Iqtisodiyot | 19:02 / 29.04.2021
29457
4 daqiqa o‘qiladi

«Obnal ishi»ning kutilmagan davomi: DSQ hukumat komissiyasi qarorini bajarishdan bosh tortdi - Yuliy Yusupov

Davlat soliq qo‘mitasi Buxorodagi 907 ta tadbirkorlik sub'yektidan QQS undiruvini bekor qilish borasidagi hukumat komissiyasi qarorini bajarishdan bosh tortgan. Bu haqda Kun.uz'ga ma'lum qilgan iqtisodchi Yuliy Yusupov qo‘mitaning «obnal ishi» doirasidagi keyingi xatti-harakatlari borasida fikr bildirdi.

Yuliy Yusupov

«Oldingi voqealar» ning qisqacha mazmuni

1. «Xavfni tahlil qilish» avtomatik dasturi asosida Davlat coliq qo‘mitasi 500 dan ortiq korxonani «obnalchi» deb e'lon qildi va quyidagilarga mutlaqo e'tibor bermadi:

  • qonunchilikda hech qanday «obnalchi» degan termin yo‘q;
  • «xavfni tahlil qilish» avtomatik dasturi hech qanday tarzda ushbu «obnalchi»larni aniqlay olmaydi, uning vazifasi – soliqlarni to‘lash nuqtayi nazaridan «shubhali» korxonalarni aniqlashdir;
  • «xavfni tahlil qilish» dasturi asosida, ta'rifga ko‘ra, hech kim hech narsada aybdor deb topilmaydi. Korxona haqiqatdan naqdlashtiruvchi operatsiyalarni amalga oshirgani tekshiruvlar orqali va sudda isbotlanishi kerak.

2. DSQning ro‘yxatiga kirgan «shubhali» korxonalar bilan qilingan barcha operatsiyalar hech qanday dalilsiz va sud qarorisiz ko‘zbo‘yamachilik uchun tuzilgan, deb e'lon qilindi. (Aftidan, DSQning dalillari va «sud»lari haqiqiy bolsheviklar sifatida burjua tizimining qoldiqlari hisoblanadi) Shu sababli, ushbu operatsiyalar bo‘yicha hisobga olingan QQS hisobotlari bekor qilindi.

Endilikda 10 mingdan ziyod tadbirkorlik sub'yekti ilgari to‘langan qariyb 1 trillion so‘m miqdoridagi QQSni to‘lashi kerak. Budjetni to‘ldirishning innovatsion usuli!

3. Shundan so‘ng DSQ bundan-da kam bo‘lmagan innovatsion usul – «idoraviy tekshiruvlar»ni o‘tkazdi. Aksariyat hollarda tekshiruv natijalari qo‘mitaning dastlabki qarori to‘g‘riligini tasdiqladi. Tekshirish metodologiyasi esa chuqur sir bo‘lib qoldi. Bunday foydali innovatsiyalarni asrash kerak, aks holda boshqa mamlakatlarning soliq qo‘mitalari o‘g‘irlashi mumkin.

«Obnal ishi»da kutilmagan burilish – voqealarning davomi qanday kechdi?

24 aprel kuni Kun.uz Sardor Umrzoqov boshchiligidagi hukumat komissiyasi Buxoro viloyatida faoliyat yuritadigan 907ta tadbirkorlik sub'yektiga «obnal ishi» yuzasidan yuklatilgan 47 milliard 133 million so‘mlik QQS undiruvini bekor qilish to‘g‘risida qaror chiqargani haqida maqola e'lon qildi.

Qarorning ijrosini ta'minlashni nazorat qilish Bosh prokuratura zimmasiga yuklatilgan.

Bu «obnal ishi»da mutlaqo yangi burilish bo‘ldi va Buxoro viloyati uning muvaffaqiyatli yakunlanishiga ilk nishona bo‘lmoqda.

Ammo DSQ bunga munosabat bildirdi. Qanday?

DSQ hukumat komissiyasi qarori yuzasidan bayonot berdi, lekin aslida, qo‘mita hukumat komissiyasining qarorini bajarishdan bosh tortdi.

Komissiya tomonidan belgilab qo‘yilganidek, qayta hisoblangan QQS undiruvini bekor qilish o‘rniga «tegishli ariza bilan soliq idoralariga murojaat qilgan barcha xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga (nafaqat Buxoro viloyati, balki barcha hududlar) soliqni 6 oy ichida teng ulushlarda bo‘lib to‘lashga imkon berildi».

Boshqacha qilib aytganda, DSQ o‘z xatosini tan olmoqchi emas va ilgarigiga o‘xshagan qarorlarni qabul qilishda davom etadi. Ko‘rinib turibdiki, qo‘mita rasmiylari o‘zlarini biznes bilan jangda qahramon kurashchilarday his qilishyapti.

Yuliy Yusupov

  • Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati Kun.uz so‘roviga Buxorodagi tadbirkorlardan «obnal ishi» doirasida QQS undiruvi «bekor qilinmagani, lekin yengillik berilgani»ni bildirib javob qaytardi.

Mavzuga oid