Taqdimotda qayd qilinishicha, Navoiy xalqaro aeroportining asosiy ko‘rsatkichlari o‘sganiga qaramasdan, havo kemalariga xizmat ko‘rsatish, yo‘lovchi va yuk tashish bo‘yicha maksimal quvvatlaridan to‘liq foydalanilmayapti. Shuningdek, aeroport infratuzilmasi, texnika parki, yuk va yo‘lovchi terminallarini modernizatsiya qilish, faoliyat jarayonlarini raqamlashtirish zarur.
Taqdimotda Navoiy xalqaro aeroportini loyihaviy boshqaruv tamoyillari asosida rivojlantirish taklif etildi.
Aeroportni “Uzbekistan Airports” AJ markazlashgan operativ boshqaruv tizimidan ajratgan holda, unga mahalliy va xorijiy aviakompaniyalar bilan yo‘lovchi va yuk tashish, tranzit hamda texnik qo‘nishlar bo‘yicha mustaqil muzokaralar olib borish hamda shartnomalar tuzish huquqi beriladi.
Aeroport daromadlarini uning infratuzilmasini modernizatsiya qilish, yoqilg‘i rezervuarlarini kengaytirish, havo kemalarini ta’mirlash va bo‘yash xizmatlarini joriy etishga yo‘naltirish orqali aviatsiya xizmatlari eksportini oshirish vazifalari belgilandi.

Navoiy xalqaro aeroportini rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan biznes rejasi to‘g‘risida axborot berildi. Unga ko‘ra, tijorat va noaviatsion faoliyat ko‘rsatkichlari 50 foizga oshiriladi, 25 tadan ortiq aviakompaniyalarning doimiy parvozlari yo‘lga qo‘yilib, qayta ishlanadigan yuk hajmi 20 ming tonnadan oshiriladi.
Aeroport hududida havo kemalariga texnik va tijorat xizmatlari ko‘rsatishga ixtisoslashgan “porto-franko” erkin bojxona zonasini tashkil etish taklif qilindi.
2029 yil 1 yanvarga qadar havo kemalariga xizmat ko‘rsatish uchun olib kiriladigan maxsus texnika va ehtiyot qismlar bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadi. Shuningdek, hududdagi mehmonxona aeroport tasarrufiga o‘tkazilishi belgilandi.
Taqdimotda fuqaro aviatsiyasi korxonalarini transformatsiya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Korxonalar faoliyati samaradorligini oshirish va moliyaviy barqarorlikni ta’minlash maqsadida xarajatlarni qisqartirish, resurslardan oqilona foydalanish hamda asosiy faoliyat turiga xos bo‘lmagan xizmatlarni autsorsingga o‘tkazish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar haqida axborot berildi.
Energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish, elektr energiyasida harakatlanuvchi maxsus transport vositalaridan foydalanish orqali ekspluatatsion xarajatlarni kamaytirish zarurligi qayd etildi.
















