Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Erondagi urush qanday yakunlanishi mumkin: 5 ta ehtimoliy ssenariy
Hech qanday ogohlantirishsiz boshlangan Erondagi urushning yakuni ham xuddi shunday bo‘lishi mumkin.
AQSh prezidenti Donald Tramp va uning urush vazirligi berayotgan bir-biriga zid signallar – ittifoqchilar, moliyaviy bozorlarni Eron urushi qanday yoki qachon tugashi borasida o‘yga toldirmoqda.
Masalan, 9 mart kuni prezident Tramp respublikachilarning yillik yig‘ilishida AQSh urushda allaqachon g‘alaba qozonganini, «lekin hali yetarlicha g‘alaba qozonmaganini» aytdi. Bu bayonot uning CBS News telekanaliga urush «deyarli to‘liq yakunlandi» deb aytganidan bir necha soat o‘tib yangradi.
Shu bilan birga, mudofaa vaziri Pit Hegset 10 mart – seshanba kunini «zarbalarimizning hozirga qadar eng shiddatli kuni bo‘ladi» deb ta’kidladi.
Buning yomon taraflaridan biri – urush yechim topmagan har bir hafta AQSh ichidagi iqtisodiy qiyinchiliklarni va Yaqin Sharq mamlakatlaridagi beqarorlikni chuqurlashtirmoqda. Bu esa amerikaliklar kutayotgan oraliq saylovlar oldidan Tramp va uning partiyasi uchun siyosiy xavfni oshiradi.
Oq uyga yaqin ko‘riladigan Axios nashri Eron urushi yakunlanishi mumkin bo‘lgan beshta taxminiy ssenariyni tuzdi.
1. Muzokaralar orqali o‘t ochishni to‘xtatish va yadroviy kelishuv
Eronning yadro quroli dasturiga chek qo‘yish «Epic Fury» (Buyuk g‘azab) operatsiyasi boshlanganidan beri Trampning asosiy maqsadlaridan biri bo‘lib kelmoqda.
Eron va AQSh urush boshlanishidan bir necha kun oldin Jyenevada bilvosita yadroviy muzokaralarning uchta raundini o‘tkazdi. Biroq Trampning vakillari yakunda Tehron kelishuv borasida jiddiy harakat qilmayapti, degan xulosaga keldi.
Tramp dushanba kuni Fox News telekanaliga bergan intervyusida muzokaralar qayta tiklanishi «mumkin»ligini aytdi. Biroq u Eron Oliy rahbari sifatida marhum otasining o‘rniga tanlangan Mujtaba Xominaiy nomzodidan hafsalasi pir bo‘lganini aytdi.
Aslida zarbalar boshlanishidan bir kun oldin Ummon vositachilari – Eron boyitilgan uran zaxiralarini hech qachon to‘plamaslikka rozi bo‘lganini va tinchlikka «erishish mumkin»ligini aytishgan edi. Urush kelajakdagi muzokaralarga qanday ta’sir qilishi hozircha noma’lum.
2. Venesuela modeli
Tramp Eron uchun namuna sifatida Venesuelani ko‘rsatib kelmoqda. AQSh yanvar oyida prezident Nikolas Maduroni qo‘lga olgan va uning vorisi – vitse-prezident Delsi Rodriges bilan ishchi munosabatlar o‘rnatgandi.
Xususan, Tramp dushanba kuni Mujtabaning tayinlanishini «katta xato» degan va yangi oliy rahbar uzoq vaqt qolmasligiga shama qilgandi.
Ammo vaziyatga real qaraganda geografik sharoitni hisobga olmaganda ham, Eron–Venesuela qiyoslovi unchalik jiddiy emas. Tahlilchilarning fikricha, ularni bir-biriga teng deb hisoblash – Islom Respublikasining kuch tuzilmasini noto‘g‘ri tushunishdir.
Eron – 47 yillik sanksiyalar, urushlar va ichki qo‘zg‘olonlardan omon qoldi. O‘zini har qanday yakka rahbardan ko‘ra uzoqroq yashashga mo‘ljallangan harbiy, diniy va siyosiy institutlar bilan mustahkamlagan.
Nashrning yozishicha, rejim o‘zgarishini talab qilayotgan eronlik namoyishchilar uchun – tizim ichidan chiqqan va AQSh qo‘llab-quvvatlaydigan rahbar ozodlik emas, balki xiyonat sifatida ko‘rilishi mumkin.
3. Xalq qo‘zg‘oloni va rejimning qulashi
Mualliflarning yozishicha, Eronda tanazzul ehtimoli real sharoitga yaqin. Chunki, oyatulloh Xominaiy vafot etgan, iqtisodiyot tubga qulagan va Eron urush boshlanishidan bir necha hafta oldin yirik namoyishlarni ko‘rdi.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu ham shuni xohlaydi. U zarbalarni «Eron xalqi o‘z taqdirini o‘z qo‘liga olishi uchun sharoit yaratish» deb baholagandi.
Ammo Eron muxolifatining yagona rahbari va joylarda uyushgan kuchi yo‘q. Surgundagi valiahd shahzoda Rizo Pahlaviy eng mashhur muxolifat arboblaridan biri. Biroq Tramp uchun u ishonchli emas. Sababi Pahlaviy qariyb 50 yildan beri Eronda yashamagan.
Rejimni ag‘darish uchun Isroil tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan kurd kuchlari quruqlikda ba’zi yordamlarni ko‘rsatishi mumkin. Biroq bunday vaziyatda xavf-xatarlar juda katta: Eron – yillar davomida Suriyani o‘z domiga tortgan fuqarolar urushi kabi holatga tushib qolishi mumkin.
4. Maxsus kuchlarning yadroviy zaxiralarga reydi
Axios muxbirlari Barak Ravid va Mark Kaputoning xabar berishicha, AQSh va Isroil Eronning yuqori darajada boyitilgan uran zaxiralarini jismoniy nazoratga olish yoki yo‘q qilish uchun u yerga maxsus kuchlarni yuborish masalasini muhokama qilgan.
Ushbu ssenariyga ko‘ra, urush siyosiy kelishuv bilan emas, balki yadroviy tahdidni jismoniy jihatdan yo‘q qilish bilan yakunlanadi.
Ammo ushbu missiya – hali ham ballistik raketalar otayotgan mamlakat hududiga quruqlikdagi qo‘shinlarni kiritishni talab qiladi.
5. Tramp g‘alaba e’lon qiladi va qo‘shinlarni olib chiqadi
Bu ssenariyda Tramp Eronning raketa va dron imkoniyatlari yetarli darajada zaiflashtirildi deb qaror qiladi, tarixiy g‘alabani e’lon qiladi. Shuningdek, u Tehrondagi asosiy siyosiy vaziyat hal qilingan yoki yo‘qligidan qat’iy nazar, qo‘shinlar hujumini to‘xtatadi (yoki olib chiqadi).
Yirik moliyaviy bozorlar aynan shuni kutmoqda – AQSh tezda chiqib ketishga umid bog‘lamoqda. Ayniqsa mamlakat ichidagi iqtisodiy qiyinchiliklar prezident uchun jiddiy siyosiy muammoga aylanish xavfi tug‘ilganda bu dolzarb masala.
Shu bilan birga, Trampning o‘zi «noto‘g‘ri rahbar»ning hokimiyat tepasiga kelishi – AQShni «besh yildan keyin» yana urushga qaytishga majbur qilishini aytgandi.
Operatsiyani yakunlash Isroilning roziligini ham talab qilishi mumkin. Isroil bir tomonlama harakat qilishga tayyorligini aytgan: Vashington yordami bilan yoki usiz Eronning yadroviy tahdidini butunlay yo‘q qilishga va’da berdi.
Xulosa qilib aytganda, Erondagi urush 28 fevral kuni to‘satdan va hech qanday ogohlantirishsiz boshlandi. Uning yakuni ham xuddi shunday bo‘lishi mumkin.