Taqdimotda ta’lim tizimini xalqaro standartlar asosida yo‘lga qo‘yish, sohadagi ehtiyojdan kelib chiqqan holda zamonaviy mutaxassislar tayyorlash ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Yangi universitet va texnikum aviatsiya sohasi uchun amaliy va nazariy bilimlarni uyg‘unlashtirgan ta’lim modelini joriy etadi.

Ma’lum qilinishicha, ta’lim muassasalari AQShning Embry-Riddle va Fransiyaning ENAC kabi yetakchi xalqaro aviatsiya ta’lim markazlari bilan hamkorlikda tashkil etiladi.

Universitetda bort kuzatuvchi, aviatsiya texnikasi bo‘yicha mutaxassis va mexaniklar kabi amaliy kasblar bilan bir qatorda uchuvchilik, muhandislik, havo harakati dispetcherligi, boshqaruv yo‘nalishlarida ham kadrlar tayyorlash hamda ilmiy dasturlarni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.

Yig‘ilishda ta’lim sifatini oshirish, o‘quv jarayonlarini zamonaviy trenajyor va laboratoriyalar bilan jihozlash, xalqaro sertifikatlash tizimini joriy etish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi. Prezident takliflarni ma’qullab, mas’ullarga tegishli topshiriqlar berdi.