Ushbu mavsum oldidan ham aksariyat viloyat hokimlari jamoalar oldiga chempionlik vazifasini qo‘ygan edi. Jumladan, Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov «Neftchi», Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov «Navbahor», Qashqadaryo viloyati hokimi Murodjon Azimov «Nasaf» oldiga chempionlik vazifasini qo‘ygan edi. Yakunda voha klubi vodiy jamoalarini ortda qoldirib, jamoa uchun qilingan katta xarajatlarni oqladi, deyish mumkin.

Tribuna.uz sayti yil boshida aksariyat klublar oldiga qanday maqsad qo‘yilgani, klublarning yillik taxminiy xarajati va yakunda qanday natijaga erishganiga nazar tashladi.

2024 yilgi mavsum oldidan:

Hokim Qashqadaryo xalqi chempionlikni kutayotganini aytdi, Ro‘ziqul Berdiyev va’da berdi

«Nasaf» jamoasining 2024 yilgi mavsum oldi tanishtiruv marosimida viloyat hokimi Murodjon Azimov, klub bosh homiysi sanalmish «Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi» rahbariyati ishtirok etib, 2024 yilda Qashqadaryo ahli jamoadan faqat va faqat chempionlik kutayotganini ma’lum qildi.

«Qashqadaryo xalqi anchadan buyon sevimli jamoamizning O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritishni orzu qilmoqda. Joriy yilda ushbu orzuni ushalishiga bor kuchimiz bilan harakat qilishimiz kerak. Jamoamiz oldidagi maqsad va vazifalarni bajarish uchun viloyat rahbariyati har qanday yordamni ayamaydi», - deya ta’kidlagan Azimov.

Jamoa nomidan so‘zga chiqqan bosh murabbiy Ro‘ziqul Berdiyev yil davomida «Nasaf»ni qo‘llab-quvvatlagan barchaga o‘z minnatdorchiligini bildirib, yangi mavsumda jamoa oldiga qo‘yilayotgan maqsad yo‘lida birlashib, viloyat ahli uzoq kutgan chempionlik uchun kurashishga va’da bergan.

2024 yilgi mavsum yakuni: «Nasaf» ilk bor Superliga chempioni

Bosh murabbiy Ro‘ziqul Berdiyev mavsumda jamoasi oldiga qo‘yilgan vazifani muddatdan avval bajarib, ilk bor chempionlikni boshi uzra ko‘tardi. Tribuna.uz saytiga ma’lum bo‘lishicha, «Nasaf»ning yil boshida Superligadan tashqari, OChLda ham ishtirok etishi inobatga olinib, yillik budjeti taxminan 130 milliard so‘m atrofida belgilangan. O‘zbekistonda yillik eng katta smeta va buning evaziga barqaror tarkib qilingani ham yakunda «Nasaf»ning muvaffaqiyatli odimini ta’minladi.

E’tiborlisi, 2025 yildan Qashqadaryo viloyatining o‘zidan Superligada 3ta jamoa  - «Nasaf» (Qarshi), «Mash’al» (Muborak) va «Sho‘rtan» (G‘uzor) ishtirok etadi.