Sud hukmi o‘qiladi, jazo tayin. Ayblanuvchi adolat binosida adolat istab, atrofga umidvor boqadi. Afsuski, u o‘ziga oldindan hukm chiqarilganini, sud majlisi o‘sha hukmni rasmiylashtirib qo‘yish uchun o‘tkazilgan spektakl ekanini sezmaydi, hatto.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent tuman sudida bu kabi holatlar oddiy holga aylanib qolgan. Buni mazkur sudning oxirgi 4-5 oydagi ikkita ishi misolida ko‘rish mumkin.

Davlat dushmaniga aylantirilgan yigit

20 yoshli Abdurahim Abdug‘aniyev do‘konda sotuvchilik bilan shug‘ullanib kelgan. 2022 yilning 7 aprel kuni Toshkent tuman IIB TEQKB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Abdurahimning uyali telefoni ko‘zdan kechiriladi. Tekshiruv jarayonida telefon xotirasida taqiqlangan diniy materiallar borligi, Abdurahim ularni Telegram orqali tanishiga jo‘natgani aniqlanadi.

Abdurahimning yaqinlari va advokati tergov va suddan mutlaqo norozi. Aytishlaricha, tuman IIB Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari Abdurahimning bo‘yniga bu ayblovni “ilish” uchun ko‘plab protsessual normalarni buzishgan, jismoniy va ruhiy tazyiqlar o‘tkazishgan.

Toshkent tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, leytenant M.Hamidov ayblov xulosasini yozishda shunchalar qattiq “ijod” qiladiki, Abdurahimdan dahshatli vatan xoinini “yasaydi”. Xususan, tergovchi tomonidan 20 yoshli yigitning bo‘yniga Jinoyat kodeksining 159-modda 1-qismi, 159-moddasi 1-qismi “a” bandi, 159-moddasi 3-qismi “a” bandi hamda 244¹-modda 3-qismi “g” bandi ilib qo‘yiladi.

Jinoyat kodeksining 159-moddasi 1-qismi O‘zbekiston Respublikasining amaldagi davlat tuzumini Konstitutsiyaga xilof tarzda o‘zgartirishga, hokimiyatni bosib olishga yoxud qonuniy ravishda saylab qo‘yilgan yoki tayinlangan hokimiyat vakillarini hokimiyatdan chetlatishga yoxud O‘zbekiston Respublikasi hududiy yaxlitligini Konstitutsiyaga xilof tarzda buzishga ochiqdan ochiq da’vat qilish, shuningdek, bunday mazmundagi materiallarni tarqatish maqsadida tayyorlash, saqlash yoki tarqatishda ifodalangan jinoyatlar uchun jazoni nazarda tutadi.