vositasining har bir savdo nomi uchun belgilangan eng yuqori narxi qayd etiladi.

Asos: «O‘zbekiston Respublikasi farmatsevtika tarmog‘ida islohotlarni chuqurlashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarori

Eksperiment tariqasida, Toshkent shahridagi DXMlar binolarida nizolashuvchi fuqarolarga mediator xizmatidan foydalanish uchun alohida xonalar ajratiladi

Davlat xizmatlari agentligi Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda Toshkent shahrida eksperiment tariqasida, davlat xizmatlari markazlari binolarida nizolashuvchi fuqarolarga mediator xizmatidan foydalanish uchun alohida xonalar ajratilishini ta'minlaydi.

Asos: «Nizolarni muqobil hal etishning mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori (PQ-4754 – 17.06.2020)

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlislarida davlat organlari rahbarlarining o‘z faoliyati bo‘yicha axborotlari muntazam ravishda eshitib boriladi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlislarida davlat organlari va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlarining o‘z faoliyati bo‘yicha, shuningdek, Hukumat a'zolari va tarmoqlar rahbarlarining BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarish, ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risidagi axborotlarini muntazam ravishda eshitish tartibi amaliyotga tatbiq qilinadi.

Asos: 2020 yilgi davlat dasturiga oid prezident farmoni

Ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolatiga ega organlar soni bittaga ko‘payadi

Qurilish vazirligi huzuridagi Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi va hududiy inspeksiyalar boshliqlariga, huquqbuzarlik faktiga e'tiroz bildirilgan hollarda ishni ko‘rib chiqish uchun sudga taqdim etish tartibini saqlab qolgan holda, shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining buzilishiga oid ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati beriladi.

Asos: «Qurilish-montaj ishlari sifatini tubdan yaxshilash va qurilishni nazorat qilish tizimini takomillashtirish choralari to‘g‘risida»gi prezident qarori

Loyiha-qidiruv tashkilotlarining elektron reytingi joriy etiladi

Soliq va statistika hisobotlari ma'lumotlari (ish tajribasi, xodimlar, shu jumladan malakali mutaxassislar soni, asosiy vositalar hajmi, olingan daromadlar va to‘langan soliqlar, ish haqi to‘lash fondi va boshqa mezonlar) asosida avtomatik tarzda shakllanadigan loyiha-qidiruv tashkilotlarining elektron reytingi joriy etiladi.

Asos: «O‘zbekiston Respublikasining qurilish sohasida islohotlarni chuqurlashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident farmoni

Mavzuga oid