Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Dushanbeda yongan stadion, qulagan Navoiy haykali va shifokorlarga porani qonuniylashtirish – MO hafta ichida
Qirg‘izistonda shifokorlarga pora berishni qonuniylashtirish taklif etildi. Qozog‘iston Markaziy Osiyo davlatlarini suvdan oqilona foydalanishga chaqirdi. Afg‘onistonda Alisher Navoiy yodgorligi vayron etilib, keyin qaytadan qurilishi boshlandi. Tojikistonda hali qurilishi tugallanmagan, biroq eng katta bo‘lishi kutilgan stadion yonib ketdi. Turkmanistonda Ozarboyjon va O‘zbekiston prezidentlari bilan sammit o‘tkazildi
Qirg‘izistonda shifokorlarga pora berishni qonuniylashtirish taklif etildi
Qirg‘izistonda shifokorlarga pora berishni qonuniylashtirish masalasi muhokama qilinmoqda. Faqat porani choychaqa so‘zi bilan yumshoqroq aks ettirishyapti. Ma’lum bo‘lishicha, Qirg‘iziston adliya vaziri – Ayaz Bayetov shifokorlarga choychaqa berishni qonuniylashtirish haqida taklif bergan. Vazir o‘z taklifini restoranda ofitsiantlarga choychaqa berish normal-u, shifokorlarga berish aksinchaligi bilan oqlashga uringan.
Mahalliy nashrlarning yozishicha, vazir Bayetov davlat tizimini byurokratiyadan xoli qilish majlisida shu taklifini aytib o‘tgan. Hukumat a’zosining fikricha, shifokorlarga beriladigan bu choychaqani faqat kassa orqali amalga oshirish kerak, pullar raqamli nazoratda bo‘lishi lozim. Bemorlarning bu minnatdorchilik to‘lovini esa ixtiyoriy hamkorlik to‘lovi sifatida qabul qilish kerak, degan adliya vaziri.
“Taklif tibbiyot muassasalarida shifokorlar yetishmasligi, shuningdek, majburiy hamkorlik to‘lovining standart jarayonlari doirasidagi byurokratik qiyinchiliklar bilan bog‘liq, deya qo‘shimcha qiladi u.
Mahalliy matbuotga ko‘ra, tibbiyot xodimlariga bunday poraning berilishini qonuniylashtirish taklifi – vazirning shaxsiy fikri xolos, Qirg‘iziston vazirlar mahkamasi rasmiy pozitsiyasi hisoblanmaydi. Mahkamaning bildirishicha, davlat aksincha, shifokorlar va tibbiyot xodimlarining mehnatiga munosib haq to‘lashga intiladi va shu yo‘l bilan pora oldi-berdisidan qutulmoqchi.
“Shifokor va hamshira har daqiqada oilasini boqishni o‘ylamasdan, xalqiga xizmat qila olishi nuqtayi nazaridan munosib. Albatta, ofitsiantga beriladigan choy puli bilan taqqoslash har qanday tibbiyot xodimi uchun haqoratli. Bunday to‘lovlarni qandaydir legallashtirish urinishlari esa o‘tgan yillardan qolgan inseriyadir...
Bizda xususiy tibbiyot bor. Bugun shifokorlarda ham, bemorlarda ham tanlash imkoniyati mavjud. Kelgusi yillarda xalq salomatligi bo‘yicha davlat majburiyatlarini amalga oshirish siyosati bosqichma-bosqich rivojlantiriladi. Bu vaqt masalasi. Prezident tomonidan oldimizga shunday vazifa qo‘yilgan. Biz avvalgi hokimiyatning “puling yo‘q bo‘lsa, o‘z ishing” tamoyilidan voz kechdik, deya ta’kidladi vazirlar mahkamasi vakili.
Eslatib o‘tamiz, Qirg‘izistonda shifokorlarning o‘rtacha maoshi – 22-23 ming somni tashkil etadi. Bu esa 252-236 dollar degani. Bu haqida sog‘liqni saqlash vaziri Erkin Checheybayev iyun oyida ma’lum qilgandi. U insultdan keyingi og‘ir bemorlar davolanadigan Milliy gospitalning nevrologiya bo‘limini misol qilib keltirgan.
40 yillik tajribaga ega bir shifokor 23 ming som, ya’ni 263 dollar maosh oladi. Haqiqiy vaziyat shunday, mamlakat bo‘ylab esa faqat 1-2 shifokorgina taxminan 1,100 dollar maosh oladi. Vazirga ko‘ra, bunday shifokorlar deyarli shu kasalxonalarda yashaydi, doimiy navbatchilik oladi va yuqori yuklama bilan ishlaydi.
Eslatib o‘tamiz, Qirg‘iziston vazirinikiga o‘xshash taklifni 2023 yilda sobiq O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Amrullo Inoyatov ham bergandi. O‘shanda u agar shifokorlar chin yurakdan davolasa, bemorlar rozi bo‘lib, barakasini berib ketishini aytgandi. Vazirning bu gapi esa xuddi porani qonuniylashtirishdek narsa edi. Inoyatov shifokorlarning maoshi kamligini aytib, buni birdan oshirishga O‘zbekistonning iqtisodiy imkoniyatlari yetmasligi, lekin tibbiyot xodimlariga bemorlar bergani bilan ahvol yaxshiroq bo‘lishiga shama qilgandi. Albatta, buni jamoatchilik ikki xil tushundi. Shifokor o‘laroq aytilgan so‘zlar vazirga yarashmasligi ko‘proq yangragandi o‘shanda.
Afg‘onistonda Navoiy haykali buzib tashlandi
Afg‘oniston bilan bog‘liq hafta davomidagi asosiy xabarlardan biri shubhasiz vayron bo‘lgan Alisher Navoiyning qabri. Bilasiz, shoir va davlat arbobi Mir Alisher Navoiyning qabri – Kobul shahrida qolgan. O‘tgan hafta «Tolibon» ushbu qabrni butunlay buzib tashladi, bu esa afg‘on va o‘zbek nashrlarida savollarni ko‘paytirdi. Dastavval, toliblar qabrni vayron etgani aytilgan bo‘lsa, oradan ozgina o‘tgach bu rekonstruksiya ishlari ekani e’lon qilindi.
Qabr buzilgach tug‘ilgan savollar ortidan turk millatiga mansub o‘qituvchi va siyosatchilarning g‘azabi qo‘zigan edi. Toliblar nafaqat boshqa etnik guruhlarning ma’naviy qadriyatlari va insoniyatning tarixiy yutuqlariga e’tibor bermayapti, balki mamlakatning madaniy va tarixiy o‘ziga xosligini yo‘q qilish va kamsitish bilan ham shug‘ullanmoqda, degandi ular. Dastavval, muvaqqat hukumat bu ishiga izoh bermadi.
Alisher Navoiy haykali taxminan 17 yil oldin Mozori Sharif shahar hokimligi tomonidan o‘rnatilgan edi.
O‘zbekiston ham bundan xabar topib, «Tolibon» hukumati bilan bog‘landi. TIV bayonotiga ko‘ra, Navoiy haykali o‘rnatilgan joy buyuk alloma xotirasiga munosib emasligi uchun olib tashlangan. Biroq toliblar bu ishni keng jamoatchilik bilan kelishmay qilgani bois pushaymon ekanini ham alohida bildirgan.
Keyinroq xabar berilishicha, yangi Mozori Sharif shahrida Navoiy yodgorligini qayta tiklash va obodonlashtirish uchun tamal toshi qo‘yildi.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yilda «Tolibon» Afg‘onistonning Balx viloyatida o‘rnatilgan Alisher Navoiy yodgorligini ham buzib tashlagandi.
Qozog‘iston Markaziy Osiyo davlatlarini suvni adolatli taqsimlashga chaqirdi
Mahalliy qozoq nashrining yozishicha, bosh vazir o‘rinbosari Qanat Bozumbayev davlatlararo muvofiqlashtiruvchi suv xo‘jaligi komissiyasi yig‘ilishida bu fikrni aytib o‘tgan. Ushbu komissiya transchegaraviy suv resurslarini boshqaruvchi mintaqaviy asosiy organ hisoblanadi.
“Bu shunchaki raqamlar emas, balki suv ta’minoti uchun haqiqiy xavfdir. Afsuski, komissiya doirasida qabul qilingan qarorlar to‘liq bajarilmayapti”, dedi Qozog‘iston vakili.
U mintaqa davlatlari faqat bayonotlar bilan cheklanib qolmasdan, amaliy harakatlarga o‘tishi zarurligini aytdi.
Ma’lumot uchun, Qirg‘iziston va O‘zbekiston janubdagi sug‘orish taqchilligini bartaraf etish uchun Qozog‘istonga 600 million kub metr suv yuborishni rejalagan. Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosariga ko‘ra, butun Markaziy Osiyo uchun bu yil qurg‘oqchilik yili bo‘ldi. Turkiston va Qizilo‘rda viloyatlarini suv bilan ta’minlovchi Sirdaryoning asosiy o‘zaniga odatdagidan 30–40 foiz kam suv kelmoqda. Anomal issiqlik tufayli dehqonchilik ehtiyojlari ortgan, ammo mavjud suv hajmi afsuski, yetarli emas.
Dushanbeda hali qurilishi tugamagan stadion yonib ketdi
Tojikistonda 20 avgust kuni davlatdagi eng katta bo‘lishi kutilayotgan, biroq qurilishi tugallanmagan stadion yonib ketdi. Mahalliy nashr, Asia Plus Tajikistanʼning yozishicha, chorshanba kuni ertalabdan stadion tepasida qora tutun ko‘ringan. Bu esa shaharning turli nuqtalaridan yaqqol ko‘rina boshlagan. Nashr jurnalistlari olgan videolarda ko‘rinishicha, stadionning pastki qavatlaridan olov tepaga qarab kuchaygan.
Voqea joyiga o‘t o‘chirish xizmatlari yetib kelib, tushlik 12:20 larda yong‘in o‘chirilgani aytiladi.
Hukumat stadiondagi yong‘in borasida rasmiy izoh bermagan, yetkazilgan zarar miqdori eda hisoblab chiqilmoqda.
Markaziy stadion quruvchilardan birining Asia Plusʼga ma’lum qilishicha, yong‘in payvandlash mash’alining moy solingan idishga tushishi natijasida boshlangan. Binoda qo‘riqchi bo‘lib ishlayotgan yana bir guvohning so‘zlariga ko‘ra mash’al ovqat tayyorlash uchun ishlatiladigan o‘tin ustiga tushib ketgan va bu yong‘inga sabab bo‘lgan.
Dushanbedagi yangi stadion 9,5 gektar maydonni egallaydi va 30 000 tomoshabinga mo‘ljallangan. Bu Tojikistonga xalqaro musobaqalarni o‘tkazish imkonini beradi va mamlakatda futbol va sport hayotini rivojlantirishga xizmat qiluvchi muhim madaniyat markaziga aylanishi kerak edi.
Loyiha 2019 yilda boshlangan bo‘lib, qurilishni yakunlash 2026 yilga mo‘ljallangan va Tojikiston mustaqilligining 35 yilligiga to‘g‘ri keladi. Qurilishni yana Xitoy kompaniyasi bo‘yniga olgan, moliyalashtirish esa FIFA loyihalarini qo‘llab-quvvatlash doirasida amalga oshirilmoqda. Stadion hududida Tojikiston futbol federatsiyasi raisi, prezidentning o‘g‘li – Rustam Imomali tashabbusi bilan tojik futboli tarixi muzeyi ochilishi aytilgan.
O‘tgan iyun oyida prezident Imomali Rahmon va Dushanbe meri Rustam Imomali milliy stadiondagi qurilish ishlarini ko‘zdan kechirgan edi. Qurilishga 720 dan ortiq mutaxassis va ishchilar jalb etilgan.
Biroq 20 avgustdagi yong‘indan keyin stadionning hozirgi ahvoli mana shunday.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti ham o‘tgan hafta Olimpiya shaharchasidagi sport majmualari bilan tanishdi, milliy futbol markazini borib ko‘rdi.
Bundan tashqari esa hafta davomida Toshkent shahar, Olmazor tumanida qurilishi yakunlanishiga ozgina qolgan Islom sivilizatsiyasi markazida yong‘in chiqdi. Voqea joyiga hukumat rahbari – bosh vazir Aripov ham yetib bordi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi yong‘inda qurilish materiallari yonib ketganini xabar qildi.
2019 yilda ham bu yerda yong‘in chiqib, bino yerto‘lasi yongan edi. Turli gap-so‘zlarga ko‘ra, markaz qurilishi yaqin oylarda tugashi kerak bo‘lgan.
Turkmaniston O‘zbekiston va Ozarboyjon bilan uch tomonlama sammit o‘tkazdi
Bu kurort zona – Avazadagi shu oy bo‘layotgan ikkinchi katta tadbir. Turkmaniston tomonidan prezidentning otasi Gurbanguli muzokaralarda qatnashdi, tashabbus ham uniki.
Uch tomonlama sammit Turkmaniston neytralitetining 30 yilligi hamda Ozarboyjonning Rossiya bilan o‘zaro siyosiy zo‘riqqan aloqalari davriga to‘g‘ri kelmoqda. Biroq bu sammitning ahamiyati ko‘proq – iqtisod va transport aloqalari bilan bog‘liq bo‘lishi kutilgan. Chunki Turkmaniston va Ozarboyjon Kaspiyning ikki tomonidagi egachi davlatlar.
Mahalliy turkman nashrlarida sammit yuzasidan aniq tahlilga ko‘zimiz tushmadi. Rasmiy manbalarda kelishicha, uch davlat vakillari ham yakkama-yakka, ham birgalikda muzokaralar o‘tkazdi.
Kaspiy dengizining turkman sohilidagi Avaza shahridagi sammit kun tartibidan savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, energetika va gumanitar sohalarda ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish masalalari o‘rin olgan. Sammit yakunlari bo‘yicha qator qo‘shma hujjatlar imzolandi, deb yozdi Turkmenportal.
Mavzuga oid
13:06 / 30.11.2025
Sobiq prezidentning qamoqdagi o‘g‘li, qurib ketgan suv omborlari va Qozog‘istonda yana referendum – MO hafta ichida
13:06 / 23.11.2025
25 yillik jinoyat, rasmga olishga taqiq va Hindistonga qatnayotgan «Tolibon» vazirlari – Markaziy Osiyo hafta ichida
12:30 / 09.11.2025
Mintaqa liderlari Oq uyda yig‘ildi – Markaziy Osiyo hafta ichida
14:50 / 02.11.2025