O‘zbekiston | 18:10 / 16.03.2021
21747
2 daqiqa o‘qiladi

Yo‘ldosheva ishi bo‘yicha 17-sud: marhumning ayoli aybdorlar jazolanishini so‘radi

15 mart kuni Toshkent viloyati sobiq bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldosheva va boshqalarga nisbatan ko‘rilayotgan ish bo‘yicha navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda sudlanuvchi Ro‘zmetovning advokati, marhum F.Rustamovning turmush o‘rtog‘i va boshqa sudlanuvchilar sudning muzokara qismida so‘nggi so‘zlarini aytishdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Sudlanuvchi Sheyxnazar Ro‘zmetovning advokati sudning muzokara qismida himoyasi ostidagi Ro‘zmetovga qo‘yilgan ayblovlarni olib tashlashni so‘radi. Shuningdek, Ro‘zmetovning oddiy oiladan ekani, hali talaba bo‘lib, diplomini ham qo‘liga olmaganini ta'kidladi.

Himoyachi, Ro‘zmetov bakalavriatga ham, so‘ng magistraturaga ham grant asosida qabul qilingani, davlat shuncha vaqt tekin o‘qitib, endi javobgar qilib yuborishi noto‘g‘ri ekanini qo‘shimcha qildi.

Shuningdek, muzokarada marhum F.Rustamovning turmush o‘rtog‘i ham so‘nggi so‘zlarini aytdi. U suddan aybdorlar aybiga yarasha jazolanishini so‘radi.

Sud majlisida Yo‘ldosheva suddan sudning muzokara qismida so‘nggi so‘z o‘rnida fikrlarini bildirish uchun 2 kun vaqt so‘radi. Yo‘ldoshevaning muzokara so‘zi keyingi sud majlisiga qoldirildi.

Sud 18 martga qadar tanaffus e'lon qildi.

Mavzuga oid