17:51 / 24.01.2021
33797

Tarbiyadagi xatolar, boladagi injiqlik va gadjetlar - bolalar psixologi bilan suhbat

Bolalarning gadjetlar ishlatishi me'yori qanaqa? Bola nega yolg‘on gapiradi? Ota-onalar tarbiyada yo‘l qo‘yadigan eng katta xatolar qaysi?

Kun.uz shu va boshqa savollar bilan bolalar psixologi Rozaliya Gabdulhakovaga murojaat qildi.

— 2019 yilda o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, gadjetlardan ko‘p foydalanadigan bolalar o‘z tengdoshlaridan 2–3 yoshga orqada qolishi, 9–10 yoshli bolalarda bir kunda 3 soatdan ko‘p gadjetlardan foydalanish qandli diabet, semirish kabi kasalliklarga olib kelishi, 15–16 yosh o‘smirlarda suyaklarning mo‘rtlashishiga olib kelishi aniqlangan. Kuniga 7 soatini shunga sarflaydigan bolalar esa tushkunlikka moyil bo‘lishadi.

Bularni eshitgach, bolani butunlay gadjetlardan mahrum qilish ham to‘g‘ri bo‘lmaydi, chunki zamon talabi shunday. Bolaga undan to‘g‘ri va unumli foydalanishni o‘rgatishimiz kerak.

Bola gadjetga o‘rganib qolishidan asrash uchun ota-ona shaxsiy namuna bo‘lishi kerak. Bola eshitganini emas, ko‘rganini qiladi. Otalar gadjetlar bilan, onalar instagram yoki feysbuk, seriallar bilan band bo‘lib, bolani bundan cheklash batamom foydasiz.

Bolalar bilan ruhan yaqinlashish kerak. Ota-ona jismonan uning yonida bo‘lsa-yu, xayoli telefonda yoki boshqa narsada bo‘lsa, bola ularni yo‘qday his qiladi.

Bola nega yolg‘on gapiradi?

Bolalar psixologi Rozaliya Gabdulhakova

— Yolg‘onning ildizida qo‘rquv yotadi. Bolaning yolg‘on gapirishi – ota-ona tarbiyada juda ham qattiqqo‘l ekanidan dalolat.

O‘smirlik yoshida ham bola ko‘p yolg‘on gapirishi mumkin, chunki afsuski, ko‘p ota-onalar o‘z bolalarini qabul qila olmaydi. Ota-onasining taqiqlari ortidan o‘smirlar yolg‘on gapirishga majbur bo‘lishadi.

«Istamayman, yemayman, bormayman». Bola nega injiqlanadi?

— Boladan nimadir qilish yoki nimanidir qilmaslik so‘ralganida, u injiqlik qilsa, avvalo ota-ona o‘zi uchun aniqlik kiritib olishi kerak: maqsadi shunchaki bolasiga o‘z aytganini qildirishmi yoki haqiqatan ham bola uchun foydali narsani talab qilyaptimi?

Bog‘cha yoshini gapiradigan bo‘lsak, bolalarda 3 yosh krizisi bor. Bunda bola o‘z xohishlari ota-onasining xohishlaridan farqlanishini tushunib yetadi va o‘z xohishlarini ifodalay boshlaydi. Bu paytda hatto u xohlagan narsani taklif qilsangiz ham, rad etishi mumkin. Bu davr 2,5 yoshdan 4,5 yoshgacha davom etishi mumkin.

Bu krizis o‘tib ketishi uchun ota-onadan yordam kerak bo‘ladi: ozgina ayyorlik bilan yondashilgan holda. Bunda ularga xohishlari inobatga olinishini, ammo doim ham bunday bo‘lmasligi mumkinligini tushuntira olish kerak.

Masalan, dori ichish kerak bo‘lganda bola injiqlansa, unga «Dori ichasan» degan buyruq emas, ikkita qoshiqni ko‘rsatib qay birida ichishni istashini so‘rash mumkin. Yoki ovqatni qaysi idishda yeysan? Bog‘chaning bu eshigidan kirasanmi, yoki unisidanmi? Bunda bola masalani xuddi o‘zi hal qilganday, fikri inobatga olinganday his qiladi.

Bog‘cha yoshidagi bolalarning injiqliklarini ularga tanlash huquqini bergan holda bartaraf etish mumkin.

Hozirgi yoshlar...

— Eramizdan avvalgi bir filosof: «Hozirgi yoshlar juda buzilib ketgan: kattalarni hurmat qilishmaydi, ovqatni betartib yeydi, ustozlarini hurmat qilishmaydi», degan ekan. Hamma davrlarda odamlar shunday fikrda bo‘lgan.

Bolani zamonaviy narsalardan cheklash emas, aqlga to‘g‘ri keladigan darajada ruxsat berish kerak. Telefon ishlatishini, internetdan foydalanishini butkul taqiqlash o‘rniga, o‘rgatish va ma'lum cheklovlar bilan (bunga maxsus dasturlar yordam beradi) ruxsat berish zarur.

Shu bilan birga, ota-ona ham bola kabi zamon bilan hamnafas bo‘lishi maqsadga muvofiq. Bola TikTok'ni kuzatyaptimi, u qanaqa ilovaligini siz ham bilishingiz, uning foyda va zararlarini bola bilan muhokama qilishingiz mumkin. Ayrim holatlarda bola o‘zi xato qilib, xatolaridan o‘rganishi ham mumkin.

Ota-ona ish bilan band bo‘lib, farzand tarbiyasiga vaqt topishga qiynalayotgan bo‘lsa...

— Bu holatda inson o‘zi uchun aniqlab olishi kerak: ishlash uchun yashayaptimi yoki yashash uchun ishlayaptimi?

Agar hayot faqat ishdan iborat bo‘lib, oilaga vaqt ajratilmasa, demak bu insonning o‘zida muammo bor. Haddan ortiq ko‘p ishlash, pul topishim kerak deb doimiy xavotirlanish, bu – psixologik muammo.

Albatta, bu borada ham zamonaviy imkoniyatlar bor. Bolani 3 yoshdan keyin (3 yoshgacha bola onasi bilan iloji boricha ko‘proq birga bo‘lishi kerak) biror foydali mashg‘ulot (sport, to‘garaklar) bilan band qilish yoki enaga yollash mumkin.

Urib jazolashdan tiyilish kerak

— 1940 yilgacha bolani urib tarbiyalash oddiy hol hisoblangan. Undan keyingi yillarda bu masala bo‘yicha ko‘plab izlanishlar olib borilgan va natijada kaltak yeb katta bo‘lgan bolada yuqori agressivlik, ota-ona bilan munosabat buzilishi, psixologik salomatlik yomonlashishi, qurbon roliga tushib qolish, o‘ziga ishonmaslik kelib chiqishi isbotlangan.

Urib jazolashdan imkon qadar tiyilish lozim. Bu bolani kelajakda yana xato qilmaslikka o‘rgatmaydi.

«Seni detdomga berib yuboraman»

— Ota-ona farzandlarni o‘zaro taqqoslashi, adolatsiz bo‘lishi, ularga ishni teng taqsimlamasligi aka-uka, opa-singil janjaliga sabab bo‘ladi. Farzandlar o‘rtasida adolat qilinishi bunday adovatlarning oldini oladi.

Ota-onalar ko‘pincha farzandlariga qattiq ta'sir qiluvchi gaplar aytishidan uchta maqsad ko‘zlanadi: uyat his qildirish, qo‘rqitish, aybdorligini sezdirish. «Tengdoshing eplayapti, sen esa...», «Bir uraman...», «Seni detdomga berib yuboraman» kabilar bilan qo‘rqitish foydasiz va aksincha, zararli. Bu – bolaning o‘ziga ishonchi yo‘qolishi, rishtalar uzilishiga olib keladi.

To‘liq suhbatni Kun.uz'ning YouTube'dagi sahifasida tomosha qiling.

Gulmira Toshniyozova suhbatlashdi.
Tasvirchi – Abdusalim Abduvohidov.

Top