Prezident Andijon va Toshkent viloyatlaridagi investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 8 fevral kuni Andijon va Toshkent viloyatlaridagi investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.
Rasmiy relizga ko‘ra, Andijon viloyatida bu yil umumiy qiymati 1,4 milliard dollar bo‘lgan 616 ta loyiha foydalanishga topshiriladi.
Sohalar kesimida aytganda, ularning 258 tasi sanoat, 185 tasi xizmat ko‘rsatish, 173 tasi qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida. Bularning natijasida qariyb 10 trillion so‘mlik ishlab chiqarish quvvati tashkil etilib, 95 million dollarlik import o‘rnini bosish hamda 265 million dollarlik eksport imkoniyati yaratiladi. 61 mingta yangi ish o‘rni ochiladi.
Masalan, «Tetrateks» MChJ Baliqchi tumanida to‘qimachilik kompleksini tashkil qilmoqda. 2021–2022 yillarda to‘rt bosqichda amalga oshirilishi rejalashtirilgan bu loyihaning jami qiymati 126 million yevro. Korxona ip-kalavadan boshlab tayyor trikotaj mahsulotlarigacha bo‘lgan jarayonlarni qamrab oladi. 2021 yil oxirida ishga tushiriladigan 1-bosqichda 2,5 mingta, barcha bosqichlar yakunida esa 10 mingta ish o‘rni yaratiladi.
Bu kabi loyihalar bo‘yicha jadal ish olib borish bilan birga yangilari ham shakllantirilmoqda. Masalan, Andijon viloyatida umumiy qiymati 782 million dollar bo‘lgan 53 ta yangi investitsiya loyihasi ishlab chiqildi.
Taqdimotda bu loyihalarning istiqbollari, moliyalashtirish manbalari va infratuzilma masalalari yuzasidan ma'lumot berildi.
Toshkent viloyatida bu yil 355 ta loyiha ishga tushiriladi. Umumiy qiymati 1,6 milliard dollar bo‘lgan mazkur proyektlarning 198 tasi sanoat, 81 tasi xizmat ko‘rsatish, 76 tasi qishloq xo‘jaligi sohasidadir. Bularning samarasida qariyb 35 milliard so‘mlik ishlab chiqarish quvvati yaratilib, 13 ming kishining bandligi ta'minlanadi. 48 million dollarlik import o‘rnini bosuvchi va 42 million dollarlik eksportbop mahsuot ishlab chiqariladi.
Bundan tashqari, viloyatda 187 ta yangi investitsiya loyihasi rejalashtirilmoqda. Taqdimotda ularning eng yiriklari to‘g‘risida to‘xtalib o‘tildi.
Masalan, «Metal produkt» MChJ 25 million dollar evaziga Ohangaron shahrida metall mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqda. Uning quvvati yiliga 60 ming tonna bo‘ladi. 2021 yil may oyida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan korxonada 150 kishi ish bilan ta'minlanadi.
«Angren» erkin iqtisodiy zonasida velosipedlar, Qibray tumanida oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish loyihalari ham taqdim etildi.
Mavzuga oid
13:38 / 08.11.2024
Misr Toshkent viloyatida ko‘chmas mulk sohasiga investitsiya kiritmoqchi
21:15 / 07.11.2024
Toshkent viloyatida isitish mavsumi 8 noyabrdan boshlanadi
11:53 / 06.11.2024
Zoyir Mirzayev Toshkent viloyati hokimi lavozimiga tasdiqlandi
22:14 / 05.11.2024