Ma'lumki, Maxsus komissiyaning iyul oyidagi 33-sonli yig‘ilish qarori bilan ayrim bemorlarning o‘z uyida davolanishi belgilangan edi. Ammo bugun fuqarolardan kelayotgan ko‘plab murojaatlarga ko‘ra, kasallik yuqtirgan va uyda qolib davolanayotgan bemorlarning 1003 koll-markaziga qilgan aksar qo‘ng‘iroqlari javobsiz qolmoqda.

Bundan tashqari, soatlab kutilgan javobdan keyin ham markaz bilan bog‘lanilganda, u yerdagi mutaxassislar bemorlarni qoniqtiradigan darajada kerakli maslahatni bera olishmayapti. Markaz tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmat sifati bilan bugun hech kim qiziqmayapti, u o‘z holiga tashlab qo‘yilgan.

Nurmat Otabekovga ilk savolimiz shu xususda bo‘ldi.

«Aslida ma'lumotlar markazi faoliyati bilan bog‘liq masalalarga mening baho berishim qiyin. Negaki, bu markaz Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshida tashkil qilingan.

Ma'lumotlar markazi faoliyatini tashkil bo‘yicha vazirlikning 176-sonli buyrug‘i chiqqan. Shuningdek, ushbu buyruqqa muvofiq, koronavirus kasalligiga chalingani tasdiqlangan va kasalligi klinik belgilarsiz kechayotgan bemorlarni uy sharoitida hamda hududiy poliklinikalar nazorati ostida davolashga ham ruxsat berilgan.

Albatta, bemorlarning uyda davolanishini tashkil qilishdan maqsad odamlar uchun qulaylik yaratish. Bilasiz, O‘zbekiston bir necha oydan buyon koronavirus kasalligi bilan kurashib kelyapti. Mana shu davr mobaynida biror klinik belgilarsiz 14 kun shifoxonada va yana 14 kun reabilitatsiyada yotib chiqqanlar bo‘ldi. Shunday ekan, hozirgi vaqtda bu chora kasallika chalinganlar soni ortib borayotgani, qolaversa, kasalligi klinik belgilarsiz o‘tayotgan fuqarolarni uy sharoitida davolash mumkinligini inobatga olib qo‘llanmoqda. Mobodo bemorning ahvoli og‘irlashsa yoki boshqa jiddiyroq holatlar kuzatilsa, biz uni tezda shifoxonaga olamiz.

Bundan tashqari, biz ushbu chorani qo‘llash orqali joy bilan bog‘liq tanqisliklarning oldini olishga harakat qilyapmiz.

Haqiqatan ham, koronavirus bilan zararlanishning klinik belgilari 14 kun mobaynida kuzatilishi aytilgan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ham bu boradagi fikrini hozircha o‘zgartirgani yo‘q. Lekin O‘zbekistondagi holatlardan ko‘rinyaptiki, kimgadir kasallik yuqqan bo‘lsa, uning namoyon bo‘lishi uchun 10 kun muddat yetarli hisoblanadi.

Virus bilan zararlanganlar orasida 11-12-kunlarga kelib klinik belgilari paydo bo‘lgan bemorlar kamdan-kam kuzatilyapti», – deya javob berdi Nurmat Otabekov.

Albatta, bu masalaga yana qaytamiz. Hozirgi bergan savolim esa 1003 ma'lumotlar markazining qoniqarsiz faoliyati borasida edi. Hozir kuzatilayotgan og‘ir holatdan kelib chiqib, bu markaz faoliyatini takomillashtirish zarurati yuzaga kelmoqda.