Turkiyaning Bolu viloyatidagi mehmonxonada yuz bergan yong‘in oqibatida halok bo‘lganlar soni 76 nafarga yetdi, 50 dan ortiq kishi jarohatlangan. Turkiya Adliya vaziri hodisa yuzasidan to‘qqiz kishi, jumladan, mehmonxona egasi qo‘lga olinganini ma’lum qildi. 22 yanvar kuni mamlakat bo‘ylab motam e’lon qilingan.
21 yanvarga o‘tar kechasi Turkiyaning Bolu viloyatidagi Kartalkaya tog‘-chang‘i kurortidagi mehmonxonada yong‘in ro‘y berdi. Olov qisqa muddat ichida butun binoni qamrab olgan. Turkiya ichki ishlar vaziri Ali Yerliqoya bergan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida 76 kishi halok bo‘ldi. Qurbonlardan 52 nafarining shaxsi aniqlanib, ularning jasadlari oilalariga yetkazilmoqda. Qolganlarning shaxsi noma’lum bo‘lib qolmoqda. 50 dan ortiq odam jarohatlangan. Jabrlanganlarning bir qismi — og‘ir ahvolda.
12 qavatli Grand Kartal mehmonxonasidagi yong‘in mahalliy vaqt bilan soat 03:27 da boshlangan. Shu kunlarda Turkiyadagi maktablar ikki haftalik ta’tilga chiqqan va bu davr tog‘-chang‘i mavsumining avj pallasi hisoblanadi, shu tufayli mehmonxonada shu kuni 230 dan ortiq kishi bor edi. Mehmonxona binosi yog‘ochdan qurilgani sababli, olov tez tarqalgan. Yong‘inni o‘chirish ishlariga 200 dan ortiq qutqaruvchilar jalb etilgan.
Bolu gubernatori Abdulaziz Oydin bergan dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in mehmonxonaning to‘rtinchi qavatidagi restoranlar hududida chiqqan va yuqori qavatlarga tarqalgan. Mehmonxona Bolu markazidan ancha uzoqda joylashgan. Natijada o‘t o‘chiruvchilar noqulay ob-havo sharoitida voqea joyiga yetib borishi uchun bir soatdan ortiq vaqt ketgan.
Qutqaruv ishlari tongda ham davom ettirilgan va ertalabki xabarlarda qutqaruvchilar hamon mehmonxonaning ayrim nuqtalariga yetib borishga urinayotgani aytilgandi.
Mahalliy nashrlarga ko‘ra, kamida ikki kishi mehmonxona derazalaridan sakrab halok bo‘lgan. Ayrimlar choyshabdan qilingan arqonlar yordamida derazadan chiqishga uringan. Chang‘i instruktori Nejmi Kepchetutan mahalliy televideniyega mehmonxonani yaxshi bilgani tufayli omon qolgani, uning yo‘laklari bilan yaxshi tanish bo‘lmagan mijozlarning esa omadi kelmaganini aytib o‘tgan.
«Odamlar derazalardan qarab: „Bizni qutqaring« deya qichqirishdi, chunki ichkarini kuchli tutun qoplagandi. Biz 20-25 kishini olib chiqdik»,
















