Taxtadan taxtaga o‘tish, SSSR gegemonligi, dunyo aqlining to‘qnashuvi - Shaxmat olimpiadasi tarixi
Shaxmat (shohmot/shatranj) eng kamida 1,5 ming yillik tarixga ega. Ancha murakkabligi va ko‘p vaqt olishiga qaramay, ommabopligi juda yuqori. Ayniqsa internet rivojlanishi ortidan jahonning turli nuqtalaridagi shaxmat ishqibozlari bellasha boshladilar va o‘yinga bo‘lgan qiziqish yanada ortdi. O‘zbekiston terma jamoasining muvaffaqiyatli o‘yinlaridan keyin shaxmat olimpiadasi barchaning diqqat markazida bo‘lib turibdi.
Shaxmat azaldan faol o‘ynab kelingan bo‘lsa-da, muntazam xalqaro musobaqalar XIX asrga kelibgina o‘tkazila boshladi. Ular har safar turlicha tartibda bo‘laverar, ko‘pincha hamma yig‘ilgandan keyin ishtirokchilar soni va talabiga ko‘ra turnir qoidalari belgilab olinardi. Ayrim jamoaviy turnirlarda barcha o‘yinchilar o‘z jamoadoshlarining o‘yinlariga ham aralashish huquqiga ega bo‘lgan va ko‘p hollarda jamoadagi bir kuchli shaxmatchi taxtadan taxtaga oshib umumiy g‘alabani ilib ketavergan.
1886 yilda amerikalik Vilgelm Steynits yana bir shaxmat ustasi polshalik Iogann Tsukertortni mag‘lub qiladi va o‘yin shartiga ko‘ra jahon chempioni unvoniga ega bo‘ladi. Aynan mana shu sanadan so‘ng dunyoning eng kuchli shaxmatchisi kim degan savol tobora baland yangray boshlaydi va turnirlar jiddiy tus oladi.
O‘sha paytdagi yozilmagan qoidalarga ko‘ra, jahon chempioni raqibni o‘zi tanlash, sovrin jamg‘armasi, o‘tkaziladigan hududni ham shaxsan belgilash huquqiga ega edi. AQShlik shaxmatchi Steynits rossiyalik Mixail Chigorinning chaqirig‘ini qabul qiladi va 1889, 1992 yillarda ikki marta g‘olib bo‘ladi. Ammo Steynitsdan ham kuchli shaxmatchi paydo bo‘ladi. 1894, 1897 yillarda germaniyalik Emanuil Lasker uni mag‘lub etadi.
Aynan Laskerning shaxmatdagi o‘rni beqiyos. Chunki u o‘ta kuchli shaxmatchi bo‘lish bilan birga, turnirlarda ma’lum talab va tartib o‘rnata oladi, mualliflik huquqiga amal qilinishiga, shaxmatchilar gonorari yuqori bo‘lishiga, shu tarzda ular tirikchilik tashvishidan qutulishiga harakat qiladi. Chunki undan oldingi jahon chempioni Steynits qashshoqlikda vafot etgandi. Lasker 27 yil davomida jahon chempioni unvonini saqlab turadi va shaxmat afsonalaridan biriga aylanadi.
1924 yilda Xalqaro shaxmat federatsiyasi(FIDe)ga asos solinadi va shundan keyin butun dunyo bo‘ylab dona surayotgan millionlab ishqibozlar ma’lum umumiy qoidalar bilan tanisha boshlaydilar. Yirik davlatlarning barchasida shaxmatga oid alohida nashrlar chop etiladi, yetakchi gazetalar bu o‘yin vazifalari ko‘rsatilgan alohida ruknlar tashkil etishadi.
Aynan shu 1924 yilda bo‘lib o‘tgan Parij olimpiadasida shaxmat o‘yinlari ham tashkillashtiriladi. Ammo saralash turnirlari bo‘yicha aniq reglament ishlab chiqilmagani, havaskorlar va professionallar maqomiga aniqlik kiritilmagani uchun ko‘plab anglashilmovchiliklar kelib chiqadi. Shunga qaramay latviyalik German Matison turnir g‘olibligini qo‘lga kiritadi. Parijda FIDega prezident ham saylanadi – gollandiyalik Aleksandr Ryub federatsiyani boshqarishga kirishadi.
Shundan keyin shaxmat turnirlari muntazamlik kasb eta boshladi va ularga bo‘lgan qiziqish ancha ortdi. Har bir turnirda yetakchi OAV ishtirok eta boshladi, radio orqali har bir yurish haqida ma’lumotlar berib borila boshlandi. Bu paytga kelib xat orqali shaxmat o‘ynash, radio orqali ikki davlat terma jamoalarining o‘yinlarini uyushtirish ham urfga kira boshladi.
1945 yilda SSSR–AQSh, 1946 yilda SSSR–Buyuk Britaniya shaxmatchilari o‘rtasida radioo‘yinlar o‘tkaziladi va har ikkisida ittifoq shaxmatchilari g‘alaba qozonishadi. Umuman, ikkinchi jahon urushidan keyingi barcha turnirlarda SSSR shaxmatchilari yaqqol ustunlik qila boshlaydilar va dunyo bo‘yicha “Shaxmat chempionatida faqat ikkinchi o‘rin uchun kurash ketadi” degan gap paydo bo‘ladi.
Sovet shaxmatchilari 1948–1972 yillar davomida chempionlikni o‘zlarida saqlab turishadi. 1951–1969 yillarda turnir faqat Moskvada, faqat ittifoq grossmeysterlari o‘rtasida o‘tkaziladi. 1952 yildan boshlab SSSR terma jamoasi rasmiy shaxmat olimpiadalarida qatnasha boshlaydi va 1974 yilga qadar erkaklar ham, ayollar ham faqat chempion bo‘ladilar. Hozir ham SSSR erkaklar terma jamoasi 18 marta chempionlik bilan mutlaq yetakchi hisoblanadi. Ikkinchi o‘rindagi AQSh va Rossiya hisobida 6 tadan g‘oliblik bor. Ittifoq ayollar terma jamoasi esa 11 marta zafar quchishgan.
1927 yilda asos solingan, urush vaqtida vaqtincha to‘xtab qolib, 1950 yilda qayta tiklangan shaxmat olimpiadasi bugungi kunda mazkur sport turining nufuzli musobaqasi hisoblanadi. Unda har bir davlatning to‘rt nafardan asosiy, ikki nafardan zaxiradagi shaxmatchilari tashrif buyurishadi va raqiblar o‘rtasida yakkama-yakka kurashlarning yakuniy natijalariga ko‘ra g‘olib jamoa aniqlanadi. Yakunda umumiy reytingga ko‘ra olimpiada g‘oliblari ma’lum bo‘ladi va ularning har biriga oltin medallar taqdim qilinadi.
Har ikki yilda bo‘lib o‘tadigan olimpiadaning navbatdagilaridan biri – 2026 yildagisi aynan O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadi va unda ham terma jamoamiz munosib ishtirok etishiga ishonamiz.
Shaxmat haqida qiziqarli faktlar:
* Agar shaxmatning birinchi katagiga bir dona, ikkinchisiga ikki dona bug‘doy qo‘yilsa va shu tarzda har keyingi katakdagi bug‘doy donalari ikki barobar ko‘paytirib ketilaversa, 460 milliard tonnadan ortiq bug‘doy kerak bo‘ladi. Bu insoniyat tarixida iste’mol qilinganidan ham ko‘proqdir.
* Birinchi “kompyuter-shaxmat” 1770 yilda yaratilgan. Bu yog‘och stol bo‘lib, yurishga qarshi ishga tushuvchi mexanizmdan iborat deb tushuntirilgan. Bu “kompyuter” Napoleon va Benjamin Franklinni yutgan. Keyinroq uning siri ochilgan: stol ichiga shaxmatchi kirib olgan. U sirni bilmaganlarda mexanikaga qarshi o‘ynayapman degan illyuziyani yarata olgan.
* Farzin eng ko‘p tosh olish imkoniga ega. Bir o‘yinda u raqibning 11 ta toshini qirib tashlagan.
* Shaxmat tarixida birorta tosh olinmay 94 yurishgacha davom etgan o‘yin qayd etilgan.
* Bir o‘yinda uzluksiz 74 marta “Shoh” berilgan. Shuningdek, o‘yin davomida 114 marta “Shoh” berilgani va uning 98 tasi bir taraflama amalga oshirilgani yozib qoldirilgan.
* Rasmiy o‘yinda 3 marta yurishda raqib mot qilingan o‘yin qayd etilgan;
* Ispan inkvizitori Pedro Arbues shaxmat o‘yinida tirik mahbuslardan foydalangan. “Olinadigan tosh” qatl etilavergan.
* Garri Kasparov 10 yoshida sport ustaligiga nomzod, 15 yoshida sport ustasi, 17 yoshida xalqaro grossmeyster unvonini qo‘lga kiritgan. U 22 yoshida Anatoliy Karpovni mag‘lub etib, Jahonning eng yosh chempioniga aylangan.
* Mayya Chiburdanidze 15 yoshida xalqaro grossmeyster, 17 yoshida ayollar o‘rtasida Jahon chempioniga aylangan.
* Shaxmat taxtasida bo‘lib o‘tishi mumkin bo‘lgan partiyalar soni koinotdagi atomlar sonidan ham ko‘proqdir (aniqlashga urinmang, baribir har ikkisini ham sanay olmaysiz).
* Birinchi shaxmat olimpiadasi (jamoalar o‘rtasida jahon chempionati) 1927 yilda Londonda o‘tkazilgan. 16 jamoa qatnashgan bu musobaqada vengriyaliklar g‘olib chiqishgan.
Abror Zohidov tayyorladi.
Mavzuga oid
11:39
G‘ilay Lenin – SSSRda 10 rubllik pullarni soxtalashtirgan shaxs qanday fosh bo‘lgandi?
19:55 / 23.12.2024
Unutilgan qahramon. Milliy ozodlik harakati rahbari Madaminbek kim edi?
14:59 / 15.12.2024
KGBni dog‘da qoldirgan ayol – Stalinning qizi nega AQShga qochib ketgandi?
14:37 / 08.12.2024