Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«El-yurt umidi»ning navbatdagi qadami: fond o‘qish xarajatlarini qoplashni kafolatladi
«El-yurt umidi» fondi birinchi bosqich stipendiya tanlovida stipendiat deb topilgan talabalarga xorijda o‘qish xarajatlarini qoplab berishni kafolatlovchi sertifikatlarni topshirdi. Avvalroq, Kun.uz’ga murojaat qilgan stipendiatlar jamg‘arma kontrakt miqdori qimmatligi tufayli pulni to‘lab bera olmasligi haqida gapirib bergandi. Endi nima bo‘ladi, fond va stipendiatlar o‘rtasidagi munosabatlar qanday? Kun.uz ushbu masala taqdiri bilan qiziqdi.
7 avgust kuni O‘zbekiston prezidenti huzuridagi davlat boshqaruvi akademiyasida «El-yurt umidi» fondi stipendiatlariga sertifikatlar topshirildi. Ma'lum qilinishicha, ushbu sertifikat stipendiatning o‘qish xarajatlari to‘liq to‘lab berilishini kafolatlaydi.

Joriy yilning 1 iyulida tanlov natijalariga asosan «El-yurt umidi» jamg‘armasi vasiylik kengashi qaroriga ko‘ra, joriy yil 78 nafar nomzod jamg‘arma stipendiatlari deb e'tirof etilgandi.
Shundan so‘ng Kun.uz’ga bir necha stipendiat murojaat qilib, fond rahbariyati kontrakt puli 20-25 ming dollardan qimmat bo‘lgan universitetlarga o‘qishga kirgan talabalarga xarajatlar to‘lab berilmasligi haqida og‘zaki topshiriq berilganini aytgani haqida gapirib bergandi. Kun.uz vasiylik kengashi qarori bilan stipendiat deb e'lon qilingan talabalarga fond tomonidan bildirilayotgan munosabatga e'tibor qaratgandi. Jamg‘arma rahbariyati esa pul to‘lab berish borasida hech kimga rad javobi berilmaganini ta'kidlagandi.
7 avgustda barcha stipendiatlarga jamg‘arma «xorijda o‘qish xarajatlarini qoplab berishni kafolatlaydigan» sertifikatlarni topshirdi. Jamg‘arma matbuot xizmati esa sertifikat xarajatlar to‘lab berilishini kafolatlashini tasdiqladi. Fond rahbariyati qizg‘in muhokama qilayotgan Stenford universitetiga qabul qilingan Asror Arabjonovga ham o‘qish xarajatlari qoplab berilishini ta'kidladi.
Kun.uz fond va stipendiatlar munosabatida qanday o‘zgarish bo‘lgani haqida Arabjonovga savol bilan murojaat qildi.
«17 iyul kuni «El-yurt umidi» jamg‘armasi binosida jamg‘arma rahbariyati bilan uchrashuv bo‘ldi. Uchrashuv davomida Adham Bekmuradov Sharipovich bunday uchrashuvni iloji boricha barcha stipendiatlar bilan uyushtirib, stipendiatlarni o‘qishiga kuzatishda asosiy prioritetlarni belgilash, fond va davlat oldida majburiyatlarni eslatish va chet davlatlarda va chet el ta'lim muassasalarida yurtimizning pozitiv imijini yaratish bo‘yicha maslahatlar berish maqsadi borligini aytdi.
Stenford shartnoma summasi balandligi va budjet mablag‘laridan oqilona foydalanish maqsadida universitetga xat yozishganini ma'lum qilishdi.
Bir necha kundan keyin Stenford universiteti ushbu magistrlik dasturi uchun stipendiyalar ko‘zda tutilmaganini ma'lum qildi. Adham Bekmuradov mening stipendiat ekanligimni, buni hech kim inkor qilmayotganini ta'kidladi. Universitetdan qo‘shimcha stipendiya olish masalasi hal bo‘lgach, mening muammom yuzasidan qarorni aytishini aytdi.
Bundan tashqari, mening va Adham Sharipovichning bir joydan chiqqan taklifimizga asosan magistrlik darajamni olganimdan so‘ng respublikamiz vazirliklari va boshqa boshqaruv organlarida faoliyat olib borishim bo‘yicha suhbat tashkil qilish uchun fond bir necha vazirliklar va davlat boshqaruvi tashkilotlari bilan bog‘landi. Hozirda shu vazirliklar va tashkilotlar bilan suhbatlar tashkil qilingan.
Fonddagi suhbatdan bir necha kundan keyin viza va boshqa hujjatlarni rasmiylashtirishda kech qolmaslik uchun fond elchixona va universitetga mening xarajatlarimni qoplash bo‘yicha kafolat xati qilib berdi.
Yaqinda bo‘lib o‘tgan «El-yurt umidi» stipendiatlari taqdirlash marosimida men ham barcha qatori sertifikat va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandim.
Bularning barchasini umumlashtirib, aytishim mumkinki, fond menga o‘qishim bilan bog‘liq xarajatlarni qoplab beradi.
Aytish joizki, 107 ming AQSh dollari bu Stenford universiteti tomonidan hisoblangan summa. Aslida shartnoma summasi 64 ming 350 AQSh dollari va fond tartibiga ko‘ra, har oylik xarajatlarga bir yillik hisobda 20-24 ming AQSh dollari beriladi», dedi u.
Shuningdek, Kun.uz’ga murojaat qilgan boshqa stipendiatlar ham qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, fonddan o‘qish xarajatlarini to‘lab berish borasida javob olganini aytishdi.
Jamg‘arma jamoatchilik fikrini e'tibordan chetda qoldirmayotganini ta'kidlash zarur. «El-yurt umidi»dan navbatdagi qadam sifatida jamoatchilikka qaysi talaba qayerga o‘qishga yuborilganidan tortib har biriga qanchadan mablag‘ sarflanganigacha – barcha xarajatlarni ochiqlashini kutamiz. Zero, fond rahbariyati ta'kidlaganidek, budjetning har bir so‘mi qadrli.
Mavzuga oid
17:59 / 16.09.2025
Yosh muhandislar tanlovi g‘oliblariga avtomobillar topshirildi
15:52 / 15.05.2025
O‘zbekistonda “Harvardchilar maktabi” ochiladi
16:09 / 13.05.2025
«El-yurt umidi» prezident stipendiyasi joriy etiladi
17:28 / 28.03.2025