17:42 / 12.07.2021
14374

Sog‘liqni saqlash tizimi uchun yana “Damas”lar sotib olinmoqda. Vazir o‘rinbosari izoh berdi

Tez yordam tizimida “Damas”lardan butunlay voz kechilishi bir necha bor ta'kidlanganiga qaramay, bir necha kun oldin Surxondaryo viloyat SSB maxsus va tez tibbiy yordam avtoxo‘jaligi 5 ta “Damas” sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzdi. SSV o‘rinbosari Amrillo Inoyatovga ko‘ra, bu mashinalarda bemor tashilmaydi, ular mobil brigadalar uchun mo‘ljallangan.

Foto: Kun.uz

Surxondaryo viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasining maxsus va tez tibbiy yordam avtoxo‘jaligi iyul oyida kamida beshta Damas-2 D13 rusumli maxsus avtomashinalarni xarid qilish bo‘yicha shartnoma tuzdi (1; 2; 3; 4; 5).

Mazkur avtotransportlar uchun viloyat budjetidan 245 mln so‘m mablag‘ sarflanishi ko‘zda tutilgan. Bu haqda davlat xaridlari portalida joylangan ma'lumotlarga davletovuz Telegram-kanali e'tibor qaratdi.

Gap shundaki, shu paytga qadar tez tibbiy yordamda “Damas” avtomobillaridan butunlay voz kechish rejalashtirilayotgani bir necha marta aytilgandi.

Sog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Hojiboyev ham “Damas”larda tez yordam uchun sharoitlar yetarli emasligini aytib, 2021 yilgacha “Damas”lardan to‘liq voz kechilishi, talab darajasida jihozlangan zamonaviy tibbiy yordam mashinalariga o‘tilishini ta'kidlagandi.

Kun.uz muxbiri masala yuzasidan sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Amrillo Inoyatov bilan bog‘landi.

“Ayni paytda koronavirus epidemiyasi yana avj olgan mahalda bu avtotransportlarga ehtiyoj bor. Lekin ulardan bemorlarni tashish uchun foydalanish ko‘zda tutilmagan.

Surxondaryo viloyatidagi ayrim tumanlarda aholi tarqoq holda joylashgan. Ana shunday hududlar uchun mobil brigadalar tashkil qilishni ko‘zda tutganmiz. Har 100 ming aholiga 1 ta mobil brigada xizmat qiladi. Bu o‘z navbatida kasalxonalardagi yuklamani ham kamaytirishga xizmat qiladi.

Mobil brigadalar chaqiruv asosida borib, bemorning ahvolini o‘rganib, agar uyda davolanish imkoni bo‘lsa, koronavirusga qarshi dorilar bilan ta'minlaydi. Bu “Damas”lardan shunday maqsadda foydalaniladi. Chunki koronavirusga chalingan barcha bemorlarning ham kasalxonada davolanishining imkoni yo‘q – kasalxonalarimizda joy yetishmayapti. Koronavirusga chalingan, ahvoli barqaror bo‘lgan bemorlardan mobil brigadalar o‘zlari xabar olishadi”, – dedi Inoyatov.

Vazir o‘rinbosariga ko‘ra, Jizzaxda Volkswagen avtomobillarini ishlab chiqaruvchi “Jizzax avtomobil zavodi” bilan tuzilgan shartnomaga ko‘ra, joriy yilning 1 oktyabriga qadar tez tibbiy yordam xizmati uchun 1000 ta Volkswagen avtomobili yetkazib beriladi.

“Buning uchun 35 mln dollarlik shartnoma imzolaganmiz. Kuzda ushbu avtomobillar yetkazib berilishi rejalashtirilgan. Shu o‘rinda bir narsani aytib o‘tmoqchiman, koronavirus bemorlarining ko‘paygani sababli Toshkent shahrida ham mobil brigadalar xizmatida avtomobillar yetishmay qolyapti. Ba'zida ko‘chadagi taksilar xizmatidan ham foydalanishga majbur bo‘lyapmiz. Chunki bemorlar ko‘p, ularning har biridan xabar olish, dorilar to‘plamini yetkazib berish kerak”, – ta'kidladi Amrillo Inoyatov.

Avvalroq sog‘liqni saqlash vazirining boshqa bir o‘rinbosari Abdulla Azizov Kun.uz bilan suhbatda SSV tizimida respublika bo‘yicha 1500dan ortiq “Damas” borligi, ularning barchasidan bir vaqtda voz kechish katta mablag‘ talab qilishini aytgandi.

Azizovga ko‘ra, bugungi kunda Toshkent shahrida “Damas” avtomobillaridan bemorlarni tashish maqsadida foydalanilmayapti.

Mavzuga oid
Top