Shirin shahar hokimining uyini ta'mirlagan ustalar haqini kim beradi?
«Mana 3 oydirki, Shirin shahar hokimi, «Qishloq qurilish invest» IK va quruvchi tashkilot o‘rtasida sarson-sargardonmiz; oila, bola-chaqamiz uyda yetishmovchilikdan qiynalyapti. Masalaga viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayevning e'tibor qaratishini iltimos qilamiz», deydi quruvchilar brigadiri Azizbek Ergashev.
Kun.uz 20 fevral kuni «Shirin shahar hokimi yashayotgan uyni ta'mirlagan ustalar pulini ololmayapti. Hamma o‘zicha «oppoq» sarlavhali tanqidiy maqola e'lon qilgandi.
Maqolada Shirin shahar hokimi, shahar prokurori va IIB boshlig‘i uchun qurib bitkazilgan xizmat uylarida ishlagan ishchilarning o‘z ish haqlarini deyarli 4 oydan buyon ololmayotganliklari yoritilgan.
Shirin shahar hokimligi matbuot xizmati holatga rasmiy munosabat bildirdi.
Hokimlikning ma'lum qilishicha, 2693-sonli prezident qaroriga asosan, respublika bo‘ylab davlat organlarining hududiy bo‘linmalari rahbarlari uchun xizmat uy-joylarining buyurtmachisi «Qishloq qurilish invest» IK hisoblanadi hamda qarorda bu ishlarga davlat hokimiyat organlarining bevosita yoki bilvosita aralashuvi ko‘zda tutilmagan.
«Xususan, Shirin shahrida joylashgan xizmat uylari qurilishida ishlagan ishchilarning ish haqlarini ololmayotganliklari ham shahar hokimligi hamda sektor rahbarlariga bog‘liq bo‘lmagan holat bo‘lib, bu haqda faqat ish haqi bo‘yicha shahar IIBga yozma murojaat qilingan va IIB tomonidan murojaatdagi vaziyat fuqarolik holati bo‘lgani sababli fuqarolik sudiga murojaat qilish tushuntirilgan va bu haqda javob xati berilgan», – deyiladi hokimlik munosabatida.
Bayonotda qurilish hali bitmagani va pudratchiga nisbatan jinoyat ishi sudda mazmunan ko‘rib chiqilayotgani aytilgan.
Hokimlikning ma'lum qilishicha, «Qishloq qurilish invest» IK Sirdaryo viloyati filiali pudratchi tashkilot hisob raqamiga shartnomada ko‘rsatilgan mablag‘ – umumiy summaning 95 foizini to‘liq o‘tkazgan va ustalarning ish haqi shu mablag‘dan to‘lanishi kerak. Qolgan 5 foiz pulni esa obekt foydalanishga topshirilgan kundan e'tiboran, 12 oy kafolat va ekspluatatsiya muddatidan muvaffaqiyatli o‘tganidan so‘nggina to‘lab beriladi.
Kun.uz'da e'lon qilingan maqolada bu holatlar rad qilinmagan, balki boshqa taraflarning ham fikrlarini keltirib o‘tilgan edi.
Masalaning yana bir qiziq tarafi, tanqidiy maqola e'lon qilingach, hokimlik axborot xizmati biz bilan aloqaga chiqib, quruvchilarning ish haqi borasidagi masalani surishtirmadi, balki uylardan biri ijaraga berilgani haqidagi fikrlarni olib tashlashni iltimos qildi.
Qurilishda ishlagan ishchilar boshlig‘i Azizbek Ergashevning bizga ma'lum qilishicha, 3 kun avval «Asadtillo biznes» MChJ rahbari Odamboy Qurbonboyev xorazmlik ishchilarning 3 nafarini Shirin shahriga chaqirib olgan.
Odamboy Qurbonboyev ularga xizmat uylarida chala qolgan ishlarni tugatib bersa, har biriga 100 dollardan berishini va qolgan 43 million so‘mlik qarzini ham to‘lashini aytadi. Lekin, bu safar ham ustalar aldanmoqda, 4 kundan buyon o‘sha xizmat uylarida, sovuq sharoitda pullarini ololmay kutishyapti.
«Mana, 3 oydirki hokim, «Qishloq qurilish invest» IK va quruvchi tashkilot o‘rtasida sarson-sargardonmiz. Oila, bola-chaqamiz uyda yetishmovchilikdan aziyat chekishmoqda. Masalaga viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayevning e'tibor qaratishini iltimos qilamiz», – deydi biz bilan suhbatda Azizbek Ergashev.
Holatga izoh olish maqsadida Odamboy Qurbonboyev bilan bog‘lanishga urindik. Tadbirkor qo‘ng‘iroqlarimizni javobsiz qoldirdi.
Hokim Sarvar Sultonovning esa, u yashayotgan uyni ta'mirlagan ustalar haqini undirib berishda amaliy yordam berish niyati yo‘qligi maqolaga bildirgan raddiyasidan ayon bo‘ldi.
Mavzuga oid
16:12 / 05.11.2024
Yangiyo‘lda “dom” qurilishi ishlar sifatsiz bajarilgani uchun to‘xtatildi
12:37 / 05.11.2024
Sirdaryoda buvi va nevara qariyb 7 kg tilla taqinchoqni chegaradan yashirincha olib kirishga urindi
15:03 / 27.10.2024
Toshkentda qurilish tashkiloti elektr tarmog‘ini uzib yubordi
14:36 / 24.10.2024