Jahon | 11:46 / 08.08.2025
20564
3 daqiqa o‘qiladi

Polshalik jurnalistlar Tramp Putinga aynan nima taklif qilayotganidan xabar topdi

O‘t ochishni to‘xtatish. Amalda Rossiya egallab olgan hududlarni tan olish. Sanksiyalar bekor qilinishi. Ammo AQSh Ukraina NATOga a’zo bo‘lib kirmasligiga kafolat bermaydi.

Chip Somodevilla / Getty Images

Polshadagi Onet.pl nashri AQShning Rossiya-Ukraina urushini hal qilish rejasi tafsilotlarini e’lon qildi. Jurnalistlardagi ma’lumotlarga ko‘ra, 6 avgust kuni Moskvada Vladimir Putin va Stiv Uitkoff o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Kreml Donald Tramp ma’muriyatidan yevropalik ittifoqchilar bilan kelishilgan «juda foydali taklif» olgan.

Bu taklif quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  1. o‘t ochishni to‘xtatish (lekin tinchlik bitimi emas);
  2. Rossiyaning Ukrainada bosib olingan hududlar ustidan nazoratini amalda tan olish (bu masalani 49 yoki 99 yilga kechiktirish bilan);
  3. Rossiyaga qarshi aksariyat sanksiyalarni bekor qilish, uzoq muddatli istiqbolda esa energetika sohasidagi hamkorlikni hamda Rossiya gazi va nefti importini qayta tiklash.

Shu bilan birga, takliflar paketida NATOni kengaytirishdan bosh tortish va Ukrainani harbiy qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatish bo‘yicha kafolatlar yo‘q. Ta’kidlanishicha, Rossiya tomoni oxirgi bandga rozi bo‘lgan.

Polshalik jurnalistlar bu ma’lumot manbasini keltirmagan. Mojaro tomonlari bu ma’lumotlarga rasman izoh bermagan. Tramp Putinning Kremlda Uitkoff bilan uchrashuvidan keyin yevropalik ittifoqchilari bilan o‘z rejalari haqida gaplashgani ma’lum.

Stiv Uitkoff Donald Tramp Kremlga Ukrainadagi harbiy harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha ultimatum qo‘yishidan ikki kun oldin Moskvaga tashrif buyurdi. Agar muddatga rioya qilinmasa, AQSh prezidenti Rossiyadan neft sotib oluvchi mamlakatlarga nisbatan boj joriy etishga va’da bergandi.

Vladimir Putin va Stiv Uitkoffning Kremlda bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan keyin Tramp kelasi hafta, 11-17 avgust kunlari oralig‘ida Rossiya va Ukraina prezidentlari ishtirokida uch tomonlama muzokaralar o‘tkazish niyatida ekanini ma’lum qildi. Kreml Putin va Trampning uchrashuvini yaqin kunlarda o‘tkazishga kelishib olganini tasdiqladi. RF prezidenti bo‘lajak uchrashuv uchun munosib joylardan biri sifatida Birlashgan Arab Amirliklarini ko‘rsatdi. U, shuningdek, umuman olganda, Volodimir Zelenskiy bilan uchrashishga qarshi emasligi, ammo buning uchun sharoit yaratilishi kerakligi, bunga esa hali ancha borligini qo‘shimcha qildi.

Avvalroq Bloomberg ham o‘z manbalariga tayanib, Tramp Putin bilan uchrashuvda o‘t ochishni to‘xtatish va «hududlarni almashish masalasi»ni muhokama qilish niyatida ekanini tasdiqlagandi. Bu nimani anglatishiga aniqlik kiritilmagan. Putin agar Ukraina Donetsk, Luhansk, Xerson va Zaporijjya oblastlarining ma’muriy chegaralaridagi barcha hududlardan qo‘shinlarini olib chiqsa, Rossiya o‘t ochishni to‘xtatishga tayyorligini bir necha bor aytgan. Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyasida qo‘shib olingani rasman qayd etilgan bu hududlarning hech biri Rossiya qo‘shinlari tomonidan to‘liq nazorat qilinmaydi.

Mavzuga oid