21:58 / 17.09.2020
10389

“Amirsoy” tog‘-chang‘i kurort majmuasida restoranlar, mehmonxonalar va ko‘p tarmoqli markaz quriladi

“Amirsoy” tog‘-chang‘i kurort majmuasi 2019 yil dekabr oyida ochilgandi.

Prezidentning “Bo‘stonliq tumanida boshqaruvning alohida tartibini joriy etish orqali turizmni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2020 yil 27 avgustdagi  farmoniga muvofiq “Amirsoy” tog‘-chang‘i kurorti majmuasini kengaytirish bo‘yicha loyihaning 2-bosqichini amalga oshirish yuzasidan vazifa belgilangan. Shu maqsadda, loyiha tashabbuskori hamda u tomonidan jalb etilgan xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan umumiy qiymati 75 million yevro bo‘lgan “Amirsoy” tog‘-chang‘i kurort majmuasi barpo etilishining 2-bosqichi to‘g‘risida hukumat qarori qabul qilindi.

Loyiha doirasida quyidagilarni amalga oshirish belgilandi:

  • 2400 o‘ringa mo‘ljallangan to‘rtta restoran;
  • 105 o‘rinli xonalar fondiga ega bo‘lgan “4 yulduzli” mehmonxona;
  • 101 o‘rinli xonalar fondiga ega bo‘lgan “5 yulduzli” mehmonxona;
  • ofislar va savdo maydonlaridan iborat 500 o‘ringa mo‘ljallangan ko‘p qavatli avtoturargoh;
  • osma yo‘llar, tog‘-chang‘i ko‘targichlar, shuningdek, 16,8 km uzunlikdagi tog‘-chang‘i trassalari;
  • tog‘ sporti, chang‘i va boshqa jihozlarni ijaraga berish shoxobchalariga ega bo‘lgan ko‘p tarmoqli markaz;
  • basseynlar va hordiq chiqarish hamda dam olishning mavsumiy turlarini tashkil qilish uchun maxsus maydonlar.

Shu bilan birga, mazkur loyiha o‘z muddatida amalga oshirilishini ta'minlash uchun davlat tomonidan zarur infratuzilma va tarmoqlarni barpo etishda ko‘mak beriladi.

Shuningdek, loyiha tashabbuskoriga qurilish-montaj ishlari va kelgusida loyihani ekspluatatsiya qilish jarayonida noyob tabiiy obektlar va majmualarni, o‘simliklar va hayvonlarning genetik fondini saqlash, faoliyatning atrof-muhitga salbiy ta'sirining oldini olish va tabiatni muhofaza qilishga oid qonun hujjatlari talablariga qat'iy rioya qilish bo‘yicha mas'uliyat yuklatildi.

Eslatib o‘tamiz, osma yo‘llar, chang‘i trassalari va joylashtirish vositalarini barpo etishni o‘z ichiga olgan “Amirsoy” tog‘-chang‘i kurort majmuasi 2019 yil dekabr oyida ochilgandi.

Ushbu tog‘ kurorti 892 gektar maydonni egallagan va 580 o‘ringa mo‘ljallangan. Qurilish ishlariga Italiya, Germaniya, Avstriya, Argentina, Ispaniya, Daniya kabi davlatlardan yetakchi kompaniya mutaxassislari jalb etildi. Qisqa muddat – 2 yilda turizm, dam olish, qishki sport maskani barpo etishga erishildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 14 avgust kuni turizm salohiyatini kengaytirishga doir loyihalar taqdimoti bilan tanishgandi.

Taqdimotda ma'lum qilinishicha, Bo‘stonliqda xalqaro kurort tashkil etiladi.

Mavzuga oid
Top