Jahon | 07:22 / 16.01.2026
6298
3 daqiqa o‘qiladi

Xaritada bir xil, real farqi ulkan: Afrika vs Grenlandiya

Ko‘plab xaritalarda Afrika va Grenlandiya deyarli bir xil kattalikda ko‘rinadi. Aslida esa Afrika Grenlandiyadan taxminan 14 baravar katta. Bu tafovutning sababi - xaritalarda qo‘llanadigan Merkator proyeksiyasining o‘lchamlarni buzib ko‘rsatishida.

Ko‘p xaritalarda Grenlandiya va Afrika deyarli bir xil kattalikda tasvirlanadi. Ammo reallikda ular o‘rtasidagi farq juda katta.

Afrika qit’asining maydoni taxminan 30,3 million kvadrat kilometrni tashkil qiladi va u Yevrosiyodan keyin Yer yuzidagi ikkinchi eng katta qit’a hisoblanadi. Grenlandiya esa, dunyodagi eng katta orol bo‘lishiga qaramay, atigi 2,16 million kvadrat kilometr atrofida. Demak, Afrika Grenlandiyadan taxminan 14 baravar katta.

Shunga qaramay, darsliklardagi, atlaslardagi va onlayn xarita servislaridagi ko‘plab xaritalarda bu hududlar o‘lcham jihatdan bir-biriga yaqin ko‘rinadi. Bu holatning asosiy sababi — XVI asrda ishlab chiqilgan Merkator proyeksiyasidan foydalanilishi. U navigatsiya uchun qulay bo‘lib, yo‘nalishlarni yaxshi saqlaydi, ammo ayniqsa qutblarga yaqin hududlarda maydonlarni jiddiy ravishda buzib ko‘rsatadi.

Natijada ekvator atrofida joylashgan Afrika kabi hududlar vizual jihatdan “qisqarib” ko‘rinadi, qutblarga yaqin bo‘lgan Grenlandiya esa ortiqcha “kattalashtirib” tasvirlanadi.

Asrlar davomida Merkator proyeksiyasi maktab xaritalari, atlaslar va hatto raqamli xarita servislari uchun standart bo‘lib kelgan. Ammo bu tanlovning oqibati bor: shimoliy hududlarning o‘lchami ortiqcha kattalashtirilishi dunyo haqida noto‘g‘ri tasavvur shakllantiradi.

Aslida Afrika nafaqat Grenlandiyadan, balki ko‘pincha “ulkan” deb qabul qilinadigan ko‘plab mamlakat va hududlardan ham katta:

Kanada maydoni taxminan 9,9 million kvadrat kilometr bo‘lib, bu Afrikadan taxminan uch baravar kichik;
Rossiya dunyodagi eng katta mamlakat bo‘lsa-da, uning maydoni taxminan 17 million kvadrat kilometr — bu ham Afrikadan ancha kam.

So‘nggi yillarda geograflar va jamoat tashkilotlari, jumladan Afrika Ittifoqi, hududlarni haqiqiy nisbatlarda aks ettiradigan xaritalardan foydalanishni faol targ‘ib qilmoqda. Buning maqsadi faqat ilmiy aniqlik emas, balki Afrikaning iqtisodiy, demografik va strategik ahamiyati haqidagi noto‘g‘ri qarashlarni bartaraf etishdir.

Oxirgi paytlarda ommalashayotgan muqobil variantlardan biri — Equal Earth proyeksiyasi bo‘lib, u hududlar maydonini Merkator xaritasiga nisbatan ancha aniq saqlaydi. Bunday xaritalar Afrikaning — aholisi bir milliarddan ortiq, maydoni 30 million kvadrat kilometrdan ziyod bo‘lgan qit’aning Grenlandiya kabi orollarga nisbatan haqiqiy miqyosda qanchalik ustun ekanini yaqqol ko‘rsatib beradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid