Toshkentda bankdan 370 mlrd pul o‘g‘rilamoqchi bo‘lgan kiberjinoyatchilar ushlandi
Poytaxtdagi banklardan birining sobiq xodimi bank mutaxassisidan maxfiy kodlarni sotib olib, ikki sherigi bilan pullarni o‘g‘irlash va chet elga o‘tkazish rejasini tuzgan. Jinoyatchilar 189 milliard so‘mni xorijiy valutaga aylantirib, ofshor hududlar orqali o‘tkazmoqchi bo‘lganida qo‘lga olindi.
DXXning Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan shahar IIBB bilan hamkorlikda olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, bank hisob raqamlari hamda bank ilovasiga ulangan fuqarolarning plastik kartalarida saqlanayotgan pul mablag‘larini xakerlik hujumi orqali noqonuniy o‘zlashtirishga uringan shaxslarning qilmishlari fosh etildi.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahridagi banklardan birining sobiq xodimi hozirgi kunda mazkur bankda mutaxassis lavozimida ishlovchi tanishidan bankning dasturiy ta’minoti va hisob raqamlariga kirish imkoniyatini beruvchi kodlarni 6500 AQSh dollari evaziga sotib olgan.
So‘ngra, u Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida yashovchi, 1973 yilda tug‘ilgan, muqaddam firibgarlik bilan bog‘liq jinoyatlari uchun 3 marotaba sudlangan shaxs hamda Toshkent viloyatining Qibray tumanida istiqomat qiluvchi, 1989 yilda tug‘ilgan fuqaro bilan o‘zaro til biriktirib, dastlab bank hisob raqamlarida hamda bank ilovasiga ulangan fuqarolarning plastik kartalarida saqlanayotgan jami 370 mlrd so‘m mablag‘ni xaker jalb qilgan holda o‘g‘irlashni, keyin esa offshor hududlar orqali chet eldagi tanishlariga tegishli hisob raqamlarga o‘tkazishni reja qilishgan.
Qonunbuzarlar 189 mlrd so‘mni chet el valutasiga konvertatsiya qilishga va offshor hududlar orqali xorijdagi hisob raqamiga o‘tkazishga uringan vaqtlarida jinoyat ustida qo‘lga olingan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida aniqlanishicha, ular o‘zlarining qabih niyatlari amalga oshgan taqdirda, go‘yoki bankning dasturiy ta’minotiga chet eldan xakerlik hujumi bo‘lganligi to‘g‘risida yolg‘on ma’lumot tarqatishni rejalashtirishgan.
Hozirda holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan JKning 25,169-moddasi 4-qismi “a” bandi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Mavzuga oid
09:59
Britaniyaning eng yirik banki Rossiyadan to‘lovlarni qabul qilishni to‘xtatdi
21:43 / 21.11.2024
Toshkentda pod’yezdda qoldirilgan velosiped va kolyaskalar PPX tomonidan olib ketilmoqda
19:39 / 21.11.2024
SSSR tarixidagi eng yirik o‘g‘rilik: qatl etilgan amakivachchalar
13:58 / 25.10.2024