Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiyada migrantlarga «ov», Oq uyda G‘azo bo‘yicha yig‘ilish va Suriyada o‘ldirilgan askarlar – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Oq uyda G‘azo bo‘yicha yig‘ilish bo‘ladi
AQSh prezidenti Donald Tramp chorshanba kuni Oq uyda bo‘lib o‘tadigan G‘azo bo‘yicha yig‘ilishga raislik qiladi. Bu haqda ma’lumot bergan AQSh maxsus vakili Stiv Uitkoffning aytishicha, rasmiy Vashington Isroilning G‘azodagi urushi yil oxirigacha yakunlanishini kutmoqda. Shuningdek, AQSh davlat kotibi Marko Rubio chorshanba kuni Vashingtonda Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saar bilan uchrashishini ma’lum qildi.
Reutersʼning yozishicha, Tramp 2024 yilgi AQSh saylov kampaniyasi davomida ham, yanvar oyida lavozimni egallagach ham G‘azodagi urushni tezda tugatishga va’da bergandi, biroq deyarli yetti oy o‘tgan bo‘lsa-da, bu maqsad hali ham amalga oshgani yo‘q.
Trampning prezidentligi G‘azodagi sulh bilan boshlangandi, biroq u ikki oy davom etdi. Sulh 18 mart kuni Isroil 400 ga yaqin falastinlikni o‘ldirgach tugadi. So‘nggi haftalarda G‘azodagi ochlikdan aziyat chekayotgan falastinliklar, jumladan, bolalar suratlari dunyoni larzaga soldi va Isroilga tanqidni kuchaytirmoqda.
«Ertaga Oq uyda prezident raisligida katta yig‘ilishimiz bor va biz ertasi kuniga juda keng qamrovli reja tayyorlayapmiz», dedi Fox News telekanaliga intervyu bergan Uitkoff. U batafsil tushuntirmadi va yig‘ilish ishtirokchilarini sanab o‘tmadi.
Uitkoff, Isroil Hamas bilan muzokaralarni davom ettirishga ochiqligini aytdi. Unga ko‘ra, Hamas ham kelishuvga ochiqligini bildirgan. Ma’lumot uchun, Isroilning 2023 yil oktyabrdan buyon G‘azoga uyushtirayotgan halokatli hujumlari 62 mingdan ortiq falastinlikning o‘limiga sabab bo‘lgan. Bu ham ochlik inqirozini keltirib chiqardi, G‘azo aholisini butunlay ichki ko‘chkinlarga aylantirdi va Isroilni xalqaro sudlarda genotsid va urush jinoyatlarida ayblashga turtki berdi.
Ayni vaqtda Isroilning o‘zida garovdagilar ozod qilinishini va G‘azodagi urushni tugatishni talab qilib, umumxalq norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda.
Rossiyada migrantlarga «ov»
Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida odamlarning «millatini aniqlovchi» kameralar ishlay boshladi. Bu haqda Axborotlashtirish va aloqa qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Igor Nikonov ma’lum qildi.
«Bizda tahlilning bir turi bor — irq va millatning bir nechta turlarini aniqlash. Olti xil. Bu shaharning ma’lum hududlarida ma’lum guruhlarning to‘planishini aniqlash imkonini beradi. Ushbu ma’lumotlar asosida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tegishli qarorlar qabul qiladi», dedi u.
Nikonov so‘zlariga ko‘ra, politsiya bunday tizim orqali migrantlar to‘plangan joylarni kuzatishi va «rezina» kvartiralarni aniqlashi mumkin. Ayni paytda 50 mingga yaqin kamera etnik mansublikni aniqlash funksiyasi bilan jihozlangan, biroq hozircha aniq natijalar yo‘q. «Jinoyatlarni ochish bo‘yicha statistika faqat yil oxirida aniqlanadi», dedi Nikonov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tizim tashqi ko‘rinishning oltita shartli toifasini tanib olishga qodir: Kavkaz, Sharqiy Osiyo va Markaziy Osiyo mintaqalari aholisi, shuningdek, yevropaliklar, osiyoliklar va negroid irqi vakillari.
Bundan tashqari, joriy yil 1 sentabrdan Moskva shahri va Moskva viloyatida «Amina» mobil ilovasi yordamida xorijiy fuqarolarning turgan joyini hisobga olishning eksperimental rejimi joriy etiladi.
Ilovani majburiy o‘rnatish O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Armaniston, Qozog‘iston, Gurjiston, Ozarboyjon, Moldova va Ukrainadan kelgan mehnat migrantlariga taalluqlidir.
Poytaxt mintaqasida migratsiya ro‘yxatidan o‘tish faqat «Amina»dan foydalanish orqali amalga oshiriladi.
Migrantlar ilovani mustaqil ravishda o‘rnatadi. Ammo «Amina»da avtorizatsiyadan o‘tish uchun xorijiy fuqaroning amaldagi kartasi zarur bo‘lgani sababli, uni rasmiylashtirish uchun Saharovoga borish kerak bo‘ladi.
Mobil ilovada foydalanuvchining geolokatsiya ma’lumotlari avtomatik ravishda uzatiladi. Agar ma’lumotlar uch ish kunidan ortiq vaqt davomida uzatilmasa, migrant yashash manzilini tasdiqlash yoki uning o‘zgargani haqida ma’lumot berish so‘ralgan xabarnoma oladi. Hisobga olish shartlariga rioya qilmaslik manzil bo‘yicha ro‘yxatdan chiqarilishga va Nazorat qilinadigan shaxslar reyestriga kiritilishga sabab bo‘ladi.
AQSh fuqarosi Xitoyga josuslikda ayblandi
Germaniya federal prokuraturasi AQSh fuqarosi Martin D.ga qarshi josuslikda ayblov qo‘ydi. Uni xorijiy razvedka xizmati agenti sifatida ishlaganlikda gumon qilish uchun yetarli asoslar bor, deb xabar berdi Karlsruedagi idora.
2017 yildan 2023 yilning bahorigacha Martin AQSh Mudofaa vazirligining fuqarolik pudratchisida ishlagan. Nemis rasmiylariga ko‘ra, u 2020 yildan beri Germaniyadagi AQSh harbiy bazasida mehnat qilgan. 2024 yil yozida ayblanuvchi Xitoy davlat idoralari bilan bir necha bor bog‘lanib, AQSh harbiylariga oid maxfiy ma’lumotlarni Xitoy razvedkasiga yetkazishni taklif qilgan, deya ma’lumot berildi.
Martin D. 2024 yil 7 noyabrdan beri hibsga olish orderi asosida qamoqda saqlanmoqda. Xabar e’lon qilingan paytda AQSh va Xitoy rasmiylari nemis tomoni qo‘ygan ayblovlarga izoh bermadi.
Sanksiyalar Rossiyaning neft daromadini 30 foizga kamaytirdi
Rossiya iqtisodiyoti «og‘ir kunlarni» boshdan kechirmoqda, Moskva esa Ukrainaga davom etayotgan bostirib kirishi uchun Yevropa Ittifoqi kiritgan sanksiyalar tufayli o‘zining harbiy-sanoat kompleksini moliyalashtirish uchun pul yo‘qotmoqda. Bu haqda Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas Die Welt gazetasiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Yevropa diplomatiyasi rahbari Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi 19-sanksiya paketi ustida ishlashni davom ettirayotganini qayd etdi. Kallasning ta’kidlashicha, Rossiya Federatsiyasining «soya floti»ga qarshi oldingi cheklovlar «Rossiyaning Boltiq va Qora dengizlar orqali neft tashishdan keladigan daromadini bir hafta ichida 30 foizga qisqartirdi».
«Yevropa Ittifoqi sanksiyalari tufayli Rossiya milliardlab dollar yo‘qotdi. Bu mablag‘lar endi Rossiya harbiy mashinasini moliyalashtirish uchun mavjud emas», deb davom etdi Kallas.
Trampdan yangi tahdid
Agar davlatlar raqamli xizmatlar solig‘ini joriy etish amaliyotidan voz kechmasa, Vashington ularning eksportiga qo‘shimcha tariflar kiritadi. Bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp o‘zining ijtimoiy tarmog‘ida bayonot berdi.
Tramp — davlat rahbari sifatida «Amerika texnologik kompaniyalariga hujum qilayotgan» mamlakatlarga qarshi turishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, raqamli soliqlar, raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonunchilik va raqamli bozorlarga oid tartiblar Amerika texnologiyalariga zarar yetkazish yoki ularni kamsitish maqsadida ishlab chiqilgan.
Tramp, shuningdek, bu choralar Xitoyning yirik texnologik kompaniyalari uchun hech qanday to‘siq yaratmasligini qayd etdi va bunga chek qo‘yish zarurligini bildirdi.
«Raqamli soliqlar, qoidalar yoki tartiblar joriy etayotgan barcha mamlakatlarga murojaat qilaman: ushbu diskriminatsion choralar bekor qilinmaguncha, men, bu davlatlarning Amerikaga eksportiga sezilarli qo‘shimcha tariflar joriy qilaman va ularning bizning yuqori himoyalangan texnologiyalarimiz va chiplarimizga kirishini cheklayman. Bizning ajoyib texnologik kompaniyalarimizni hurmat qiling — aks holda oqibatlariga tayyor bo‘ling», — deyiladi Oq uy rahbarining e’lonida.
Isroil Suriyaning 6 nafar askarini o‘ldirdi
Suriya davlat telekanalining xabar berishicha, Isroil dronlari Damashq janubida Suriya armiyasi pozitsiyalariga hujum qilishi oqibatida olti nafar suriyalik harbiy ofitser halok bo‘ldi. Bu hujum Suriya poytaxti tashqarisida Isroilning yangi «harbiy bostirib kirishi» qoralangandan bir kun o‘tib sodir bo‘ldi.
Telekanalning xabar berishicha, Isroil dronlari Damashq yaqinidagi al-Kisva shahri atrofida joylashgan Suriya armiyasi pozitsiyalarini nishonga olgan. O‘tgan yil dekabrida Bashar al-Asad rejimi qulaganidan buyon Isroil Suriya bo‘ylab yuzlab zarbalarni amalga oshirib, harbiy obektlar va infratuzilmani nishonga olib kelmoqda.
Isroil, shuningdek, Suriyaning Golan tepaliklaridagi demilitarizatsiya qilingan tampon zonasini egallab, o‘z nazoratini kengaytirdi. Bu esa 1974 yilda Suriya bilan imzolangan ajratish kelishuvini buzdi.
Dushanba kuni Suriya Tashqi ishlar vazirligi Isroil Suriyaning ichki hududiga — Jabal ash-Shayx (Hermon tog‘i) atrofidagi hududga 60 askar yuborib, Beit Jinn shaharchasi yaqinidagi strategik tepalikni egallaganini bildirdi. Bu hudud Livan chegarasiga yaqin joylashgan. Isroil esa ayblov yuzasidan izoh bermadi.
Suriya tashqi ishlar vaziri Asad ash-Shayboni Isroilni demilitarizatsiya qilingan hududlarda razvedka obektlari va harbiy postlar barpo etishda ayblab, bu harakatlarni uning «ekspansionistik va bo‘linish rejalarining» bir qismi deb atadi.
Mavzuga oid
13:59
G‘arbiy sohildagi zo‘ravonlik, Xitoyning AQSh kompaniyalariga sanksiyasi va Belarusga joylashtirilgan «Oreshnik»lar – kun dayjesti
14:35 / 26.12.2025
Nigeriyada IShIDga zarba bergan AQSh, ukrainaliklarning Putinga «tilagi» va Kilimanjaroda qulagan vertolyot – kun dayjesti
14:59 / 25.12.2025
Isroilga qarshi da’voga qo‘shilgan Belgiya, Kimning atom suvosti kemasi va Moskva osmonidagi dronlar – kun dayjesti
14:02 / 24.12.2025