Jamiyat | 16:35 / 07.04.2021
36011
3 daqiqa o‘qiladi

Nuroboddagi qo‘ylar voqeasi. Yaylovni ekin maydoniga aylantirgan hokim qarori bekor qilindi

Nurobod tuman hokimining yaylovni lalmikor ekin maydoniga aylantirgan qarori noqonuniy bo‘lgan.

Samarqand viloyati Nurobod tuman hokimining noqonuniy qarori Aksilkorrupsiya agentligining so‘roviga binoan bekor qilindi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati ma'lum qilmoqda.

Samarqand viloyati Nurobod tumani Ag‘ron mahallasida yashovchi fuqaro J.Ya. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga murojaat qilgan. Fuqaro o‘z murojaatida Nurobod tuman hokimligi va tuman kadastr bo‘limi mas'ullari tomonidan Toshquduq massividagi 2118, 2119, 2120, 2121 va 2122-konturlardagi 40 gektar ekin yaylov soxta hujjatlar asosida lalmikor yer maydonlari sifatida «A. I. S.» MChJga berilgani hamda Nurobod tuman hokimining 2020 yil 23 dekabrdagi 905-Q-son qarori korrupsion holatlar asosida chiqarilganini ma'lum qilgan. 

Agentlik tomonidan mazkur murojaat yuzasidan tegishli hujjatlarni o‘rganish davomida, Nurobod tuman hokimining mazkur qarori qabul qilinishida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni berish va yaylovlardan foydalanish tartibini belgilovchi normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya etilmagani ma'lum bo‘lgan.

Jumladan, Nurobod tumani hokimi qaroriga asosan, «A.I.S.» MChJga Nurobod tumani Toshquduq massividagi 2118, 2119, 2120, 2121 va 2122-konturlarda joylashgan yaylov lalmikor yer sifatida g‘allachilik bilan shug‘ullanish uchun ajratilgan. Ushbu konturlardagi yer maydonlari Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligining 2021 yil 27 martdagi 01002-sonli xatida uzoq yillardan buyon foydalanilmagan va ekin ekilmagan yaylov yer maydonlari ekanligi ko‘rsatilgan.

O‘rganishlar va Nurobod tuman hokimligi mas'ullari bilan olib borilgan tegishli harakatlar natijasida tuman hokimining qarori bekor qilinib, Nurobod tumani Toshquduq massivida joylashgan yaylov yer maydonlari tuman hokimligi zaxirasiga olingan.

Bundan avvalroq ijtimoiy tarmoqda 6 aprel kuni Nurobod tumanida yashovchi bir guruh odamlar qo‘y boqishga yaylov qolmagani vajidan shu tumanda faoliyat olib borayotgan chorvachilik klasterining 1,5 ming bosh qo‘yini hokimiyat binosi oldiga haydab kelgani aks etgan tasvirlar tarqalgandi.

Mavzuga oid