O‘zbekiston | 21:29 / 15.10.2025
3289
4 daqiqa o‘qiladi

Tozalik-ozodalik oyligi va ko‘chalarda patrul naryadlari – mahalliy dayjest

Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

15 oktyabrdan O‘zbekiston bo‘ylab tozalik va ozodalik oyligi boshlandi

Tadbir davomida barcha mahalla, maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari, ko‘chalar, aholi turar joylari hududlarini tozalash ishlari amalga oshiriladi. Shuningdek, volontyorlar, yosh eko-faollar ishtirokida turli tozalik aksiyalari, plogginglar tashkil etiladi.

Ekologik huquqbuzarliklarga qarshi doimiy reyd tadbirlari amalga oshiriladi. Vazirlik tomonidan respublikaning barcha hududlariga onlayn kuzatuv kameralari o‘rnatilgan bo‘lib, ushbu kameralar nazorati yanada kuchaytiriladi.

Ekologiya vazirligi barchani tozalik va ozodalik oyligida faol ishtirok etishga, duch kelgan joyga chiqindi tashlamaslikka, ogohlikka chaqirdi.

Katta shaharlardagi jamoat joylarida xizmat itlari patrullik qila boshladi

Ichki ishlar vazirligi hamda Milliy gvardiya tomonidan jamoat joylarida, xususan, xiyobonlar, istirohat bog‘lari va bozorlarda giyohvandlik vositalari hamda psixotrop moddalar noqonuniy aylanmasining oldini olish maqsadida xizmat itlaridan foydalanish tartibini belgilovchi qo‘shma qaror qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, dastlab Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida joylashgan jamoat joylarida xizmat itlari bilan birgalikda patrul naryadlari tajriba-sinov tariqasida faoliyat boshladi.

Xizmat itlari yordami jinoyatlarning oldini olishda, xususan, fuqarolarga yoki xodimlarga hujum uyushtirish holatlarini bartaraf etishda, jinoyat sodir etgandan keyin yashirinayotgan shaxslarni aniqlash va ushlashda, shuningdek, qo‘lga olingan shaxslarning qochishga urinishi yoki atrofdagilarga zarar yetkazish ehtimoli mavjud vaziyatlarda qo‘llanadi.

Qamchiq dovonida yangi turizm maskani barpo etiladi

Farg‘ona vodiysini poytaxt bilan bog‘laydigan Qamchiq dovonining Namangan viloyatidan o‘tgan qismida zamonaviy dor yo‘li va dam olish majmuasi quriladi. Loyiha 90 gektar maydonni qamrab oladi va uni Avstriyaning Doppelmayr/Garaventa guruhi amalga oshiradi.

Ushbu kompaniya Avstriya va Shveytsariyada tashkil topgan, kanatli yo‘llar (ropeways), gondolalar, liftlar, yo‘lovchi va material tashish sistemalari ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyalar guruhi. Guruh turli texnologiyalar, sistemalar va xizmatlar bo‘yicha yetarlicha keng portfelga ega. Kompaniya dunyo bo‘ylab 96 ta mamlakatda 15,000 dan ortiq kanat yo‘llarini loyihalashtirgan.

Yashil tashabbuslarga yiliga 10 mlrd so‘mgacha mablag‘ ajratiladi

2026 yildan boshlab atrof-muhitni asrash, ekologik madaniyatni oshirish va «yashil» g‘oyalarni amalda qo‘llab-quvvatlash uchun endilikda har yili 10 mlrd so‘mgacha mablag‘ ajratiladi.

Hukumat qarori bilan Yoshlar ishlari agentligi huzurida «Yashil tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi» tashkil etildi.

Jamg‘arma tomonidan quyidagi tashabbuslar moliyalashtiriladi: tabiatga mehr va ekologik madaniyatni oshiruvchi loyihalar; chiqindilarni qayta ishlash, yashil energiya va ekologik toza texnologiyalarni rivojlantirish; daraxt ekish va parvarishlash tashabbuslari va boshqalar.

O‘zbekistonliklar xorijda o‘qish uchun qaysi mamlakatlarni tanlamoqda?

2025 yilning yanvar-avgust oylarida jami 20,7 ming nafar O‘zbekiston fuqarolari o‘qish maqsadida chet elga safar qilgan.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda qariyb 5,1 ming nafarga yoki 24,6 foizga kamaygan.

O‘zbekiston fuqarolari o‘qish maqsadida eng ko‘p safar qilgan davlatlar orasida Tojikiston yetakchilik qilmoqda: 5270 nafar. Undan keyingi o‘rinni Rossiya (4649) va Qirg‘iziston (3064) egalladi.

Mavzuga oid