22:49 / 05.06.2020
14229

Chempionat qanday davom ettiriladi? Diyor Imomxo‘jayev bilan intervyu

Karantin vaqti O‘zbekistonda futbol to‘xtab qolgan bo‘lsa-da, muhim bir o‘zgarish sodir bo‘ldi. Futboldagi eng muhim ikki tashkilotdan biri hisoblangan PFLda rahbar o‘zgardi. Jurnalistik faoliyatida o‘zbek futbolidagi kamchiliklarni keskin tanqid qilgan, keyinchalik PFLda direktor maslahatchisi bo‘lib ishlagan Diyor Imomxo‘jayev tashkilotning vaqtincha direktori etib tayinlandi. PFLning keyingi rejalari va chempionat tiklanishi haqida Diyor Imomxo‘jayev bilan suhbat uyushtirdik.

– Diyor, chempionat tiklanishi ma'lum bo‘lgach, klublar mashg‘ulotlarni boshlab yubordi. Ular yana qo‘shimcha tekshiruvlardan o‘tadimi?

– Shu vaqtgacha 6-7ta klub koronavirusga test topshirib bo‘lgan. O‘yinlar boshlanguncha hammani tekshirib bo‘lamiz.

– Jamoalarning stadionga kelish tartibi qanday bo‘ladi?

– Klublar stadionga boshqa-boshqa vaqtda keladi. Biz maxsus rolik tayyorlayapmiz va unda klublar stadionga kelishidan avtobus dezinfeksiya qilinishigacha ko‘rsatilgan. Masalan, avtobusda oldin hamma yonma-yon o‘tirgan bo‘lsa, hozir «zigzag» ko‘rinishida o‘tirishadi. Bundan tashqari, har bir futbolchi yechinish xonasigacha tekshiruvdan o‘tib kirib boradi. O‘yinga yarim soat qolganida sport jurnalistlarini bitta-bitta tekshirib kiritishni boshlaymiz, chunki o‘yin boshlangunga qadar futbolchilar va jurnalistlarning uchrashishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Jurnalistlar, fotograflar o‘z o‘rnini egallagach, futbolchilar maydonga chiqib keladi. Stadionda futbolchilardan boshqa hamma niqobda bo‘ladi.

– Muxlislar bo‘lmaganidan keyin stadionda militsiya xodimlarining ham keragi bo‘lmas?

– Militsiya xodimlari stadionda bo‘lishi shart. Birinchidan, bu protokolda ko‘rsatilgan. Bundan tashqari, o‘yinga kirishni xohlab qoluvchi qiziqqon muxlislar uchrab qolishi mumkin. Militsiya xodimlarisiz tartibni saqlay olmaymiz. Stadionda umumiy hisobda 250 kishi bo‘lishini mo‘ljallayapmiz. Bundan oshirmaslikka harakat qilamiz.

– O‘yinlarning o‘tishida asosiy ishni mezbon jamoa qilsa-da, PFL barchasini nazorat qiladi. Shu tomondan olganda, PFL hozir to‘liq ish faoliyatiga o‘tdi desak bo‘ladimi?

– To‘liq bo‘lmasa ham, ish jarayoniga aralashishi shart bo‘lgan xodimlar ishga chiqqan. Karantin talablari 15 iyungacha uzaytirilgan, ammo biz musobaqani o‘tkazishimiz kerak, shu sabab kerak xodimlarimiz ishlamoqda. Hozir ish eng ko‘p bo‘lgan vaqt.

– PFL «Bunyodkor» stadionida ikki yildan buyon faoliyat olib bormoqda. Bu yerda qaysi asosida ishlaysizlar?

– «Bunyodkor» stadioniga ijara to‘laymiz. Bizga umumiy 8ta xona ajratilgan. PFL doim yopiq tashkilotdek ko‘ringan, lekin unday emas.

– Bizda klublar har xil. Superligada ham, Pro-ligada ham. Ularning imkoniyati ham bir xil emas. Masalan, «Bunyodkor» klubida hammasi joyida. Lekin ba'zi klublarda muammo uzoq yillardan buyon mavjud va shunday bo‘lsa-da, ular chempionatga qo‘yilmoqda...

– Ko‘pchilik bizga litsenziyalash talabini qo‘yib olgansizlar, bu nega kerak, deb aytadi. Lekin rivojlanishga busiz erishib bo‘lmaydi. Talabni aynan litsenziyalash bo‘limi qo‘yadi. Yillar davomida klublar litsenziyalashdan oson o‘tib kelgan. Masalan, «Qo‘qon-1912» stadionida boshida kechasi futbol o‘ynab bo‘lmasdi. Talab qo‘yilgandan keyin hozir stadion yoritkichlari 300 lyuksga chiqqan. Talab asta-sekin oshirib boriladi. Klublar bosqichma-bosqich rivojlanib borishi uchun litsenziyalash kerak. Hozir Superliga va Pro-ligadagi barcha stadionlarda minimum talablar bajarilgan. OFKda bu tartib qanday? Ular birinchi yil akademiyaga e'tibor berishadi, keyingi yil boshqa talab qo‘yiladi. Shu tartibda infrotuzilma shakllanadi.

Hozir biz audit tekshiruvini jiddiylashtirish ustida ishlayapmiz. Ya'ni, klublar qancha pul topyapti, qancha ishlatyapti buni tekshirish kerak. Avval pul klubga tushgan va ishlatib yuboraverishgan. Odamlar davlat pul beradi va bular sarflayveradi, deb o‘ylashadi. Ularda mana shunday xayol bo‘lmasligi kerak.

– Audit tekshiruvi qanday o‘tkaziladi?

– Avval klublar audit tekshiruvini o‘tkazish uchun kimnidir yollab, o‘tib ketavergan. Endi biz bu jarayonni markazlashtirishimiz kerak. Ya'ni, faqat bizga hisob beradigan audit tekshiruvini o‘tkazamiz. Hozir davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan ishlayapmiz. 13ta jamoaning moliyalashtirish sistemasi ularga o‘tkaziladi. Berilayotgan har bir tiyin nazoratda bo‘lishi kerak.

Biz klublarning futbolchiga qancha maosh berishiga indamaymiz, shunchaki pul qayerga ketayotgani nazorat qilinadi. Masalan, «Qizilqum»da 7 yil davomida bir kishi ham murabbiy, ham boshqaruvchi bo‘ldi va ko‘p ish qilinmadi. Oxirgi bir yilda o‘zgarish bo‘ldi, chunki talab bo‘lyapti. Nasib bo‘lsa, noyabrda «Qizilqum»da akademiya qurib bitkaziladi.

– Superliga jamoalari orasida kimning smetasi eng yuqori?

– Albatta, bu borada «Paxtakor»ga boshqa klublar yaqinlasha olmaydi. Lekin buning miqdori haqida ma'lumot bera olmayman. Klublarning hisobidagi mablag‘lar haqida bizda ma'lumot bor, lekin ularni oshkor qilolmaymiz. Nasib bo‘lsa, keyingi yildan bu ma'lumotlar oshkor qilib boriladi. PFLning o‘zi ham hisobot beradi. Xuddi shunday, futbolchilarning qancha maosh olishi, mukofoti qanchaligi haqida ham ma'lumot bor, ammo yo‘riqnomada ularni oshkor qilish degan band yo‘q.

Futbolchi murabbiylar 20-30 milliongacha oylik olishadi. Bu juda ko‘pdek tuyulishi mumkin, lekin futbol uchun bu normal holat. Masalan, Jaloliddin Masharipov, Dragan Cheran, Eren Derdiyo‘qlar qolganlardan sezilarli darajada ko‘p maosh oladi, chunki ular Superliganing eng asosiy yulduzlari. Qaysi futbolchiga talab ko‘p bo‘lsa, uning maoshi ortib boraveradi.

Jamoliddin Bobojonov suhbatlashdi

Top