Jahon | 12:23 / 02.09.2025
3476
4 daqiqa o‘qiladi

Belgiya Falastinni tan oladi va Isroilga sanksiyalar qo‘llaydi

Belgiya tashqi ishlar vazirligi G‘azodagi vaziyatni o‘zgartirishga urinish uchun BMT Bosh Assambleyasida Falastin davlatini tan olishini ma’lum qildi. Shuningdek, Belgiya bosib olingan hududdan keladigan mahsulotlar importini taqiqlash, Isroil kompaniyalari bilan davlat xaridini ko‘rib chiqish, Isroilning radikal vazirlarini «persona non grata» ro‘yxatiga kiritish kabi milliy darajada sanksiyalar kiritadi.

Foto: Getty Images

Belgiya sentabr oyida bo‘lib o‘tadigan BMT Bosh Assambleyasida Falastin davlatini tan oladi. Bu haqda mamlakat tashqi ishlar vaziri Maksim Prevot ma’lum qildi. Bu qaror Avstraliya, Britaniya, Kanada va Fransiyaning shunga o‘xshash qadamlaridan so‘ng Isroilga xalqaro bosimni kuchaytiradi.

Reutersʼning yozishicha, G‘azodagi urushi uchun tobora ko‘proq xalqaro tanqid ostida qolayotgan Isroil — Falastin davlatini rasman tan olish va’dalaridan g‘azabda. Prevot X ijtimoiy tarmog‘ida yozishicha, Belgiya «Nyu-York deklaratsiyasi» imzolovchilariga qo‘shiladi. Bu esa ikki davlatli yechim yo‘lini ochadi — Falastin davlati Isroil bilan yonma-yon tinchlikda yashashi mumkin bo‘ladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Belgiya Falastin davlatini Fransiya va Saudiya Arabistoni boshchiligidagi qo‘shma diplomatik tashabbus doirasida tan oladi. Bu qadam siyosiy signal sifatida tavsiflanib, Isroilning mustamlaka qurilishi va hududlardagi harbiy mavjudligini ham qoralashga qaratilgan.

«Bu Isroil xalqini jazolash haqida emas, balki uning hukumati xalqaro va humanitar huquqqa rioya qilishi hamda vaziyat joyida ijobiy tomonga o‘zgarishi uchun harakat qilish haqida», deydi vazir.

Foto: Reuters

Shuningdek, Belgiya milliy darajada 12 ta qat’iy sanksiya joriy qiladi. “Ular jumlasiga quyidagilar kiradi: mustamlakalardan keladigan mahsulotlarni import qilishni taqiqlash, isroillik kompaniyalar bilan davlat xarid siyosatini qayta ko‘rib chiqish, xalqaro huquqqa ko‘ra noqonuniy mustamlakalarda yashayotgan belgiyaliklarga konsullik yordamlarini cheklash, sud ta’qiblari ehtimoli, uchish va tranzitga taqiq, mamlakatimizda ikki ekstremistik isroillik vazirni, bir necha zo‘ravon ko‘chmanchilarni va Hamas rahbarlarini «persona non grata» ro‘yxatiga kiritish…”

Bundan tashqari, Belgiya Yevropa darajasida Isroil bilan hamkorlikni to‘xtatishga qaratilgan choralarni qo‘llab-quvvatlaydi. «Buning uchun malakali ko‘pchilik ovozi kerak bo‘ladi. Bunga Yevropa Ittifoqi bilan assotsiatsiya bitimini to‘xtatish, ilmiy-tadqiqot dasturlarini, texnik hamkorlikni to‘xtatish va hokazolar kiradi».

OAVning yozishicha, Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari shanba kuni Kopengagenda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda G‘azo urushi bo‘yicha ikkiga bo‘lingan: ba’zilari Ittifoqni Isroilga jiddiy iqtisodiy bosim o‘tkazishga chaqirdi, boshqalari esa bunday choralarni qat’iy rad etdi.

Prevot aytishicha, Belgiya Isroil hukumati va Hamasga bosimni kuchaytirish qarorini qabul qildi. U, shuningdek, Belgiyaning Falastinni qayta tiklashga sodiqligini ta’kidladi va mamlakat «Antisemitizmga qarshi yangi tashabbuslarini ilgari surishini» qo‘shimcha qildi.

Foto: Getty Images

AQSh o‘tgan juma kuni Falastin ma’muriyati prezidenti Mahmud Abbos va boshqa rasmiylarning sentabr oyida BMT sammitiga borishiga to‘sqinlik qilishini e’lon qildi. Ularning vizasi bekor qilindi. Aynan shu sammitda AQShning bir nechta ittifoqchilari Falastinni davlat sifatida rasman tan olishi kutilmoqda.

Isroillik rasmiylarga ko‘ra, Isroil Fransiya va boshqa davlatlarning Falastin davlatini tan olishiga javoban bosib olingan G‘arbiy Sohilni anneksiya qilishni o‘ylamoqda.

2024 yilda BMTning eng yuqori sudi Isroilning Falastin hududlarini, jumladan G‘arbiy Sohilni bosib olishi va u yerdagi mustamlakalarini noqonuniy deb topdi hamda imkon qadar tezroq chiqarib yuborilishi kerakligini hukm qildi.

Mavzuga oid