Jamiyat | 13:08 / 07.04.2021
57223
4 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda tuman hokimligi binosi oldiga qo‘ylar podasi haydab kelindi. Cho‘ponlar yaylov talab qilishgan

6 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati Nurobod tumani hokimligi binosi oldiga bir guruh odamlar o‘z suruvini haydab kelgani va hokimdan yaylov talab qilgani aks etgan videolar tarqaldi.

Kun.uz mazkur hodisa yuzasidan tuman hokimligi axborot xizmatidan izoh oldi.

Nurobod tuman hokimligi axborot xizmati rahbari Erkin Pardayev hodisa haqiqatan Nurobod tumani markazida sodir bo‘lganini tasdiqladi. Uning aytishicha, Nurobod tumani hududi juda katta va uning asosiy qismi yaylovlardan iborat. 2020 yil 3 sentabr kuni prezidentning «O‘zbekiston Respublikasida pillachilik va qorako‘lchilikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilingan. Shundan so‘ng qorako‘lchilikni rivojlantirish uchun tumanda ikkita klaster tashkil etilgan va ularga bo‘sh turgan yaylovlar biriktirib berilgan.

Klasterlardan biri o‘ziga tegishli yerning bir qismini o‘zaro shartnoma imzolab, chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklaridan biriga bergan. Shundan so‘ng fermer xo‘jaligi bilan odamlar o‘rtasida mojaro kelib chiqqan. Fermer xo‘jaligi yer uchun pul to‘layotganini aytgan. Odamlar ham o‘z qo‘ylarini o‘sha yaylovlarda boqishini bildirgan.

«Shu paytgacha xohlagan joyida o‘z qo‘y podasini boqib kelgan odamlar yaylovlar klasterlarga berib yuborilganini hazm qila olmayapti. Oqibatda endi nizo chiqmoqda, qo‘ylarini haydab hokimiyatga kelishdi. Klaster va u bilan ishlaydigan fermer xo‘jaligi odamlarni yaylovlardan shunchaki quvib yubormayapti. Balki endi o‘zaro shartnoma tuzib belgilangan hududlarda qo‘ylarini boqishi mumkinligini aytyapti. Ammo shu paytgacha, hech qayerga hech qanday to‘lov to‘lamasdan, yaylovlarda qo‘ylarini boqib kelgan odamlar bunga ko‘nishmayapti», dedi Erkin Pardayev.

Hodisa yuzasidan Samarqand viloyati IIB ham o‘z munosabatini bildirdi. Unga ko‘ra, Respublika Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi tomonidan «Samarqand qorako‘l klaster» MChJ korxonasiga 151 ming gektar hamda «SP LUXE» MChJ qo‘shma korxonasiga 197 243,4 gektar yaylov yer maydonlari ajratilgan.

«SP LUXE» MChJ va Nurobod tumani Qorako‘lcha massivida faoliyat yuritayotgan «Sohibkor Hojiakbar» fermer xo‘jaligi o‘rtasida 49 yilga 834 gektar yaylov yer maydonini ijaraga olish bo‘yicha o‘zaro shartnoma tuzilgan. Shartnomada  belgilangan yerda 1450 bosh mayda shoxli mollarni boqish ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, ushbu yer maydonida fermer xo‘jaligi rahbari tomonidan 4 mingdan ziyod chorva mollari boqilgani Qilichli mahallasi fuqarolarining noroziligiga sabab bo‘lgan. Shu sababli klasterning 1450 bosh qo‘ylari mahalliy aholi tomonidan 2021 yil 6 aprel kuni soat 16:00larda tuman markaziga haydab kelingan.  

Shundan so‘ng tuman hokimi, tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i boshchiligida «SP LUXE» MChJ qo‘shma korxonasi ish boshqaruvchisi va fuqarolar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilgan. Unda «SP LUXE» MChJ rahbari va «Sohibkor Hojiakbar» fermer xo‘jaligi o‘rtasida tuzilgan shartnoma bekor qilinishi mutasaddilar nazoratiga olingan.

Mavzuga oid