O‘zbekiston | 18:26 / 20.07.2022
21888
3 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘iston deputatlari prezidentdan favqulodda holatni yumshatishni so‘radi

Jo‘qorg‘i Kengesning bugun, 20 iyuldagi sessiyasida Qoraqalpog‘istondagi favqulodda holat rejimini yumshatish bo‘yicha prezident Shavkat Mirziyoyevga murojaat yo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Foto: Jo‘qorg‘i Kenges matbuot xizmati

Jo‘qorg‘i Kenges axborot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senati a’zolari, deputatlari, muassasalar rahbarlari, shahar va tumanlar hokimlari, tuman hokimlari so‘zga chiqib, sodir bo‘lgan noxush holatlarga o‘z munosabatini bildirgan hamda tegishli qaror qabul qilingan.

3 iyuldan joriy etilgan favqulodda holat rejimi 2 avgust soat 00:00gacha amal qiladi.

Qoraqalpog‘istondagi sessiyani yoritgan “Yangi O‘zbekiston” nashri dastlab o‘z xabarida qoraqalpog‘istonlik deputatlar prezident Shavkat Mirziyoyevdan favqulodda holatni bekor qilish va “aybsiz fuqarolarni afv etish”ni so‘rayotgani haqida yozdi, keyinroq o‘z xabarini tahrirladi: unga ko‘ra, prezidentga murojaatdan faqat favqulodda holatni yumshatish so‘rovi joy oladi.

Eslatib o‘tamiz, 13 iyul kuni favqulodda holat rejimi yumshatilgan, komendantlik soati 21:00 – 07:00 oralig‘idan 23:00 – 05:00 oralig‘igacha qisqartirilgan edi.

1-2 iyul kunlari bo‘lib o‘tgan namoyish va tartibsizliklardan keyin kiritilgan rejim quyidagilarni nazarda tutadi:

  • komendantlik soati amal qiladi;
  • jamoat tartibini, o‘ta muhim va toifalangan obektlarni hamda aholining hayot faoliyatini ta’minlovchi infratuzilma obektlarini muhofaza qilish kuchaytirildi;
  • Qoraqalpog‘iston hududida harakatlanish erkinligi cheklandi, shu jumladan transport vositalari uchun ham;
  • fuqarolarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar tekshirilmoqda, ular shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda, ulardagi ashyolar va transport vositalari ko‘zdan kechirilmoqda;
  • Qoraqalpog‘iston hududiga kirish va undan chiqish cheklandi;
  • tinch yig‘ilishlar, ko‘ngilochar, sport va boshqa ommaviy tadbirlar tashkil etilishi va o‘tkazilishi taqiqlandi;
  • yuridik shaxslar faoliyatini to‘xtatib turish yoki tugatishga qaratilgan ish tashlashlar va boshqa har qanday harakatlar taqiqlandi;
  • qurol, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar, maxsus vositalar, zaharli moddalar sotilishi taqiqlandi;
  • dori va giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar hamda etil spirti va alkogol mahsulotlari muomalasining alohida tartibi joriy etildi;
  • jismoniy shaxslardan qurol va o‘q-dorilar, zaharli moddalar, yuridik shaxslardan esa qurol, o‘q-dorilar va zaharli moddalar bilan bir qatorda harbiy va o‘quv-harbiy texnika, portlovchi va radiaktiv moddalar vaqtinchalik olib qo‘yilmoqda.

Mavzuga oid