O‘zbekiston | 09:08 / 13.03.2026
1279
2 daqiqa o‘qiladi

2025 yilda 37 nafar hokim yordamchisi korrupsiyada ayblanib qamaldi - Antikorrupsiya agentligi

O‘tgan yili O‘zbekistonda korrupsiya bo‘yicha jinoiy jazoga tortilgan hokim yordamchilari 250 nafardan oshgan. Ularning 37 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Foto: Kun.uz

2025 yilda sudlar tomonidan 153 ta jinoyat ishi bo‘yicha 252 nafar hokim yordamchisi korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi matbuot kotibi xabar berdi.

Ularga quyidagi jazolar tayinlangan:

  • 37 nafariga ozodlikdan mahrum qilish;
  • 38 nafariga ozodlikni cheklash;
  • 160 nafariga axloq tuzatish ishlari;
  • 12 nafariga jarima;
  • 5 nafariga boshqa jazo choralari.

Xabarda agentlik har bir davlat organi va tashkilotning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlab, kelgusida ham uslubiy ko‘mak ko‘rsatishga tayyorligi ma’lum qilingan.

Avvalroq Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov mahalliy hokimliklar darajasida korrupsion jinoyatlarning 80-90 foizdan ko‘pi hokim yordamchilari bilan bog‘liq ekani haqida ma’lum qilgandi.

Biz buni tahlil qildik, o‘rgandik. Bu yerda juda ham ko‘p korrupsiyaviy omillar bo‘lgani uchun ularda mana shu jinoyatlar ko‘p bo‘lgan. Va biz hozir o‘sha subsidiya berish, imtiyozli kreditlar ajratishni inson omilisiz, ya’ni hokim yordamchisiga bog‘liq bo‘lmagan holda, mahalla yettiligi, kollegial qaror qabul qilish va inson omilisiz raqamlashtirish choralarini ko‘rdik. O‘ylaymanki, xuddi autsorsingni aytganimdek, 2026 yilda hokim yordamchilari tomonidan sodir etiladigan korrupsiyaviy jinoyatlar salmog‘i keskin kamayishiga erishiladi”, degandi Burhonov.  

Руслан Сабуров
Tayyorlagan Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid