Taraqqiyot asoslari, xususiylashtirish jarayonidagi nozik nuqtalar va davlat qarzi. AQShning Viskonsin universiteti biznes-maktabi doktoranti, iqtisodchi Behzod Hoshimov Kun.uz'ga bergan intervyusida shu kabi mavzularda o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Hoshimov Daron Ajyemo‘g‘li va Jyeyms Robinsonning “Nega ba'zi mamlakatlar boy, ba'zilari esa kambag‘al?” kitobining o‘zbek tiliga tarjima qilinishida ishtirok etgan. U suhbat avvalida yaqinda nashrdan chiqishi kutilayotgan kitob haqida to‘xtalib o‘tdi.

“Nega ayrim davlatlar boy, ayrimlari esa kambag‘al? Kimdir geografiyasini, ayrimlar iqlimini, yana kimdir dengizga chiqa olmaganini sabab qilib ko‘rsatadi. Kitobda mualliflar iqlim, madaniyat, shunga o‘xshagan narsalar taraqqiyotni yaxshi tushuntirmaydi, deb hisoblaydi. Shimoliy va Janubiy Koreya 70 yil oldin bitta mamlakat bo‘lgan. Hozir ular qanchalik farqli? Bu – ikki mamlakat qurgan institutlarga borib taqaladi.

Kitob boshlanishida Arizona shtati va Meksikadagi bir xil nomga ega Nogales shaharlari haqida gap boradi. Ikkalasida ham bir xil odamlar yashagan; faqat ularning biri AQShda, boshqasi Meksikada joylashgan. Ikkita davlat hududida joylashgan ikki shaharning institutlari har xil bo‘lgani uchun o‘sha yerdagi odamlarning hayoti ham bir-biridan ancha farq qiladi. Bu farq – tilida, iqlimi va madaniyatida emas, balki institutlarda.

Institut deganda inklyuziv (demokratik) yoki ekstraktiv shakllangan institutlar nazarda tutiladi.

Bir mamlakat, ya'ni Buyuk Britaniya ko‘p mamlakatlarni mustamlaka qilgan, lekin bu mustamlaka mamlakatlarning kelajagi har xil bo‘lib ketgan. Nima sababdan shunday bo‘lgan? Kelgindi mustamlakachilar mamlakatga qarab institutlarni har xil qurishgan. Hindistonda ekstraktiv institutlar qurishgan, chunki mustamlakachilarning Hindistondagi maqsadi mamlakat boyliklarini olib tezroq chiqib ketish bo‘lgan. AQSh, Yangi Zelandiya va boshqa mamlakatlarda qurilgan institutlar esa inklyuziv bo‘lgan. Masalan, Avstraliya Britaniyadagi hibsga olingan insonlar yashaydigan mamlakat hisoblangan. AQShdagi koloniyalar ham Britaniyaning eng ilg‘or odamlari boradigan makon bo‘lmagan. Shunga qaramay, ular rivojlanib ketgan.

Mualliflar o‘ylashgan: nima uchun mustamlakachilar Shri-Lankada boshqacha, Virjiniyada boshqacha institut qurishyapti? Bu savolga javoban, tadqiqotchilar mustamlakachilarning o‘lim darajasiga qarashgan. Hindiston yoki Shri-Lankadagi mustamlakachilar kasallik va ob-havodan ko‘proq o‘lishgan va bu yerda ko‘p yashamaslikka qaror qilishgan. Mustamlakachilar Hindistonga kelishsa, bu yer bilan kelajagini bog‘lamaslikka harakat qilgan va natijada ular qurgan institutlar mustahkam bo‘lishi shart bo‘lmagan. AQShda o‘lim darajasi kamroq bo‘lgani uchun ular qurmoqchi bo‘lgan institutlar muqimroq bo‘lgan.