Jahon | 14:36 / 04.03.2020
41628
9 daqiqa o‘qiladi

Koronavirus: Ispaniyada ilk o‘lim, Eronda o‘n minglab mahbuslar ozodlikda, AQShda qat'iy choralar

Ispaniyada koronavirusdan ilk o‘lim holati qayd etildi, bu ma'lumotni sog‘liqni saqlash organi rasmiysi tasdiqladi. Eron hukumati esa o‘n minglab mahbuslar vaqtinchalikka ozodlikka qo‘yib yuborilishini ma'lum qildi, AQSh Federal zaxira tizimi (Markaziy banki) koronavirus ortidan iqtisodiyotga risklar yuzaga kelayotgani sababli qayta moliyalash stavkasini 1,5-1,75 foizdan 1-1,25 foizlik koridorga pasaytirdi.

Foto: AFP

Ispaniya hukumati ma'lumotiga ko‘ra, mamlakat sharqidagi Valensiya provinsiyasi hududida koronavirusdan ilk o‘lim holati qayd etilgan. Shaxsi ma'lum qilinmagan erkak 13 fevral kuni olamdan ko‘z yumgan. Tekshiruvlar natijalari seshanba kuni e'lon qilindi - uning vafotiga Covid-19 koronavirusi sabab bo‘lgan.

Ayni vaqtda mamlakatda 110 kishida virus aniqlangan.

Eron: 2336 bemor, 92 o‘lim
Bu vaqtda Eronda 54 mingdan ortiq mahbus to‘lib-toshgan qamoqxonalarda mahbuslar orasida koronavirus tarqalishining oldini olish uchun ular vaqtinchalikka ozodlikka qo‘yib yuborildi.

Eron sud tizimi rasmiylaridan birining ma'lum qilishicha, Covid-19 aniqlanmagan va o‘zi uchun garov puli to‘laganlargina qo‘yib yuborilgan.

Xavfli jinoyatchilar va 5 yildan ortiq muddat olgan mahbuslar qamoqxonada qolishadi.

Kelib chiqishiga ko‘ra eronlik bo‘lgan Britaniya fuqarosi - 2016 yilda Eronga qizini ko‘rgani kelganida qo‘lga olinib, josuslikda gumonlangan holda 5 yilga qamalgan Nazanin Zagxari-Retkliff ham ozodlikka chiqarilishi mumkin.

Zagari-Retkliffning xayriya tashkiloti va Britaniya hukumati unga qo‘yilgan ayblovlarni qat'iyan rad etgan. Britaniya parlamenti deputati Tulip Siddiq tvitterdagi sahifasida Eronning Buyuk Britaniyadagi elchisiga asoslangan holda u ozodlikka chiqishi mumkinligi haqida yozdi.

Ayni vaqtda butun dunyo bo‘ylab koronavirusdan zararlanishning 93 198 holati qayd etilgan, 3215 kishi virus qurboniga aylangan - o‘lim holatlarining aksari Xitoy hududida.

Eronda yana 12 kishining o‘limi tasdiqlandi va bu mamlakatda virus tarqalgani e'lon qilinganidan keyin ikki haftaga yaqin vaqt ichida kamida 92 kishi vafot etgan.

Seshanba kuni Eron Sog‘liqni saqlash vazirligi Covid-19 bilan zararlanishning yana 835ta yangi holati haqida ma'lum qildi. Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, qatorasiga ikkinchi kun kasallanganlar soni bir yarim barobarga oshdi, ayni vaqtda mamlakatda virus yuqtirganlar soni 2336 nafarni tashkil qilmoqda.

Eron hukumati virus aniqlangan ilk kundanoq jahon hamjamiyatiga barcha ma'lumotlarni to‘liq berib borayotganini bildirgan, ammo mutaxassislar Erondagi haqiqiy raqamlar butunlay boshqacha bo‘lishi mumkinligini aytishmoqda.

Dushanba kuni Tehrondagi vaziyatni baholash uchun Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti jamoasi yetib keldi. Ular kelgan samolyotda tibbiy vositalar, himoya liboslari va 15 ming tibbiy xodim uchun mo‘ljallangan boshqa jihozlar, shuningdek 100 ming kishini koronavirusga test qilish uchun laboratoriya uskunalari ham olib kelingan.

Virus bir necha eronlik amaldorda aniqlangan, jumladan Shoshilinch tez tibbiy yordam rahbari Pirhusayn Kolivandda ham.

Shuningdek, mamlakat parlamentining 290 nafar deputatidan 23 nafari virusga chalingan.

Dushanba kuni Eron oliy rahbari Ali Xominaiy boshchiligidagi Muvofiqlik Kengashining oliy a'zosi bo‘lgan 71 yoshli Muhammad Mirmuhammadiy koronavirus tufayli vafot etdi.

AQSh: Federal zaxira tizimi bazaviy stavkasini rejadan tashqari pasaytirdi
AQSh Federal zaxira tizimi koronavirus tarqalishi va bozorlardagi pasayish munosabati bilan favqulodda choralarni ko‘rishga kirishdi. 

Federal zaxira tizimi koronavirus ortidan iqtisodiyotga risklar yuzaga kelayotgani sababli qayta moliyalash stavkasini  0,5 foiz punktiga pasaytirib, 1,5-1,75 foizdan 1-1,25 foizlik koridorga tushirdi. Tashkilotning bu qarori rejadan tashqari bo‘ldi. Yig‘ilish 17-18 mart kunlariga belgilangandi.

FZX bayonotida qayd etilishicha, AQSh iqtisodiyoti kuchliligicha qolmoqda, ammo COVID-19 koronavirus infeksiyasining tarqalishi iqtisodiy faoliyat uchun qo‘shimcha xavf tug‘dirmoqda.

Seshanba kuni tongida «Katta yettilik» davlatlarining markaziy banklari rahbarlari va moliya vazirlari telefon muloqoti orqali o‘zaro yig‘ilish o‘tkazgani xabar qilingandi. Ularning barchasi o‘z mamlakatlari iqtisodiyotini koronavirus tahdididan himoya qilish niyatini bildirgan.

«Virus va uning oldini olishga qaratilgan choralar, albatta, ko‘plab davlatlarda ma'lum vaqtgacha iqtisodiy faollikka ta'sir ko‘rsatadi», degan ushbu qarorga izoh berar ekan AQSh markaziy banki rahbari Jyerom Pauell.

Pasaytirilgan stavkalar moliyaviy tizimdagi stressni yengillashtirishga va investorlarning kayfiyatini yaxshilashga yordam beradi.

«Bizda barcha savollarga ham javob yo‘q. Ammo bu chora iqtisodiyotni sezilarli darajada jonlantirishiga ishonamiz», deya qo‘shimcha qilgan u.

AQSh Markaziy banki so‘nggi marta 2008 yildagi moliyaviy inqiroz vaqtida favqulodda yig‘ilish yakunida tayanch foiz stavkasini pasaytirgani kuzatilgandi.

AQSh prezidenti Donald Tramp so‘nggi vaqtlarda bir necha marta Pauellni foiz stavkasini pasaytirishga chaqirgandi - lekin odatda prezidentlar Markaziy bank mustaqilligini hurmat qilgan holda Federal zaxira tizimi siyosatiga aralashmasdi.

Federal zaxira tizimi qarori e'lon qilinganidan keyin Tramp bu yetarli emasligi haqida tvit yozib qoldirdi.

«Nihoyat FZR tashabbus ko‘rsatadigan vaqt keldi. Yanada ko‘proq yumshatish va qisqartirish kerak!», degan u mikroblogida.

Yevropadagi vaziyat
Italiya hamon Yevropada virusdan eng ko‘p zararlangan davlat bo‘lib turibdi - 2263 bemor va 79 qurbon. 

Foto: Getty Images

Buyuk Britaniya sog‘liqni saqlash vaziri Mett Henkok bir necha haftadan keyin mamlakatdagi maktablar vaqtincha yopilishi mumkinligini ma'lum qilgan.

Britaniya hukumati seshanba kuni koronavirusga qarshi kurash rejasini e'lon qildi. Hukumat prognoziga ko‘ra, virus avj olishi o‘z cho‘qqisiga chiqsa, mamlakatdagi mehnatga yaroqli aholining beshdan bir qismi virusdan zararlanishi mumkin. Bugungi kunda mamlakatda virusdan zararlanganlar soni 51 nafarni tashkil etmoqda.

Bosh vazir Boris Jonson rejani taqdim etar ekan, alohida vaziyatlarda tibbiyot xodimlariga harbiylar ham yordam berishi ko‘zda tutilgani, ko‘plab ommaviy tadbirlar, shu jumladan, futbol uchrashuvlarida cheklovlar o‘rnatilishi mumkinligini ma'lum qildi.

Rejaga ko‘ra, virus keng tarqala boshlasa politsiya faqat eng jiddiy qonunbuzarlar bilan shug‘ullanadi, shifoxonalar birinchi navbatda infeksiya yuqtirganlarga e'tibor qaratadi, hukumat qator tadbirlarni cheklashi, maktablar yopilishi va ko‘plab kompaniyalarning xodimlari uydan turib ishlay boshlashiga to‘g‘ri keladi.

Britaniya hukumati fikricha, koronavirus yaqin vaqtlar ichida yanada kengroq tarqalishi mumkin, shu tufayli mamlakatda aholini virus tarqalishining oldini olish choralari bo‘yicha keng ko‘lamli kampaniya olib boriladi.

Boris Jonsonning so‘zlariga ko‘ra, har bir britaniyalik virusdan zararlanmaslik uchun qilishi kerak bo‘lgan ish - bu «Happy Birthday qo‘shig‘ini ikki marta kuylash uchun ketadigan vaqtga teng vaqt davomida qo‘llarni issiq suvda sovun bilan yuvishdir».

KXDR xorijliklarni Vladivostokka qo‘yib yubordi, Janubiy Koreya «harbiy holat»da
Shimoliy Koreyada 1 mart kuni yuzlab xorijliklar uchun 30 kunlik karantin yakunlangan. NKnews xabariga ko‘ra, karantinga joylashtirilgan xorijliklar orasida diplomatlar ham bor.

Foto: Getty Images

Ketishga ruxsat berilgan diplomatlar soni ochiqlanmagan, ammo Yaponiyaning Kiodo tsusin agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, KXDRdan ketishni istaganlar Air Koryo aviakompaniyasining maxsus reysi orqali Vladivostokka olib boriladi.

KXDR mamlakat hududida koronavirusdan zararlanganlar yo‘qligini tasdiqlagan.

Janubiy Koreya prezidenti Mun Je In mamlakat koronavirusga «urush e'lon qilgani» haqida gapirdi. Seshanba kuni mamlakatda virusdan zararlanganlar sonida keskin o‘sish kuzatildi: 851ta yangi holat. Mamlakatda jami 5186 kishida virus aniqlangan, bu borada jahonda Xitoydan keyingi ikkinchi holat.

«Tegu shahri va Kyonsan-Pukto provinsiyasidagi vaziyat o‘zining cho‘qqisiga chiqdi va butun mamlakat yuqumli kasallikka qarshi urushga kirdi», dedi prezident.

Uning so‘zlariga ko‘ra, koronavirusga qarshi kurashga 30 trln von (25 mln dollar) yo‘naltiriladi. Prezident shuningdek barchani tibbiyot niqoblari bilan qisqa muddatda ta'minlash imkoni yo‘qligi uchun mamlakat fuqarolaridan uzr so‘ragan.

Xitoyda ham xorijliklar uchun karantin joriy etilgan. Bu tartib bir necha shaharlarga taalluqli. Pekin, Shanxay va Guandun shaharlarida infeksiyaning yirik o‘choqlari - Janubiy Koreya, Yaponiya, Eron va Italiyadan keluvchilar 14 kunlik karantinga joylashtirilishi ma'lum qilingan.

Xitoy hukumati mamlakat bo‘ylab o‘z fuqarolari harakatlanishida qat'iy cheklovlar o‘rnatgan, ammo xorijdan keluvchilar infeksiya olib kelishi mumkin.

Mavzuga oid

E`lonlar