O‘zbekiston | 12:36 / 22.04.2020
60426
2 daqiqa o‘qiladi

Yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkalari berish tartibiga o‘zgartirish kiritiladi

O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish mo‘ljallanmoqda

Foto: Shutterstock

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Hukumatning 2019 yil 28 yanvardagi 63-son qarorining 1-ilovasi bilan tasdiqlangan yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkalari berish va yer uchastkalariga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini realizatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish kiritiladi.

Unga ko‘ra, yakka tartibda uy-joy qurish uchun 0,04 gektargacha va ushbu hajm doirasidagi yer uchastkalari auksionsiz:

  • halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar oilalariga;
  • davlat va xususiy uy-joy fondidagi o‘zlari egallab turgan uy-joyni tuman (shahar) hokimliklariga o‘tkazayotgan fuqarolar va mulkdorlarga;
  • daromadi yuqori bo‘lmagan (bir oydagi jami daromadi har bir oila a'zosiga belgilangan eng kam oylik ish haqining (hisoblashning bazaviy  miqdori 3 baravarigacha to‘g‘ri keladigan) oilalarga;
  • chin yetimlar, «Mehribonlik uylari»da tarbiyalanganlarga;
  • texnogen (kuchki, sel kelishi) xavf yuqori bo‘lgan hududlarda, shuningdek, suv muhofazasi va sanitariya-himoya zonalarida joylashgan va buzilishiga tushgan uy-joy va mulkdorlar egalariga;
  • uzoq va chekka qishloq (ovul) aholi punktlarida istiqomat qiladigan fuqarolarga hamda uzoq hududlarda yangidan tashkil etiladigan aholi punktlarida yashash istagini bildiradigan fuqarolarga;
  • alohida Hukumat qarorlari asosida belgilab berilgan davlat organlarining davlat xizmatchilariga beriladi. 

Yer uchastkasini berish bo‘yicha imtiyozlar bir oilaga bir marta (mulkdorning nomiga) beriladi va oilaning boshqa a'zolariga tatbiq etilmaydi.

Mavzuga oid