O‘zbekiston | 17:56 / 31.05.2024
8497
10 daqiqa o‘qiladi

Eski va Yangi Toshkent qurilishlar qurshovida: nimalar o‘zgaradi?

Poytaxtdagi vazirlik va idoralar Yangi Toshkentga ko‘chiriladi. Keng ko‘lamdagi qurilishlar davrida havoning ifloslanishi ortishi, daraxtlar kamayishi hamda yo‘llarda yirik tirbandliklar yuzaga kelishi mumkin. Kun.uz bilan suhbatda mutaxassislar qurilish norma va qoidalariga qat’iy amal qilinishi hamda kuchli nazorat bo‘lishi kerakligini ta’kidlashdi.

Ma’lumot uchun, Yangi Toshkent hozirgi shaharning sharqiy qismida, 20 ming gektarlik hududda barpo qilinishi kutilyapti. Chirchiq va Qorasuv daryolari oralig‘ida joylashadigan shahar konsepsiyaci taqdimoti fevralning oxirida bo‘lib o‘tdi.

Yangi shaharga respublika darajasidagi ijro organlari ko‘chiriladi, ularning hozirgi binolari sotilib, tushgan mablag‘lar Yangi Toshkentda ma’muriy binolar qurishga sarflanadi. Shaharda bir qator ijtimoiy obektlar qurilishi boshlangan.

– Dastlab uchalangizga ham bir xil savol bilan yuzlanmoqchiman. O‘zi yangi shaharlar nima uchun quriladi? Yangi Toshkent qurilishiga ehtiyoj bormidi, bo‘lsa, ular nimalardan iborat?

Saidazim Sharipov: Aholimiz o‘sib boryapti. Markaziy Osiyoda aholisi tez o‘sib borayotgan va zich joylashgan davlatlardan biri hisoblanamiz. Toshkentda yiliga 100 ming nafar aholi qo‘shilib boryapti. Markaziy nuqta, ya’ni magnit sifatida ko‘rilayotgan davlat bo‘lgani sabab nafaqat mamlakat, balki atrofdagi boshqa davlatlar fuqarolarini ham o‘ziga jalb qiladi. [Shuningdek] biznes va rivojlanishni jalb qiladi degan maqsadda Toshkent kengaymoqda.

Temur Ahmedov: Bu asosiy sabablari bo‘ladi, chunki shaharlar baribir rivojlanadi. Aholi ko‘payganidan keyin shaharlar kengayadi. Bizda Samarqand, Buxoro ham kengaymoqda. Toshkent mintaqaviy markaz bo‘lgani uchun ko‘chada yurganingizda ham har xil davlatlardan odamlar kelayotganini ko‘rasiz. Chunki tadbirkorlik o‘syapti, qandaydir xalqaro loyihalar ko‘payyapti, odamlar kelib ishlaydi. Nafaqat mehmonxonada, uy olib bir necha yil yashaydiganlar ham bor. [Shuning uchun] shahar kengaymasligining iloji yo‘q.

Iskandar Soliyev: Shaharlarning kengayishi dunyo miqyosida olib qaralsa, hamma yerda kuzatiladi. Bu – odatiy hol. Lekin qanday holatlarda kengayadi, masalan, shaharning kengayishi infratuzilmaviy yoki boshqa tomondan qaraydigan bo‘lsak, boshqa iloji yo‘q, ya’ni rivojlanishga boshqa hududlar ko‘rinmayotgan holatlarda shaharlar kengayishi yoki yo‘ldosh shaharlarga ulanib, kengayishi mumkin.

Endi Toshkentni oladigan bo‘lsak, bu yerda hali [kengayish uchun] hududlar bor, bu holatda Toshkentning ko‘p qismini 1 qavatli uylar egallagan. Shu joylarni ham optimallashtirgan holda zichlikni oshirish mumkin bo‘lgan vaziyatdamiz. Aholi ko‘paymoqda, O‘zbekistonda 2050 yilgacha bu o‘sish davom etadi. Bu jarayonda yana bir e’tiborli jihati, master reja tuzishda boshqa shaharlarga ham bir vaqtning o‘zida ahamiyat berib ketish kerak, degan fikrdaman. O‘shanda Toshkentning aholi soni hozirgi holatdagidan sekinroq o‘ssa kerak.

Temur Ahmedov: Yana bir narsa qo‘shmoqchi edim, siz aytganingizdek bizda urbanizatsiya bo‘lyapti, qishloq aholisi shaharga ko‘chyapti. Bu qisman yangi imkoniyatlar: o‘qish, ishlash bilan bog‘liq. [Lekin] texnologiya rivojlanyapti, qishloq xo‘jaligi ham avtomatlashtirila boshlansa, kamroq odamlar ishlashni boshlaydi. Bizda hozir qishloq xo‘jaligi sektorida ko‘p odam ishlaydi, masalan, AQShda aholining atigi 3 foizi qishloq xo‘jaligida ishlaydi. Bizda 40 foizlar atrofida, ya’ni avtomatlashtirilib, yangi texnologiyaning ta’siri kuzatilsa, odamlar bo‘shashni boshlaydi. Keyin esa ular qayergadir borishi kerak bo‘ladi, bu vaziyatda esa asosan shaharlarga borishni boshlashadi. Bu jarayonda nafaqat Toshkentga, balki umuman katta yoki kichik shahar bo‘ladimi – hammasiga ta’sir bo‘ladi. Keyingi 10-15 yilda ko‘p aholi qishloqdan shaharlarga o‘tadi.

– Saidazim aka, siz bergan ma’lumotlarga ko‘ra, ayni vaqt 20 ming gektardan 6 ming gektar maydonning birinchi bosqich bosh rejasi ishlab chiqilgan. Shuni qisqacha tushuntirsangiz, ma’lum hududga bosh reja ishlab chiqilishi nimani anglatadi, undan keyin qanday ishlar qilinadi? Umumiy rejada yangi Toshkentni qancha yilda qurib bitkazish reja qilingan, qisqacha bosqichlariga ham to‘xtalsangiz.

Saidazim Sharipov: Yangi Toshkentning umumiy maydoni 20 ming gektarni tashkil qiladi. Bu mavjud Toshkentning sharqiy qismida joylashgan. 20 ming gektarni bir avlodda o‘zlashtirish, bir avlodda shahar qurish imkonsiz. Chunki juda katta hudud, hozirgi Toshkentning yarmi degani. Shuning uchun bosh reja konsepsiyasi deganmiz, ya’ni o‘sha hudud qanday strategiyada rivojlanadi. Shu hudud strategiyasi belgilanganidan keyin, bu strategiyada, albatta, bosqichlari ham yozilgan. Birinchi bosqichimiz 6 ming gektar hududni o‘z ichiga olgan, bizning avlod birinchi bosqichni bitira oladi. Qolgan bosqichlar keyingi avlodlarga. Birinchi bosqich uchun 10 yilni reja qilyapmiz, chunki bu yerda asosiy g‘oyasi – administrativ markaz bo‘lishi.

Ya’ni Toshkent shahridagi administrativ binolar ko‘chirib o‘tkaziladi, shuning hisobida 10 yillarda shahar sifatida rivojlanishini taxmin qilyapmiz. Va, albatta, nafaqat administrativ tuman, balki birinchi bosqichimizda shahar sifatida rivojlanishi mumkin bo‘lgan barcha sharoitlar bo‘ladi. Monofunksiya emas, ko‘p funksiyali shahar sifatida loyihaladik.

Birinchi bosqichimizning bosh rejasi, bu degani qurilish boshlanadimi? Ha, boshlanadi. Ya’ni qanday ko‘rsatkichlar, qanday funksiya, umuman infratuzilma tarmoqlari qanday tashkil qilinishi, har bir hududning bu tarmoqlarga berayotgan bosimi – shularning hammasini hisob-kitob qilganmiz. Aslida bosh rejaning ma’nosi ham shu, shahar to‘laqonli rejalangani kabi, risoladagidek o‘z faoliyatini davom ettirishi uchun qilinadi. Agar shu bosh reja bo‘yicha shahar qurilsa, hammasi hisob-kitob qilingan bo‘ladi. Shunda shaharda ko‘zda tutilmagan, kutilmagan muammolarning chiqishi minimum darajaga tushadi.

– Administrativ hudud barpo qilinadi deyilyapti. Ya’ni buning uchun mavjud binolar sotilib, sotilishidan tushgan mablag‘lar evaziga yangi binolar quriladi. Jarayon boshlanganmi?

Saidazim Sharipov: Birinchi bosqichda quriladigan obektlarimiz aniq, belgilangan. Bularga Yangi O‘zbekiston universiteti, Milliy kutubxona, Nizomiy universiteti va boshqa bir qator ijtimoiy obektlardan boshlangan. Bunga aprel oyida davlat rahbari tomonidan start berildi. Ya’ni hozir birinchi bosqich bosh rejasiga asosan ishlar boshlangan.

– Qurilishlar hozirgi Toshkentda ham davom etishini taxmin qilish mumkin. Ko‘plab hududlarda yirik qurilishlarning bir vaqtda bo‘lishi nimalarga ta’sir qilishi mumkin?

Temur Ahmedov: Katta qurilishlarni ko‘ryapmiz, bu ekologiyaga ham ta’sir qiladi, masalan. Bunday qurilishlarning xalqaro standartlari va o‘zimizning ham talablarimiz bor. Misol uchun, bino qurilayotganda changni qanday nazorat qilish kerak, binolar buzilayotganda qurilish materiallari qayerga ketadi, ularni qayta ishlatsa bo‘ladimi yoki qandaydir saralab, qayta ishlashga yuborsa bo‘ladimi – bularning hammasi standartlarda yozilgan. Agar o‘sha bo‘yicha qilinsa, salbiy ta’sirlarni kamaytirsa bo‘ladi. Eng asosiysi – odamlarning kunlik doimiy hayotiga nisbatan bo‘ladigan salbiy ta’sirlarni kamaytirish. Ko‘p qurilish bo‘lganida katta transportlar yuradi, ularning shovqinli ovozi bor – bularning hammasini nazorat qilish kerak.

Iskandar Soliyev: Qurilish barcha shaharlarda bo‘ladi, bu – odatiy hol. Bunga odatiy holdek qarash kerak. Agar hozirgi yozilgan qoidalarga amal qilinib, quriladigan bo‘lsa, chang ko‘tarilishi yoki yo‘llarga loy chiqib, aholiga ortiqcha shovqin berilishining oldini olsa bo‘ladi. Ko‘p shaharlarda deyarli butun-butun tumanlar yangitdan quriladi yoki rekonstruksiya, renovatsiya qilinadi. Lekin normalarga amal qilingan holda qurilgani uchun odamlar shovqin, changdan deyarli xoli bo‘ladi. Ya’ni bu narsaning qoidalariga amal qilishsa, eplasa bo‘ladi.

Endi faqat ijtimoiy obektlarning bitta administrativ joyga ko‘chirilishi biroz yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin. Masalan, odamlar mavjud Toshkentdan yangi Toshkentga qadar bir vaqtda borishga intilishadi yoki bir vaqtga qaytishadi. Hozirda infratuzilma yerlari qurilishi aytilyapti, lekin bizda hozircha Yangi O‘zbekiston yo‘li bor va qolganlari yaqin o‘rtada qurilsa ham, hozircha qandaydir yo‘llarimizga bosim tushadi.

Bundan tashqari, shaharning konsepsiyasiga ham qo‘shimcham bor. Bizda shaharni master rejasini qilganimizda qayerda nima hisobga olinishi yoki olinmasligi qayd etiladi. Bu sabab hisobga olinmagan jihatlar minimallashadi. Lekin bu yerda qilinayotgan bir xato bor, bizning necha yillik aeroportimiz Toshkentdan tashqarida joylashgan bo‘lsa, hozir qurilishi kutilayotgan yangi aeroport ham 2 ta Toshkentning orasida Toshkentning ichiga kirib ketyapti. Shundan kelib chiqsak, qanchadir yillardan so‘ng yangi aeroport qurish kerak bo‘ladi, menimcha.

  • Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.  

Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi.
Tasvirchi Mirvohid Mirrahimov,
Montaj ustasi Nuriddin Nursaidov.

Mavzuga oid