Jahon | 08:40
1482
3 daqiqa o‘qiladi

Grenlandiya bosh vaziri Trampning hospital kemasidan voz kechdi

Grenlandiya bosh vaziri Tramp “allaqachon yo‘lga chiqqan” deb yozgan hospital kemasini qabul qilishdan bosh tortdi. AQSh prezidentining fikricha, Grenlandiyada “ko‘p bemorlar bor va ularga zarur yordam ko‘rsatilmayapti”.

Foto: JOE RAEDLE / GETTY IMAGES

Grenlandiya bosh vaziri Yyens-Frederik Nilsen AQSh prezidenti Donald Tramp 2026 yil 22 fevral, yakshanba kuni oldinroq e’lon qilgan hospital kemasi kelishiga rozi emasligini bildirdi.

“Biz shunday deymiz: ‘Yo‘q, rahmat’. Prezident Trampning bu yerga, Grenlandiyaga hospital kemani yuborish g‘oyasi qayd etildi. Lekin bizda fuqarolar uchun bepul davolanishni ta’minlaydigan davlat sog‘liqni saqlash tizimi bor. Bu ongli tanlov. Va jamiyatimizning asosiy qismi. AQShda esa bunday emas — u yerda shifokorga borish pul turadi”, — deb yozdi Nilsen Facebook’dagi sahifasida.

Bosh vazir, shuningdek, Grenlandiya “hamisha muloqot va hamkorlikka ochiq” ekanini ta’kidladi. “Jumladan, AQSh bilan ham. Ammo biz bilan gaplashgan ma’qul — ijtimoiy tarmoqlarda tasodifiy bayonotlar qilish emas”, — dedi Nilsen.

Nilsen o‘z posti bilan Tramp orol sohillariga “ajoyib hospital kemasi” kelishi haqida xabar berganidan bir necha soat o‘tib chiqdi. Prezidentning aytishicha, u bu g‘oya ustida Luiziananing “ajoyib gubernatori” Jyeff Lendri bilan birga ishlamoqda, chunki Grenlandiyada “ko‘p bemorlar bor va ularga zarur yordam ko‘rsatilmayapti”. “U (kema — tahr.) allaqachon yo‘lda”, — deb yozdi Tramp Truth Social’dagi postida.

Prezident postiga, ehtimol, sun’iy intellekt yordamida yaratilgan rasm ham qo‘shilgan. Unda Janubiy Kaliforniyada joylashgan 272 metrli USNS Mercy hospital kemasi aks etgan. Bu kema haqiqatdan ham Grenlandiyaga yuborilgan-yuborilmagani hali aniq emas.

Tramp 2025 yil yanvar oyida ikkinchi prezidentlik muddatini boshlaganidan buyon bir necha bor Grenlandiya “u yoki bu tarzda” AQSh nazorati ostiga o‘tishi kerakligini aytgan. Unga ko‘ra, bu orol Arktika mintaqasi xavfsizligini ta’minlashda, shuningdek, AQSh milliy xavfsizligi manfaatlari nuqtai nazaridan muhim o‘rin tutadi.

Daniya va boshqa Yevropa amaldorlari esa javoban Grenlandiya — Daniyaning avtonom hududi — NATOning jamoaviy mudofaa me’yorlari bilan allaqachon himoya qilinganini eslatgan. Bundan tashqari, AQShning oroldagi harbiy ishtiroki 1951 yilgi kelishuv bilan ta’minlangan.

Yanvar oyida Tramp Arctic Endurance (“Arktik bardosh”) missiyasi doirasida Grenlandiyaga harbiylar yuborgan davlatlarga — Germaniya, Daniya, Norvegiya, Shvetsiya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya va Finlandiyaga qarshi boj joriy etish bilan tahdid qilgan edi. Biroq ko‘p o‘tmay prezident mojaroni keskinlashtirishdan voz kechdi: u NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan uchrashuvda murosaga kelinganini aytdi. Muhokama qatnashchilari kelishuv tafsilotlarini ochiqlamadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid