SilkJet kompaniyasi xorijiy investitsiyalar va jahon tajribasiga ega aviatsiya mutaxassislarini jalb etgan holda O‘zbekistondagi birinchi loukosterni ochishga tayyor. Uning asoschisi Alisher Annazarov Kun.uz’ga bergan intervyusida yangi aviatashuvchining paydo bo‘lishi bozordagi vaziyatni qanday o‘zgartirishi, bundan nafaqat yo‘lovchilar, balki «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK va davlat yutishi mumkinligi haqida so‘z yuritdi.

— Mahalliy loukoster paydo bo‘lishi MAK uchun xavfli degan fikrga qo‘shilasizmi?

— Hukumatda biz parvozlarni boshlaganimizda MAK raqobatga dosh berolmaydi degan xavotir bo‘lishi mumkin. Jahon tajribasining ko‘rsatishicha, bozorda loukoster-aviakompaniyalar (Lowcoster carriers, LCC) paydo bo‘lishi to‘liq servis aviakompaniyalarining (Full Service) tashuv va moliyaviy ko‘rsatkichlari o‘sishiga olib keladi. Vaqt o‘tishi bilan LCC va Full Service biznes-model tushunchalari birikishi yuzaga keldi, Yevropa va Shimoliy Amerikada esa Full Service tashuvchisidan LCC tashuvchisini farqlab olishning imkoni yo‘q. Bu bozorlarda aksariyat aviakompaniyalar allaqachon gibrid hisoblanadi (to‘liq servis va loukoster unsurlari aralashgani) va yuk, yemak, joy tanlash, qo‘nish ustuvorligi uchun to‘lov oladi. Natijada bu ikki model o‘rtasida unchalik katta farq qolmagan. Buyuk Britaniyada British Airways RYANAIR va easyJet kabi gigant loukosterlar bilan yonma-yon faoliyat ko‘rsatmoqda, Vetnamda Vietnam Airlines VietJet va JetStar loukosterlari paydo bo‘lganidan so‘ng muvaffaqiyatli rivojlanmoqda. Bunday misollar yetarlicha topiladi.

Biz parvozlarni boshlaganimizda, bu MAK foydasiga bo‘ladi. Voqelik shunday, mahalliy loukoster tomonidan raqobat bo‘lishi O‘zbekistonda MAK uchun xorij aviakompaniyalari bilan raqobatga tayyorlanish uchun eng yaxshi narsa. Moslashish va o‘zgarish zarurati MAK personalining barcha darajalariga taalluqli bo‘ladi. Yaqinda e'lon qilingan gibrid biznes-modeliga o‘tish – bu to‘g‘ri yo‘nalishdagi qadam hisoblanadi. Ko‘plab davlatlar buni boshdan kechirgan va O‘zbekiston ham bundan muvaffaqiyatli o‘tishiga ishonchim komil. Bizda aviakompaniyalar qancha ko‘p bo‘lsa, raqobat va tashuvlar hajmi shuncha yuqori bo‘ladi. Mos ravishda, aholining aviatsion harakatchanligi va servis darajasi oshadi, chiptalar narxi esa pasayadi.