O‘zbekiston | 12:26 / 25.04.2021
19353
9 daqiqa o‘qiladi

Lotin yozuvi bo‘yicha qonun loyihasi muhokamasi muddati uzaytiriladi. Bunga olimlar o‘rtasidagi ziddiyat sababmi?

2021 yilning 16 mart kuni «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgandi.

Unga ko‘ra, alifboda mavjud harf birikmalari: «sh» va «ch», shuningdek, «o‘» va «g‘» harflarini diaktrik belgisiz harflar bilan almashtirish taklif etildi.

31 mart kuni esa alifbo muhokamasi bo‘yicha belgilangan so‘nggi muddat yakunlandi. Bu bo‘yicha qonun loyihalari muhokamasi sayti – regulation.uz’da ko‘plab takliflar bildirildi, muhokama qilindi. Masalan, bildirilgan izohlar statistikasiga qaralsa, foydalanuvchilar tomonidan mingdan ortiq izoh yozilganini ko‘rish mumkin. Aniqrog‘i, 1035ta izoh.

Xo‘sh, bu ma'lumotlarni nega eslatyapmiz? Bir qaraganda hammasi joyida va muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi hech bir muammosiz parlamentga kirishi kerakdek edi. Ammo bir necha kun avval Kun.uz’ga yetib kelgan bir ma'lumotga ko‘ra, qonun loyihasi muhokamasi yana oxiri noaniq muddatgacha cho‘zilgan.

Manbaga ko‘ra, shu sohadagi bir olimning «shoshilmaslik kerakligi» haqidagi yuqori bir idoraga yoki mansabdor shaxsga yozgan xati bunga sabab bo‘lgan.

Qo‘shimcha qilinishicha, Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti tomonidan taqdim etilgan alifbo loyihasi tasdiqdan o‘tib ketayotgani va bu o‘sha olimning takliflariga mos kelmagani uchun muddatni imkon qadar cho‘zdirishga harakat qilyapti. Bu cho‘zilgan muddatda esa alifboga yana yangiliklar kiritish mumkin. Masalan, yana qo‘shimcha harflar yoki yangi unli harflar.

Muhokama jarayonlaridan xabardor manbaning bu ma'lumotini tekshirish asnosida biz jurnalist Shuhrat Shokirjonov o‘z telegram-kanalida e'lon qilgan quyidagi postiga ham duch keldik:

«Xullas, yana bir avlod kutamiz…» sarlavhali ushbu postda qisqacha aytganda, lotin alifbosini takomillashtirish masalasiga yana vergul qo‘yilgani bayon qilinadi.

«Bu bo‘yicha muhokamalarni yil oxirigacha cho‘zish bo‘yicha topshiriq berilibdi. «Nega?» — deb hayron bo‘larsiz. Katta juz'iy sabab yo‘q. Sababi o‘sha — o‘zbekning azaliy va mashhur cho‘pchasi», deb yozadi jurnalist.

Shuhrat Shokirjonov

(Postni uning ayrim qismlarida his-hayajonga berilish holatlari bo‘lgani uchun ham to‘la keltirishni lozim topmadik.)

Biz tahririyatimizga yetib kelgan va jurnalistning postida yozilgan fikrlarga aniqlik kiritish maqsadida bir-biridan mustaqil va voqealar borishidan xabardor yana ikki manbadan izoh olishga muvaffaq bo‘ldik.

Ismi sir qolishini qat'iy iltimos qilib, gapirgan manbalarga ko‘ra, yuqoridagi fikrlar haqiqatdan yiroq emas. Ya'ni alifbo muhokamasi yana noaniq muddatga cho‘zilishi aynan bir olimning yuqori idoraga yoki amaldorga yozgan xati asosida qilingan ish.

Biz yozuv islohi bo‘yicha ishchi guruh a'zolari: soha olimlari Nizomiddin Mahmudov va Shuhrat Sirojiddinov hamda Ma'naviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti mudiri Abdug‘affor Qirg‘izboyev bilan intervyu uyushtirdik.

Intervyu davomida ulardan butun bir xalq masalasining kechikishiga nima yoki kim sababchi bo‘layotgani haqida so‘radik.

«Har holda har qanday ish yanayam puxta, mukammal bo‘lgani, u yoki bu o‘rinli taklif bo‘lsa, yangi alifboda aks etgani yaxshi», – deydi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori Nizomiddin Mahmudov muhokama muddati cho‘zilishini izohlarkan.

Nizomiddin Mahmudov

Uning qo‘shimcha qilishicha, muhokama yana bir muddatga cho‘zilishiga olimlar o‘rtasidagi kelishmovchilik sabab emas.

«Bu kelishmovchilik emas, balki muayyan fikrlarni umumlashtirishda biror fikrni chetda qoldirmaslik», – ta'kidlaydi olim.

O‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinovga ko‘ra, O‘zbekiston 2023 yildan boshlab to‘liq lotin yozuviga o‘tar ekan, bunda yangi alifbo masalasi ham hal qilib olinishi kerak.

Shuhrat Sirojiddinov

«Alifbo bo‘yicha muhokamalar hech bo‘lmasa, 3–4 yoki 5–6 oy bo‘lishi kerak deb hisoblayman.

Chunki hali kimdir ikkilanib turibdi. Zarurmi-yo‘qmi deb. O‘sha inson «yangi alifbo zarur ekan, to‘g‘ri ekan», deguncha biz tushuntirish ishlarini olib borishimiz kerak. Tushuntirish esa albatta muhokama yo‘li bilan bo‘ladi.

Mayli, u fikrini aytsin, biz fikrimizni aytaylik. Biz shu to‘rtta harf o‘zgarishi tarafdorimiz («sh» va «ch», hamda «o‘» va «g‘» harflari nazarda tutilmoqda – tahr). Biz yangi yozuv hammaga ma'qul kelishi va unga boshqa qaytib kelinmasligi tarafdorimiz», – deydi rektor.

Ma'naviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti mudiri Abdug‘affor Qirg‘izboyevga ko‘ra ham yozuv bo‘yicha muhokamalar muddati cho‘zilishini olimlarning o‘zaro kelishmovchiligiga bog‘lash shunchaki mish-mish.

«Biz lotin yozuviga o‘zgartishlar kiritish bo‘yicha qonun loyihasini umumxalq muhokamasiga qo‘ygan edik. Bu muddat yana cho‘zilayotgani bir-ikkita olimga bog‘lanishi – mish-mish. Bunga e'tibor qilmaslik kerak. Buni bir yoki ikkita olim hal qilmaydi.

O‘rtada juda katta va nufuzli ishchi guruh tuzilgan. Ishchi guruh buni tayyorladi va umumxalq muhokamasiga qo‘ydi. Muhokamalar jarayonida xalqimizning ma'lum bir qismi, ziyolilar shu to‘rtta harf haqiqatda qo‘shilishi kerak degan fikrga kelayotgan bo‘lsa, yana ayrimlar bunga zarurat yo‘q degan fikrni bildirdi. Ular buni mablag‘ga bog‘lashyapti.

Biz endi olimlar va ziyolilar bilan kelishdikki, bu shoshma-shosharlik bilan qilinadigan ish emas. Shuning uchun bu harflar bo‘yicha umumxalq muhokamasini yana davom ettiraylik. Buning muddatini cho‘zaylik degan fikrga keldik. Bu yerda 35 mlnlik xalq to‘g‘risida gap ketyapti. Mish-mishlarga esa e'tibor bermaslik kerak», – deydi mudir.

Abdug‘affor Qirg‘izboyev

Ko‘rganingizdek, suhbatdoshlarimiz bizga yetib kelgan ma'lumotlarni rad etmoqda. Aniqrog‘i, bunga olimlarning o‘zaro manfaatlar tortishuvi sabab emas deyishdi. Lekin yozuv bo‘yicha muhokama noaniq muddatga kechikkanini ular ham tasdiqlashdi.

Masalaning aynan shu qismiga kelganda paydo bo‘layotgan qator savollar yuzasidan mas'ul idoralardan javoblar kutib qolamiz.

Xo‘sh, qonun loyihasi bo‘yicha qat'iy belgilangan muddat yana cho‘zilishi, ortga surilishi mumkinmi o‘zi? Buning uchun kim vakolatli bo‘ladi? Oldindan qandaydir ogohlantirishlar bo‘lishi kerak emasmi? Bir kishining xati butun xalq masalasining ortga surilishi uchun asos bo‘la oladimi?

Aytgancha, garchi suhbatdoshlarimiz rad etishayotgan bo‘lsa-da, yozuv masalasida muddat kechikkani aniq.

Shu o‘rinda, biz alifbo islohotiga mas'ul olimlarimizni yana bir bor birdamlikka, jipslikka chaqirmoqchimiz. Zero, millat, xalq masalasi o‘rtaga chiqqanda, qolganlari ahamiyatini yo‘qotishi kerak.

Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘tishni ta'minlash bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» tasdiqlangan. Maqsad ham aniq – tezroq lotin yozuviga o‘tish.

Ziyolilarimiz zimmasida xalqni shu maqsadga burilmasdan, og‘ishmasdan, qandaydir manfaatlarni chetga surib, eng qulay alifbo bilan boshlab borishi qolgan, xolos.

Olimlik mas'uliyati shunday paytda o‘rtaga chiqishi kerak, nazarimizda.

Ilyos Safarov tayyorladi.

Tasvirchi va montaj ustasi – Otaxon Yusupov.

Mavzuga oid