Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«O‘zlari ham Rossiya bilan savdo qilyapti» – Japarov Qirg‘iziston banklariga kiritilgan sanksiyalarni adolatsiz deb baholadi
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Donald Tramp va Kir Starmerga murojaat qilib, iqtisodiyotni siyosiylashtirmaslikni so‘radi. Uning aytishicha, qirg‘iz moliya muassasalari Rossiyaga qarshi cheklovlarni chetlab o‘tishda qatnashganini tasdiqlovchi dalil yo‘q. «Rossiyada taxminan bir million migrantimiz bor, ular har kuni milliardlab rubl o‘tkazadi. Odamlarga bu pullardan foydalanish imkonini berish kerak», deydi Japarov.
Foto: Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Buyuk Britaniya va AQSh hukumatlari tomonidan mamlakatning ayrim banklariga qarshi kiritilgan sanksiyalarni adolatsiz, deb baholadi. Japarov ushbu sanksiyalar haqida Kabar davlat axborot agentligiga bergan intervyusida izoh bergan.
«Joriy yil yanvar oyida AQSh chindan ham «Keremet Bank»ka qarshi sanksiyalar kiritdi, uni sanksiyalarni chetlab o‘tishda qatnashgan bo‘lishi mumkin, deb bahona qildi. Ammo ular birorta ham buzilish faktini taqdim eta olmadi. Va taqdim eta olmaydi ham, chunki bunday faktlar yo‘q va hech qachon bo‘lmagan», deydi Japarov.
Ma’lum qilinishicha, Qirg‘izistonda 21 ta bank faoliyat yuritmoqda. Ulardan kimdir sanksiyaga tushib qolmasligi uchun faqat davlatga qarashli «Keremet Bank» Rossiya rubli bilan ishlashi ma’lum qilingan. Bunda barcha operatsiyalar davlat nazoratida bo‘ladi, foyda esa to‘g‘ridan to‘g‘ri davlat budjetiga tushishi nazarda tutilgan.
«AQSh sanksiyalaridan keyin Vazirlar mahkamasi raisining birinchi o‘rinbosari Daniyar Amangeldiyev boshchiligidagi delegatsiya AQShga bordi va OFAC (Chet el aktivlarini nazorat qilish boshqarmasi) vakillari bilan uchrashdi. Biz AQSh elchisi Lesli Vigieriga «Keremet» va «Kapital» banklarini mustaqil auditorlik kompaniyalari tekshirishini taklif qildik, natijalarni birgalikda ko‘rib chiqib qaror qabul qilishni aytdik, biroq ular rad etishdi. Lekin u yerda ham biror aniq fakt taqdim eta olmadi, faqat go‘yo ma’lum bir ma’lumotlari borligini aytishdi», deydi Japarov.
Uning aytishicha, bu «ma’lumotlar» Qirg‘izistondagi mahalliy NNTlar va ichki dushmanlardan chiqmoqda, ular anonim, yolg‘on xabarlarni tashqariga yuborishda davom etmoqda. Japarovning aytishicha, AQShga borgan Qirg‘iziston delegatsiyasi rubldagi hisob-kitoblarni «Kapital Bank» yuritishi masalasini OFAC va AQSh elchisi bilan muhokama qilgan hamda buning sababini tushuntirgan:
«Rubldagi hisob-kitoblarni «Kapital Bank» yuritadi. Axir bu ham yuz foiz davlat banki, Moliya vazirligi nazoratida va ochiq hisobdor. Biz sababini batafsil tushuntirdik. Rossiyada bizning taxminan bir million migrantimiz bor, ular har kuni bu yerga milliardlab rubl o‘tkazib yuboradi. Bu mablag‘larni konvertatsiya qilish va odamlarga ulardan foydalanish imkonini berish kerak», deydi Japarov.
Qirg‘iziston yetakchisiga ko‘ra, Buyuk Britaniya ham «Kapital» bankiga dalilsiz, faqat gumonlarga asoslanib sanksiyalar qo‘llamoqda.
«Shu bois menda ham gumon tug‘iladi. Chunki ular Qirg‘iziston iqtisodiyoti yuqori sur’atlarda rivojlanayotganini ko‘rib turibdi. Masalan, bizning YaIM 11,7 foizga o‘sdi, MDH mamlakatlari orasida ilg‘or o‘rindamiz. O‘ylaymanki, aynan shu sababli bizga bosim o‘tkazilmoqda. Katta davlatlar boshqa mamlakatlarning tez rivojlanishini xohlamaydi. Ular hammani o‘zlariga qaratib, ularga qaram bo‘lishlarini afzal ko‘radi», deydi u.
Shuningdek, Japarov AQSh va Britaniya yuqori rahbariyati — Donald Tramp va Kir Starmerga murojaat qildi.
«Ehtimol, ularga to‘liq ma’lumot yetib bormayotgandir. Iqtisodiyotni siyosiylashtirmaslik kerak. Biz ko‘p vektorli siyosat yuritamiz, siz bilan ham iqtisodiy sohada hamkorlik qilamiz», deydi u.
Qirg‘iziston Angliyaga yiliga bir milliard dollarlik oltin sotadi, shunday bo‘lsa-da, bizga nisbatan bunday munosabatni adolatli deb bo‘lmaydi, deb hisoblamoqda Japarov.
Sadir Japarovning aytishicha, «Markaziy Osiyo Kapital Bank»iga qarshi sanksiyalardan Rossiya ham, bankning o‘zi ham zarar ko‘rmaydi. U avvalgidek Moliya vazirligi nazoratida ishlaydi va davlatga foyda olib keladi. Qirg‘iziston yetakchisiga ko‘ra, Rossiyaga qarshi sanksiyalar, aslida katta yo‘qotishlar olib kelmayapti.
«Masalan, Rossiyaning Sberbankiga qarshi sanksiyalar joriy etilgach, uning 2024 yildagi sof yillik foydasi 4,8 foizga oshib, 13 milliard dollardan oshdi. Albatta, ayrim sohalarda sanksiyalar oqibatlari bor. Ammo bu mamlakat quladi, degani emas. Biz bularni tahlil qilib turibmiz. Sanksiyalarni kiritayotgan g‘arb mamlakatlari ham buni yaxshi tushunadi. Hatto o‘zlari ham Rossiya bilan savdo qilishni davom ettirmoqda. 2024 yilda Yevropa Ittifoqi a’zolari Rossiya bilan 141 milliard dollarlik savdo qilgan. Xususan, Yevropa davlatlari Rossiyadan 36 milliard dollarlik tovar import qilgan. Buyuk Britaniya esa bizning bankimizga qarshi sanksiya qo‘ygan bo‘lsa-da, o‘sha 2024 yilda Rossiya bilan 2,2 milliard dollarlik savdo qilgan», deydi Japarov.
Bu — biz ham o‘z ehtiyojimiz uchun Rossiya bilan hamkorlik qilishga haqlimiz, deganini anglatadi, deydi u.
Japarovning aytishicha, hamkorlik ruhiga zid bunday qadamlarni davlatning ichki ishlariga aralashuv sifatida baholash mumkin. «Biz xalqaro majburiyatlarni bajarishga tayyormiz, bajaryapmiz ham. Ammo fuqarolarimiz manfaatlarini va mamlakatning savdo-iqtisodiy rivojlanishini yo‘qqa chiqarishga yo‘l qo‘ymayman. Sanksion bosim ostida ham bizning kundalik hayotimiz davom etadi», – deydi Japarov.
Sadir Japarov bunga qadar ham bir necha marotaba Qirg‘iziston Rossiyaga qarshi sanksiyalarni chetlab o‘tishda yordam bermayotganini ta’kidlagan edi.
Joriy yil 20 avgust kuni Britaniya hukumati Rossiyaga G‘arb sanksiyalarini chetlab o‘tish uchun yordam berayotgan moliyaviy kompaniyalarga, jumladan, Qirg‘iziston kriptovaluta tarmoqlariga qarshi sanksiyalar joriy qildi.
Xususan, Rossiya Qirg‘iziston moliya sektori va kripto tarmoqlarini shaffof bo‘lmagan tranzaksiyalarni amalga oshirish uchun jalb qilgani aytilgan. Sanksiyalar uch nafar jismoniy va besh nafar yuridik shaxs: Kapital Bank va uning direktoriga nisbatan qo‘llangan.
Mavzuga oid
10:44 / 27.12.2025
Qirg‘izistonda o‘qituvchilar va tibbiyot xodimlarining oyligi 2 baravar oshiriladi
10:00 / 25.12.2025
Makron YeI qonuni sabab kiritilgan AQSh sanksiyalarini qoraladi
18:13 / 19.12.2025
Britaniya «Rossiya bilan aloqalari tufayli» O‘zbekistonning 4 ta kompaniyasiga qarshi sanksiyalar kiritdi
14:22 / 17.12.2025