O‘zbekiston | 15:00 / 18.08.2020
16067
6 daqiqa o‘qiladi

Pnevmoniya bilan asoratlangan COVID-19 surunkali kechishga o‘tishi mumkinmi? Tadqiqot natijalari

Ko‘pchilik odamlarda hech qanday alomatlarsiz yoki aksincha, kasallik yengil simptomlar bilan kechsa-da, COVID-19 shuningdek, o‘tkir nafas yetishmovchiligi sindromi va o‘lim bilan tugaydigan og‘ir pnevmoniyaga sabab bo‘lishi mumkin. COVID-19 kasalligining og‘ir kechishi bemorning yoshi, chekish va ba'zi yondosh kasalliklar, masalan, qandli diabet, arterial gipertenziya va o‘pkaning obstruktiv kasalliklari bilan bog‘liq.

Foto: Dreamstime

Toshkent Tibbiyot akademiyasi Ko‘p tarmoqli klinikasi terapiya reanimatsiya bo‘limi shifokorlari tomonidan bo‘limda davolangan 50 nafar bemorda o‘tkazilgan retrospektiv tekshiruvlar tahlillariga ko‘ra, bemorlarda pnevmoniya bilan bir qatorda kardit, nefrit, gepatit (yurak, buyrak va jigar zararlanishi) aniqlandi. Bu esa kasallikning tizimli tarzda, ya'ni bir nechta a'zoning zararlanishi bilan kechishini ko‘rsatadi. 

Bundan tashqari, kasallikning kechishi, kortikosteroid terapiyaning samaradorligi, C-reaktiv oqsil titrining barcha bemorlarda oshishi kasallik patogenezida autoimmun zararlanish ustunligi yotishini ko‘rsatadi. Shu sababli pnevmoniya bilan kasallangan bemorlarda autoimmun yallig‘lanish bor yoki yo‘qligini aniqlash zarurati tug‘ildi. Statsionar davolanayotgan 30 nafar bemorda antinuklear antitanacha uchun qon tahlili o‘tkazilganida 18 nafar bemorda (60 foiz) musbatligi aniqlandi.

Antinuklear antitanacha (ANA) – bu autoimmun yallig‘lanishning spetsifik ko‘rsatkichi bo‘lib, revmatologik amaliyotda tizimli kasalliklarni: SKV, tizimli sklerodermiya, revmatoid artrit, dermatomiozit, Shegren kasalligi va boshqalarni aniqlash maqsadida qo‘llaniladi. COVID-19'ning asorati sifatida rivojlangan pnevmoniyali 60 foiz bemorlarda ANAning musbatligi kasallikning autoimmun yallig‘lanishli xarakterga ega ekanligini yana bir marta isbotlaydi. 60 foiz bemorlarda autoimmun zararlanishning mavjudligi autoimmun zararlanishga moyil insonlarda SARS-CoV-2 virusi ta'sirida autoimmun yallig‘lanish rivojlanishini ko‘rsatadi. Bu esa kasallikning kelajakda surunkali kechishiga o‘tishi mumkinligini yoki boshqa autoimmun yallig‘lanish bilan kechadigan kasalliklarga o‘xshash remissiya va kasallikning qo‘zish davri bilan almashinishi ehtimolini kuchaytiradi.

Bunday xulosaga kelishimizga sabab, ikki tomonlama pnevmoniya bo‘lib tuzalgan, lekin hozirda hech qanday shikoyatlar bildirmagan, ya'ni kasallik belgilari bo‘lmagan insonlarda ham “ANA”ning musbatligi yuqoridagi farazni tasdiqlaydi. Demak, ushbu kasallik ham autoimmun yallig‘lanish bilan kechsa, revmatologik amaliyotda revmatoid artrit, tizimli qizil bo‘richa, dermatomiozit kabi kasalliklarni davolashda qo‘llaniladigan yallig‘lanishga qarshi va immunosupressiv ta'sir ko‘rsatuvchi dorilarni qo‘llash davolashda muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu dorilarning virusga qarshi hech qanday ta'siri bo‘lmay, biroq virusning asorati natijasida rivojlangan autoimmun yallig‘lanish jarayonini kamaytirib, bartaraf etishga yordam beradi. Shu sababli immunodepressant dori vositalarini ham davolash standartlariga qo‘shishni o‘ylab ko‘rish zarur. Bundan tashqari, shifoxonada davolanayotgan va kasallikdan tuzalgan insonlarning autoimmun zararlanishga moyilligi bor yoki yo‘qligini aniqlash hamda faqat moyilligi bor bemorlarga uch oy davomida glyukokortikosteroid terapiya va immundepressantlarni qo‘llash, shuningdek bunday bemorlar revmatolog shifokor tomonidan kuzatuvda bo‘lishi kerak bo‘ladi.

Yevropada mamlakatlarida o‘rganilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, immunosupressiv davo olayotgan bemorlar guruhida bunday dori vositalari olmayotgan bemorlar va sog‘lom nazorat guruhidagi insonlarga nisbatan COVID-19 nisbatan yengil kechgan yoki hech qanday shamollash belgilari kuzatilmagan. Moskvada o‘tkazilgan patologanatomik tadqiqotlarga ko‘ra, COVID-19 kasalligidan vafot etgan 2000 nafar bemor tekshirilganida, ular orasida 3 nafar revmatoid artrit, 1 nafar SKV bilan kasallangan bemor aniqlangan, xolos. Holbuki, revmatologik bemorlarning (revmatoid artrit, SKV, tizimli sklerodermiya, dermatomiozit) immuniteti zaif bo‘lib, mavsumiy gripp bilan kasallanish ko‘rsatkichi yuqori bo‘ladi. Lekin COVID-19 bilan kasallangan revmatologik bemorlarda kasallik simptomsiz yoki yengil asoratlar bilan o‘tmoqda. Bunga ushbu bemorlar doimo gormonal va immunodepressant dori vositalarini ichib yurishini sabab qilib ko‘rsatish mumkin.

Shuningdek, pnevmoniya bo‘lib tuzalgan 10 nafar bemorda tizimli vaskulit rivojlanishi kasallikning autoimmun xarakterga ega ekanligini tasdiqlaydi. Kasallik o‘tkazgan ba'zi bemorlarning bo‘g‘im og‘riqlaridan shikoyat qilishi, bemorlarda tana haroratining uzoq muddat yuqori bo‘lishi va ushbu holatda antibakterial davoning samarasizligi SARS-CoV-2 virusi asorati sifatida biriktiruvchi to‘qimaning autoimmun zararlanishini xulosa qilib aytganda, ushbu kasallik pnevmoniya emas, balki pnevmonit, ya'ni o‘pkaning autoimmun zararlanishidir. Chunki o‘pka to‘qimasida infiltratsiya rivojlangani yo‘q, balki fibrozlanuvchi alveolit rivojlanyapti. COVID-19'ning asorati sifatida organizmda autoimmun yallig‘lanish rivojlanmoqda. Buning natijasida bemorlarda pnevmonit, kardit, nefrit, gepatit yuzaga keladi. Shunday ekan, kasallikni davolashda asosiy e'tiborni glyukokortikosteroid terapiya va immunodepressant davoga qaratish lozim.

Agar kasallikni autoimmun yallig‘lanish bilan o‘tadi deb qaraydigan bo‘lsak, bizning asosiy vazifamiz kasallikning surunkaliga o‘tishini va qaytalanishining oldini olishdir. Buning uchun barcha bemorlarda autoimmun yallig‘lanish bor yoki yo‘qligini aniqlash, aniqlangan holda kasallikdan tuzalib chiqqan bemorlarni eng kamida 1 yil davomida dispanser nazoratiga olishimiz zarur. Bemorlarni davolashga bunday yondashuv kelajakda kasallik qaytalashi yoki surunkali kechishiga o‘tishining oldini oladi hamda eng muhimi, bemorlarning umrbod nogironga aylanishining profilaktikasi sanaladi.

Albatta, yuqoridagilar fikrlar dastlabki tekshiruvlar xulosasi, xolos. Tadqiqotlar hali davom etmoqda.

Nurbek Asqarov,
Dildora Nabiyeva,
Toshkent Tibbiyot akademiyasi,
1 son Fakultet va gospital terapiya kafedrasi.

Mavzuga oid