O‘zbekiston | 17:16 / 14.10.2025
6715
5 daqiqa o‘qiladi

Prezident «yettilik» ish vaqtining yarmini majlis va tadbirlarda o‘tkazayotganini tanqid qildi

Mahallla va ko‘chalarda ozodalik talablariga rioya etilmayotgani tanqid ostiga olinib, respublikada tozalik va ozodalik oyligi e’lon qilindi. IIV va Milliy gvardiya chiqindi tashlaganlik uchun kunlik nazorat o‘rnatadi, 24 soat ishlaydigan obodonlashtirish brigadalari tashkil etiladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev mahallla va ko‘chalarda ozodalik talablariga rioya etilmayotganini tanqid qilib, butun respublikada tozalik va ozodalik oyligini e’lon qildi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

«Mahallaning ozodaligi shu yerda yashayotgan aholi, “mahalla yettiligi”, hokimning “yuzi”. Shunday bo‘lsa-da, ayrim mahallalar, ko‘chalar, qurilishlar atrofi, ariqlar, xiyobonlarda ozodalik talablariga rioya etilmayapti. Shu bois, butun respublikada tozalik va ozodalik oyligi e’lon qilinadi»,  dedi davlat rahbari.

Har bir tuman va shahar hokimi ko‘chasi, yo‘li, arig‘i, xiyobonini tartibga keltirib, doimo ozoda tutishi shartligi qayd etildi.

Obodonlashtirishga mas’ul hokim o‘rinbosarlariga bugunoq 24 soat ishlaydigan brigadalar tashkil qilib, ko‘cha, xonadon, ko‘p qavatli uy, ijtimoiy obektlar atrofini tozalash topshirildi. «Toza hudud» korxonalariga qarashli maxsus texnikalar ham bunga to‘liq safarbar qilinadi.

Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiyaga chiqindi tashlaganlik uchun jarima qo‘llash vakolati berilgani qayd etilib, ularga joylarga chiqib, shahar va tuman markazlarida kunlik nazorat o‘rnatish topshirildi.

Shavkat Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, mahallalar aholisi o‘zlari daraxt ekib, parvarish qilishga, yashil hududlarni ko‘paytirishga tayyor. Lekin birorta hokim yoki mahalla raisi tayinli joyni ko‘rsatib bermayapti.

Endilikda «yettilik», mahalla aholisi yashil hudud qilish tashabbusi bilan chiqsa, tuman hokimi 10 sotixgacha yer maydoni ajratib beradi. Hokimlar va «yettilik» buning ustidan ta’sirchan jamoatchilik nazorati o‘rnatilishi, bu yerlar boshqa maqsadlarga beriladigan bo‘lsa, qonun ustuvor, jazo muqarrar bo‘lishi haqida ogohlantirildi.

Bosh prokuraturaga boshqa maqsadlar uchun berib yuborilgan yashil hudud, sport maydonchasi, bolalar o‘yingohlarini joyiga qaytarish bo‘yicha topshiriq berilgan edi. To‘rt oy ichida 20 gektar yashil hudud, 107 ta sport maydonchasi va bolalar o‘yingohi tiklandi.

Prezident bunday joylarning barchasi joy-joyiga qo‘yilmaguncha ishni davom ettirish vazifasini qo‘ydi.

Davlat rahbari «yettilik» ish vaqtining yarmini turli majlis va tadbirlarda o‘tkazayotganini ko‘rsatib o‘tdi. 

Yoki «yettilik» xodimlarining aniq vazifalari va KPI belgilangani bilan mahalladagi umumiy natijadorlikni baholaydigan tizim yo‘q.

Hozirda «yettilik» a’zolarining 1 ming 700 nafari mahalla hududidan 20-30 kilometr uzoqdan qatnaydi. Oqibatda o‘tgan yili 68 nafar «yettilik» vakillari biriktirilgan mahallasiga bir necha oy kelmagan.

Mutasaddilarga «yettilik» faoliyatini kompleks baholaydigan tizimni ishga tushirish topshirildi.

Tuman hokimlari yil yakuniga ko‘ra, yaxshi ishlagan 10 ta «yettilik»ning barchasini mukofotlash, ularga qo‘shimcha ustamalar berishni yo‘lga qo‘yadi.

«Shunda “yettilik” hamjihat va yagona jamoa bo‘lib ishlaydi», – dedi prezident.

Bundan buyon «yettilik» xodimlari bilan har bir yo‘nalish bo‘yicha alohida yig‘ilish o‘tkazish taqiqlanishi belgilandi.

«Islohotlarimizning ostonasi bo‘lgan har bir mahallaga Yangi O‘zbekiston nafasini olib kirish, eng avvalo, “mahalla yettiligi”ning yagona jamoa bo‘lib ishlashiga bevosita bog‘liq», – dedi davlat rahbari.

Shu bois, mahalla raisi boshchiligidagi «yettilik»ning har bir vakili o‘ziga mas’uliyat olib, yuqorida qo‘yilgan vazifalar ijrosi bo‘yicha murojaat bilan chiqib, bir yillik dasturini aholiga e’lon qilishi muhimligi ta’kidlandi.

Viloyat va tuman hokimlari ham har bir mahalla kesimida qiladigan har oylik ishlarini mahalliy kengashlarda himoya qilib, odamlarga murojaat yo‘llaydi. Har oyda mahalla aholisi bilan bevosita uchrashib, ommaviy axborot vositalari orqali qilingan ishlar bo‘yicha xalqqa hisobot berish topshirildi.

Mavzuga oid