Jahon | 12:59 / 30.08.2025
7311
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Mahmud Abbos va Falastin ma’muriyati a’zolarini BMT yig‘ilishiga kiritmaslik uchun ularning vizasini bekor qildi

AQSh davlat departamenti Falastin ma’muriyati prezidenti Mahmud Abbosni va yana 80 nafar falastinlikni vizadan mahrum qilishga qaror qildi. G‘arbiy Sohilda joylashgan Falastin rasmiylari sentabrda Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tadigan BMTning yig‘ilishiga borishi kerak edi. Yuqori darajadagi yig‘ilishda AQShning bir nechta ittifoqchilari Falastinni tan olishi kutilmoqda.

Foto: Daily Sabah

Amerika Qo‘shma Shtatlari Davlat departamenti Falastin ma’muriyati prezidenti Mahmud Abbosni kelasi oy Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tadigan BMTning dunyo yetakchilari yig‘ilishiga borishiga ruxsat bermadi.

Davlat departamenti rasmiysining aytishicha, bu qaror natijasida Abbos va yana qariyb 80 nafar falastinlik rasmiylar vizadan mahrum qilinadi yoki ularning vizalari bekor qilinadi. Ular G‘arbiy Sohilda joylashgan Falastin ma’muriyati a’zolari hisoblanadi.

Mahmud Abbos Nyu-Yorkdagi BMT Bosh ofisi va Fransiya-Saudiya Arabistoni mezbonlik qiladigan sammitda ham qatnashishi kerak edi. Bu yerda Britaniya, Fransiya, Avstraliya va Kanada kabi davlatlar Falastinni rasman davlat sifatida tan olish majburiyatini olgan.

Abbosning idorasi viza berilmasligi qaroridan hayratda qolganini bildirdi va bu qaror BMTning «shtab-kvartira to‘g‘risidagi kelishuvi»ni buzishini ta’kidladi.

Reutersʼning yozishicha, 1947 yilda imzolangan «BMT shtab-kvartirasi to‘g‘risidagi kelishuv»ga ko‘ra, AQSh odatda xorijiy diplomatlarning Nyu-Yorkdagi BMTga kirishiga ruxsat berishi shart. Biroq Vashington xavfsizlik, ekstremizm va tashqi siyosat sabablarini ko‘rsatib vizani rad etishi mumkinligini bildirgan.

Davlat departamenti juma kuni o‘z qarorida AQSh va Isroilning uzoq yillik da’volarini takrorladi: «Falastin ma’muriyati va FOT ekstremizmni rad etmagan va Falastinni «bir tomonlama tan olish»ga intilmoqda». Falastinliklar bunday ayblovlarni rad etib, o‘nlab yillik AQSh vositachiligidagi muzokaralar Isroil bosqinini tugatmaganini va mustaqil Falastin davlatini ta’minlamaganini aytmoqda.

Davlat departamentining qo‘shimcha qilishicha, BMTdagi Falastin ma’muriyatining doimiy vakolatxonasi ushbu cheklovlarga kirmaydi. BMT matbuot kotibi Stefan Dujarrik bu masala BMT va AQSh o‘rtasidagi «shtab-kvartira to‘g‘risidagi kelishuv»ga muvofiq muhokama qilinishini bildirdi.

AQSh 1988 yilda ham FOT rahbari Yosir Arofatga viza bermagan edi. O‘sha yili BMT Bosh Assambleyasi uni tinglash uchun yig‘ilishni Nyu-York o‘rniga Jyenevada o‘tkazgandi.

Hozirga kelib, BMTning 193 a’zo davlatidan kamida 147 tasi Falastinni davlat sifatida tan olgan. Falastin BMTda Vatikan bilan bir xil – kuzatuvchi davlat maqomiga ega.

Falastinliklar uzoq vaqtdan beri Isroil tomonidan bosib olingan G‘arbiy Sohil va G‘azoda, poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan davlatni tuzishga intilmoqda. AQSh esa Falastin davlati faqat isroilliklar va falastinliklar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar orqali barpo etilishi mumkin, deya ta’kidlamoqda.

Mavzuga oid