Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkent uchun yangi aeroport qurilgach, hozirgi aeroport yopiladi
Toshkent shahrining yangi xalqaro aeroporti qurilishini shu yil iyulda boshlash ko‘zda tutilgan. Yangi aeroport ishga tushirilgach, hozirgisi yopilishi kutilmoqda. Bu haqda ma’lum qilgan transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyevga ko‘ra, hozirgi aeroportning o‘rnida nima bo‘lishi hozircha noma’lum.
Foto: Transport vazirligi
Toshkent shahri uchun yangi xalqaro aeroport qurilishini shu yil iyul oyida boshlash rejalashtirilmoqda. Yangi aeroport ochilgach, hozirgisi yopiladi. Bu haqda Gazeta nashri bilan suhbatda transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev ma’lum qildi.
“Aslida konseptual yechim bor, xususiy sherik bilan kelishilgan shartlar mavjud. Agar yangisini ochsak, eskisini yopishimiz kerak. Bu mantiqan to‘g‘ri. Uning o‘rnida aynan nima bo‘lishi esa hozircha noma’lum”, – dedi Choriyev Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan Osiyo taraqqiyot banki yig‘ilishi doirasida bergan intervyusida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, loyiha bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim yakuniy bosqichda. Bitim may oyi o‘rtalarigacha imzolanishi kerak.
“Toshkentning yangi xalqaro aeroporti qurilishini iyul oyida boshlaymiz. Bu allaqachon aniq. Davlat-xususiy sheriklik bo‘yicha kelishuv may oyining o‘rtalarigacha imzolanishi lozim. Hozirda u yakuniy bosqichda turibdi. Imzolashimiz bilan hukumat tomonidan qisqa ko‘rib chiqiladi, rozilik olishimiz bilan qurilishni boshlaymiz. Prezident iyul oyidan ishlarni boshlash bo‘yicha aniq topshiriq bergan”, – dedi vazir o‘rinbosari.
Jasurbek Choriyevning aytishicha, DXSh bitimi doirasida davlat aeroportni yo‘lovchilar bilan ta’minlash bo‘yicha aniq majburiyatlarni o‘z zimmasiga olmaydi.
“Prognozlar bor va ular juda yaxshi. Bizda yillik o‘sish 30 foiz atrofida. Bu juda katta ko‘rsatkich. Buning uchun, albatta, infratuzilmani rivojlantirish juda muhim. Tushunib turibmizki, 2029 yilga borib hozirgi aeroportimiz o‘z salohiyatini to‘liq sarflab bo‘ladi. Shuning uchun biz samolyotlarni qabul qilish va jo‘natish bo‘yicha imkoniyatlari kamida ikki baravar ko‘p bo‘lgan yangi aeroportni ochishimiz kerak”, – dedi transport vaziri o‘rinbosari.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahri uchun yangi xalqaro aeroport Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq va Quyi Chirchiq tumanlari hududida, 1300 gektar maydonda quriladi. Shavkat Mirziyoyev 2025 yil 15 oktyabr kuni qurilishga start bergan edi.
Rasmiylarga ko‘ra, 2017-2025 yillarda poytaxtga aviayo‘lovchilar oqimi 3 karra oshib, yiliga 9 millionga yetgan. 2040 yilga borib, 24 milliondan oshadi. Lekin yiliga 11 million odamga xizmat ko‘rsatadigan hozirgi aeroport shahar hududida joylashgani uchun uni kengaytirishning imkoniyati yo‘q.
Yangi aeroport loyihasi Saudiya Arabistonining “Vision Invest”, Yaponiyaning “Sojitz” va Koreyaning “Incheon” kompaniyalari ishtirokidagi xalqaro konsorsium bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda 2,5 milliard dollar evaziga aerovokzal hamda aerodrom quriladi. Bu bilan yiliga 20 million yo‘lovchi va 129 ming tonna yuk o‘tkazish, soatiga 30 ta uchish-qo‘nish operatsiyalarini bajarish, 14 ta teleskopik traplardan foydalanish hamda bir vaqtning o‘zida 62 ta havo kemasini saqlash imkoniyatini yaratish ko‘zda tutilgan.
Mavzuga oid
22:02 / 06.05.2026
“Yana ozgina yomg‘ir yog‘sa, favqulodda holat vujudga kelardi” – shaharsoz
11:15 / 06.05.2026
Raqobat qo‘mitasi peshlavhalarga oid hujjat loyihasini e’lon qildi
07:58 / 06.05.2026
Toshkentdagi ayrim maktablarda davomat «aqlli» kameralar orqali nazorat qilinadi
07:54 / 06.05.2026