Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati Nurobod tumani hokimligi binosi oldiga qo‘y suruvi haydab kelgani tasvirlangan video 6 aprel kuni tarqaldi. Hokimlik binosi oldiga haydab kelingan 1,5 mingga yaqin qo‘ydan iborat poda odamlar orasida keng muhokama qilinmoqda.
Ayni masala yuzasidan bugun, 8 aprel kuni Samarqand viloyat hokimligida matbuot anjumani tashkil etildi. Unda Nurobod tumani hokimi Faxriddin Zoirov, tuman IIB, soliq boshqarmasi rahbari va tuman prokurori qatnashdi.
Birinchi bo‘lib so‘z olgan Nurobod tumani hokimi Faxriddin Zoirovning aytishicha, odamlar orasida klaster tizimiga o‘tish targ‘iboti amalga oshirilgan bo‘lsa-da, tushunmovchiliklar saqlanib qolgani uchun yuqoridagi holat yuzaga kelgan.
«Nurobod tumanining 356 ming gektar yerlari yaylov sifatida ro‘yxatga olingan. Tumanimiz chorvachilikka moslashgan. 2020 yilda prezident qarori bilan yaylovlar Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi tasarrufiga o‘tkazildi. Bu qarordan keyin qo‘mita barcha yerlarni ro‘yxatga oldi. Shu asosida tumanda ikkita klaster tashkil etildi va bu ikki klasterga yaylovlar ijaraga berildi («Samarqand qorako‘l klaster» MChJ korxonasiga 151 ming gektar, «SP LUXE» MChJ qo‘shma korxonasiga 197,2 gektar).
Klasterlar oldiga mahsulot ishlab chiqarishdan uni qayta ishlashgacha bo‘lgan jarayonni nazorat qilish vazifasi qo‘yildi.
Tuman markaziga yaqin qishloqlarda «SP LUXE» klasteri tomonidan fermer xo‘jaligi tashkil etilib, ularga 49 yilga yer ijaraga berilgan. Fermer xo‘jaligida 1 450 ta chorva boqilmoqda.
Videosi tarqalgan holatda boshqa hududdan qo‘ylar haydab borilgan. Shundan so‘ng «SP LUXE» MChJ vakillari bilan birga vaziyat o‘rganildi. Bu qo‘ylar orasida aholining chorvasi bo‘lmagan. Aholiga chorvalarini ro‘yxatga olgan holda MChJ tashkil etib, qonuniy harakat qilish tushuntirildi. Uchrashuvda odamlarga yuridik shaxs ochilgan holatda yer ularga klasterdan ijaraga berilishi aytildi», — dedi Nurobod tuman hokimi F.Zoirov.
Hokimlik binosi oldiga suruvlarini haydab borgan Qilichli mahallasi Nurobod tuman IIBga qarashli sektor hisoblanadi. Sektor rahbari, tuman IIO FMB boshlig‘i Aslam Ochilov ham matbuot anjumanida ishtirok etdi va uning aytishicha, fuqarolardan oldin bu yaylov bilan bog‘liq muammo borasida murojaat bo‘lmagan.
«Bir oyda to‘rt marta fuqarolar bilan uchrashaman. Murojaatlar asosan yo‘llar, kommunal va ishsizlik masalasida bo‘ladi. Yaylov borasida shu vaqtgacha murojaat bo‘lmagan», — dedi A.Ochilov.
















